Kontent qismiga oʻtish

Gʻoziy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(G'oziydan yoʻnaltirildi)
Gʻoziy
Tavalludi XVIII asrning 2-yarmi
Vafoti tax. 1818-yil
Qoʻqon
Kasbi Shoir, muftiy

Gʻoziy (taxallusi; asl ismi: Muhammadgʻoziy; XVIII asrning 2-yarmi, Qoʻqontax.1818-yil, Qoʻqon) — oʻzbek shoiri.

Gʻoziy XVIII asrning oʻrtalarida Qoʻqonda tavallud topgan[1]. Yoshligidan „Gʻoziy“ taxallusi ostida oʻzbek va tojik tillarida ijod qilishni boshlagan va Buxoro madrasalarida tahsil olgan. Qoʻqondagi Madrasai Mirda mudarris boʻlib dars bergan va shahar muftiysi boʻlgan. U Akmal Xoʻqandiyning yaqin doʻsti boʻlgan va Fuzuliyni oʻziga ustoz bilgan. Gʻoziy 1818-yilda Qoʻqonda vafot etgan[1].

Sheʼrlarining mazmuni bilan ham, dunyoga, atrof-muhitga munosabatini koʻrsatishda, badiiy sanʼatlardan foydalanishda ham Fuzuliy yoʻli, uslubini qoʻllagan. Uning gʻazallariga muxammaslar bogʻlagan. Koʻproq lirik gʻazallar, taʼrix-sheʼrlar yozgan, devon tuzgan. Lirik sheʼrlarida inson qalbining kechinmalarini, orzu-istaklarini, quvonch va qaygʻularini kuylagan, chin insoniy muhabbat, goʻzallik va sadoqat, insonparvarlik va adolatparvarlikni ulugʻlagan.

Gʻoziy sheʼrlari XVIII asrning ikkinchi yarmi — XIX asr boshlaridagi ijtimoiy hayotning haqqoniy manzarasini koʻrsatishga, adabiy hayotda mavjud boʻlgan turli yoʻnalishlarning mohiyatini toʻlaroq yoritishga xizmat qiladi. Ijtimoiy lirikasida esa oʻsha davrda hukm surgan adolatsizlikdan, haqsizlikdan, baxtsiz toleidan shikoyat qiladi („Bukuldi qomatim...“, „Devonamen...“ va boshqalar). Taʼrix-sheʼrlari asosan ruboiy tarzida yozilgan boʻlib, koʻpchiligi shahar aʼyonlari va yirik amaldorlarning vafotiga bagʻishlangan. Didaktik mavzudagi asarlarida inson fazilatlarini yuqori tutish, hayotdaa kamtar boʻlish, inson qadrini yerga urmaslik, oʻz qadr-qimmatini saqlash zarurligi taʼkidlangan. Anʼanaviy „shiru shakar“ usulida musaddas va mustazod-tarjeʼ-bandlar ham yozgan; mustazodlarining ayrimlari original usulda yozilgan.

Gʻoziy devonining 4 qoʻlyozma nusxasi bizgacha yetib kelgan, ular Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida (inv. №121, 6117, 2296, 11) va Rossiya Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti Sankt-Peterburg boʻlimida (inv. №109) saqlanadi.

  1. 1,0 1,1 Hamidjon Xomidiy; Mahmud Hasaniy. Mashriqzamin hikmat boʻstoni. Toshkent: „Sharq“ nashriyotmatbaa konserni, 1997-yil — 251-bet.