Kontent qismiga oʻtish

Gʻulomqodir Rashidov

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Rashidov G'ulomqodir Rashidovich
Tavalludi 6-iyul 1926-yil
Toshkent
Vafoti 1-avgust 2020-yil
Toshkent
Millati Oʻzbek
Dini islom

Rashidov Gʻulomqodir Rashidovich (1926.6.7, Toshkent - 2020.1.08. Toshkent) — tarixchi olim, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1989), tarix fanlari doktori (1966), professor (1973). Oʻrta Osiyo universitetining tarix fakultetini tugatgan (1948). Shu universitetda katta oʻqituvchi (1951—54), Oy-bek nomidagi Oʻzbekiston xalklari tarixi muzeyining direktori (1952— 60, 1986—92), Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tarix va arxeologiya institutida katta ilmiy xodim (1960—67), Oʻzbekiston shaharlari tarixi sektorining mudiri (1967— 86), Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari (1992—97). R.ning ilmiy ishlari Oʻzbekistonning 20-asr 1-yarmidagi tarixi, shaharlar tarixi, shu jumladan, Toshkentning zamonaviy tarixiga bagʻishlangan.

1926-yil 6-iyulda Toshkent shahrining Beshyog'och dahasida tavallud topgan. 1943-yil O'rta Osiyo davlat universitetining tarix fakultetiga o'qishga kirgan. Ilmiy faoliyatini 1960-yildan O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida boshlagan. 1967-1986-yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix institutining “Shaharlar tarixi” bo'limi mudiri, 1960, 1986-1992-yillarda O'zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori vazifasida faoliyat ko'rsatgan.

Ilmiy faoliyati davomida O'zbekiston shaharlarining tarixini o'rganishga katta e'tibor berdi. 1960-1980-yillarda ko'pgina shaharlar tarixi, ularning jamiyatdagi ahamiyatiga oid ilmiy tadqiqotlar olib borildi. Uning rahbarligida Toshkent, Samarqand, Xorazm, Andijon, Qo'qon va boshqa shaharlar tarixini o'zida aks ettiruvchi qator ilmiy nashrlar chop etildi. Qadimgi shaharlar bilan bir qatorda XX asrda tashkil topgan shaharlar tarixi bo'yicha ham katta izlanishlar olib bordi. Olimning sa'y-harakati bilan Olmaliq, Bekobod, Chinoz, Navoiy, Boysun, Yangiyer, Guliston kabi o'nlab yangi shaharlar tarixini yaratildi.

O'zining muzeydagi faoliyati davomida muzey ekspozitsiyasini takomillashtirish, muzeyshunoslikka oid ilmiy asarlar nashr etish, muzey fondlarini boyitishda alohida faollik ko'rsatdi.

G'.Rashidov 160 dan ortiq ilmiy nashrlar, 300 dan ortiq maqolalar chop etgan. Shuningdek, uning rahbarligida 30 dan ortiq fan doktori va nomzodlari muvaffaqiyatli himoya qildi. O'zining ilmiy-pedogogik faoliyati davomida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti, Toshkent temir yo'l transporti muhandislari institutida talabalarga O'zbekiston tarixidan saboq berdi.

Bugungi kunda G'.Rashidovning ko'plab shogirdlari uning ilmiy maktabi davomchisi sifatida faoliyat ko'rsatmoqdalar. Tarix fanlari doktori, professor, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan fan arbobi Rashidov G'ulomqodir Rashidovich 2020-yil 1-avgust kuni 94 yoshida vafot etdi.

  • Qadimiy va navqiron shahar, T., 1995.