Kontent qismiga oʻtish

Gʻazalkent aksiyadorlik firmasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

"GʻAZALKENT" AKSIYADORLIK FIRMASI — oziq-ovqat sanoatining yirik korxonasi. "Oʻzmevasabzavotuzumsanoatxolding" kompaniyasi tarkibida. Asosan, meva va sabzavotlar asosida yuqori sifatli bolalar taomlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Tomat pastasi, uzum sharbati, meva boʻtqalari va pektinli ichimliklar, turli konservalar, marinadlangan sabzavotlar ishlab chiqaradi. 3-d qurilishi 1942-yilda evakuatsiya qilingan Grozniy konserva zavodi uskunalari bazasida 1943-yilda boshlangan. 1956—75-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi oziq-ovqat sanoati vazirligi, 1975—91-yillarda "Oʻzmevasabzavotuzumsanoat" agrosanoat uyushmasi tarkibida faoliyat koʻrsatdi. 1991-yildan ijara, 1994-yilda jamoa korxonasiga aylantirildi. 1996-yilda Italiyaning "SASIB FUD" firmasi bilan hamkorlikda soatiga 3 tonna pomidorni qayta ishlaydigan tomat pastasi liniyasi oʻrnatildi va eksportga mahsulot chiqara boshladi. 1998-yildan "Bolalar taomlari xolding" kompaniyasining shoʻba korxonasi — ochiq turdagi "Gʻazalkent" aksiyadorlik firmasi.

1998-yildan Amerikaning "Teksuna Interneyshnl LTD" firmasi bilan hamkorlikda qiyomli va meva boʻtqali olma, shaftoli, oʻrik boʻlaklari konservalarini ishlab chiqaradigan, quvvati soatiga 3 tonna boʻlgan yangi sex ishga tushirildi.