Kontent qismiga oʻtish

Gommoz

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(G‘o‘za gommozidan yoʻnaltirildi)

Gommoz (frans. gomma — yelim), yelim oqishi — asosan daraxtlar (danakmevalilar, sitruslar, tut daraxti va b.), shuningdek, oʻtsimon oʻsimliklar (gʻoʻza, kunjut va b.)da uchraydigan bakterial kasallik. G. choʻziluvchan, qahrabo-sariq yoki qoʻngʻir rangli shilimshiq modda ajralishi bilan kechadi. Oʻsish uchun noqulay sharoitlar, sovuq urishi, oʻsimlikning tashki taʼsirlar oqibatida jarohat olishi (poʻstlogʻining shilinib ketishi), hasharotlarning zararlashi va b. sabablar tufayli paydo boʻladi. G. koʻproq gʻoʻzaga zarar yetkazadi va kasallikni Xanthomonas malvacearum Smith, bakteriyasi qoʻzgʻatadi. Kasallik gʻoʻza nihollik davrida boshlanib, uning rivojlanishi oʻsish davri oxirigacha davom etadi. U gʻoʻza bargi, poyasida dogʻlar paydo qiladi. Kasallangan shoxlar sinadi, koʻsak esa burishib ochilmay, qotib qoladi, natijada sargʻayib, nobud boʻladi. Hasharotlar va sugʻoriladigan suv orqali tarqaladi. Oʻsimlik qoldiqlari va tuproqsa saqlanadi. Oʻsimlik bunday kasallikka uchraganda hosildorlik 60% gacha pasayib ketadi.

Kurash choralari: gʻuzapoya qoldiqlarini yigʻishtirib yuqotish; kuzgi shudgorni chuqur oʻtkazish; urugʻlikni kasallanmagan dalalardan tayyorlash va uni ekishdan oldin kimyoviy preparatlar (bronokot 6–7 kg/t) yoki nikamizalon (7 kg/t) bilan dorilash; danakmevali daraxtlar agrotexnikasini toʻgʻri tashkil etish, quyoshda kuyish va sovuq urishining oldini olish, daraxtlarni qoidaga muvofiq butash; sitrus ekinlarida tuproqni yaxshi drenajlash, oʻsimlikni toʻgʻri oziqlantirish, shuningdek, bordo suyuqligi purkash, poʻstloq shilingan joylarni tozalab, bogʻ malhami surkash.

Sulton Alimuhamedov.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil