Gavharshod begim meʼmoriy majmuasi
Gavharshod begim meʼmoriy majmuasi - 1) Mashhad (Eron) markazida Hirot hukmdori Shohrux Mirzoning xotini Gavharshod begim sharafiga (meʼmor Qavomiddin Sheroziy) qurilgan (1405—19) masjid. Atrofi ayvonli katta hovli (55x45 m) ning toʻrt tarafida toʻrt xona boʻlib, ularning jan.dagisi katta va gumbazli. Unga minorali ulkan peshtoq orqali kirilgan. Minoralar tepasi qafasa bilan bezatilgan. Masjidga rangli koshinlardan nafis va goʻzal bezaklar ishlangan. Masjidning shim. tomonida Imom Rizo maqbarasi, sharq tomonida Madrasa, gʻarbida esa shahar karvon saroyi joylashgan boʻlib, bular masjid bilan yoʻlakcha orqali oʻzaro bogʻlangan.
2) Hirot (Afgʻoniston) Musallosidagi katta meʼmoriy yodgorlik (1418— 38). Masjid, Madrasa va temuriylar avlodi maqbarasidan iborat boʻlib, Shoxruxning xotini Gavharshod begim saʼyehtimomi bilan 20-yil mobaynida qurilgan (keyinchalik maqbaraga Gavharshod begimning oʻzi, oʻgʻli Boysungʻur Mirzo dafn etilgan). Bosh meʼmor — Shohruxning saroy meʼmori Qavomiddin Sheroziy. Maqbara yoniga keyinchalik Husayn Boyqaro mahobatli Madrasa va xonaqoh qurdirgan. Katta kismi, jumladan madrasaning oʻzi ham saqlanmagan, maqbara, 8 minoradan 1 tasi, masjid va madrasaning harobalarigina saqlanib qolgan. Musalloning bosh binosi — masjid 106x64 m maydonni egallaydi. Baland peshtoqdan masjid hovli (52x49 m) siga kiriladi. Hovlining atrofi 4 ayvon va ikki qavatli turli xonalar bilan oʻralgan, u qurbon va roʻza hayitlari, juma namozlarini oʻqishga moʻljallangan. Gavharshod begim madrasasi hovlining shim.da boʻlib, masjidning ham, madrasaning ham burchaklarida minoralar boʻlgan, ular marmar va koshin qoplab bezatilgan. Murabba tarhli maqbara 1432-yilda qurib tugallangan, ayniqsa, uning qovurgʻali gumbazi oʻziga xos jozibali. Gumbaz sirkor gʻisht terib naqshlangan, uning qurilishida meʼmor Imomiddin, hirotlik ustalar — Xoja Mirali Hiraviy va Xoja Mirak Hiraviylar qatnashgan. Ichkaridagi nozik va nafis naqqoshlik bezaklarini Boysungʻur Mirzo yaratgan
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |