Kontent qismiga oʻtish

Sunʼiy buyrak

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Gemodializatordan yoʻnaltirildi)

Sunʼiy buyrak, gemodializator — xastalangan buyraklarning chiqaruv funksiyasini vaqtincha oʻtaydigan apparat. Asosiy vazifasi oʻtkir va surunkali buyrak yetishmovchiligida suv elektrolit va kislotaishqor balansini, qon tarkibini normal saqlash, moddalar almashinuvi mahsulotlarini va turli zaharlanishlardan hosil boʻlgan toksinlarni, shuningdek, shishganda organizmdagi ortiqcha suvni chiqarib tashlashdan iborat (gemodializ).

Amerikalik olim Abel 1913-yil dializ apparati kashf qilib, tajribada sinab koʻrdi. Keyinchalik gollandiyalik Willem Johan Kolff (1944-yil) Berk bilan hamkorlikda klinik talablarga birmuncha javob bera oladigan sunʼiy buyrak ixtiro qilib, amaliyotda ilk bor qoʻlladi.

Sunʼiy buyrakning ishlashi moddalarning qon va dializlaydigan maxsus eritmadagi konsentratsiyalari farqi tufayli yarim oʻtkazuvchi membranadan oʻtishoʻtmaslik xususiyatiga asoslangan: oqsillar, qonning shaklli elementlari, bakteriyalar, mol. m. si 30000 dan katta boʻlgan moddalar membranadan oʻtmaydi; azotli chiqindilar — mochevina (siydikchil), siydik kislota, kreatinin kabi organizmni zaharlovchi moddalar esa membranadan toʻsiqsiz oʻtib, maxsus eritmaga ajratib olinadi. Sunʼiy buyrak ishlaganda bemorning bilak venasidan nasosmexanik yurak yordamida venoz shunt orqali soʻrilayotgan qon dializator kapillyarlari orqali oʻtadi. Kapillyarlar sirti boshqa nasosdan beriladigan dializlovchi eritma bilan yuvib turilishi natijasida qon chiqindilardan tozalanadi.

Arterialvenoz (AVSH) bemorni sunʼiy buyrak apparatiga ulash vositasi boʻlib, keyinchalik takomillashtirildi va arterialvenoz fistula (AVF) ixtiro qilindi, lekin bu usulda tomirlarning varikoz kengayishi, venoz qon oqimining buzilishi kabi noxush holatlar kuzatiladi. AVFning kamkoʻstsiz varianti „Toshkent buyrakni koʻchirib oʻtkazish markazi“ning olimlari — akademik Oʻ.Oripov va shogirdlari tomonidan hal qilindi (1971-yil). Surunkali buyrak kasalligi bor bemorlarda ambulatoriya sharoitida zamonaviy AVF yordamida gemodializ oʻtkazish keng yoʻlga qoʻyildi.

Hozirgi AVF hosil qilishning amaliyotda turli modifikatsiyalari ishlab chiqiddi. Bemorlarni zudlik bilan gemodializga tayyorlash maqsadida (yuqori darajadagi uremiya, gipergidratatsiya, giperkaliyemiya) ularning markaziy venasiga (oʻmrov osti, son venasi, boʻyinturuq venalari) ikki yorikli kateter oʻrnatish keng qoʻllanila boshlandi. Gemodializ seanslari 4—8 soat davom etib, bu vaqtda qon ivib qolmasligi uchun unga geparin moddasi qoʻshib turiladi. Gemodializ bilan davolashning boshlangʻich davrlarida turli xil gemorragik asoratlarning oldini olish maqsadida gemodializ seanslari regionar geparinizatsiya (protamin sulfat) bilan olib boriladi.

Gemodializ muolajasi samaradorligi gemodializatorlarni dializlovchi yuzasi maydoniga bogʻliq. Dializator texnik xususiyatlarining yaxshilanishi, Sunʼiy buyrak apparatlarining takomillashtirilishi, qonning dializator orqali aylanib oʻtishi tezligining oshishi (AVF takomillashishi) gemodializdagi bemorlar hayotining uzayishiga olib keldi. Shuningdek, bemorlarni davolanishga psixologik tayyorlash ham katta ahamiyatga ega.

Respublikamizning har bir viloyatida gemodializ markazlari bor. Toshkent shahrida 6 ta ixtisoslashtirilgan gemodializ markazi faoliyat koʻrsatadi, ularda zamonaviy Sunʼiy buyrak apparatlari oʻrnatilgan.