Kontent qismiga oʻtish

Bavosir

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Gemorroydan yoʻnaltirildi)

Bavosir, gemorroy — toʻgʻri ichakning pastki qismi, xususan orqa chiqaruv yoʻli venalarining tugun-tugun boʻlib kengayishi. Intoksikatsiya, allergiya, mexanik taʼsirotlar: venalarning oʻsma, ayollarda homilali bachadon bilan ezilishi, uzoq muddat oyoqda yurib yoki oʻtirib ishlash, ovqatga ruju qilish, alkogolizm, surunkali qabziyat, shuningdek ichki aʼzolarning turli kasalliklari va boshqa sabab boʻladi. B. avj olishida irsiy moyillik ham maʼlum ahamiyatga ega. Kechishiga koʻra oʻtkir, surunkali, qaytalaydigan, tugunlar orqa chiqaruv teshigida joylashishiga qarab tashqi, ichki va aralash xillari tafovut qilinadi. Orqa chiqaruv yoʻli sohasida biror narsa tiqilgandek ogʻirlik, achishish, qichishish, baʼzan hojat chogʻida ogʻriq kuzatiladi; keyinchalik gemorroidal qon ketishi mumkin (najasda qon boʻladi). Agar B.da gemorroidal tugunlar tiqilib qolsa yoki yalligʻlansa, qattiq ogʻriq beradi, harorat koʻtariladi, qabziyat kuzatiladi. Vaqtida oldi olinmasa, uzoq vaqt qon ketib yurishi — kamqonlikka, ichki gemorroidal tugunlar tushishi yoki qisilishiga olib keladi. B.ni davolashda vanna qabul qilish, ogʻriq qoldiruvchi shamcha qoʻyish tavsiya etiladi, parhez buyuriladi. Ogʻirroq hollarda jarrohlik usuli qoʻllanadi. B.ning oldini olish uchun qabziyatga yoʻl qoʻymaslik; hojatdan keyin orqa chiqaruv teshigi sohasini iliq suv bilan yuvishga odatlanish, kam harakat kishilar badantarbiya bilan shugʻullanishlari lozim.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil