Gidrogeologik qidiruv va razvedka
Gidrogeologik qidiruv va razvedka — yer osti suvlarining hosil boʻlish sharoitlari, sifati, zaxirasi va taqsimlanishini aniqlash maqsadida bajariladigan ishlar majmuasi. G. q. va r. yer osti suvlari haqidagi maʼlumotlarni haritaga tushirish bilan bogʻliq boʻlib, yoʻnalishli qidiruv, burgʻilash, geofizika, aero va kosmik usullar hamda lab. ishlarini oʻz ichiga oladi. G. q. va r. natijasida yer osti suvlarining tabiati, paydo boʻlish sharoitlari, harakati, tarqalishi va ularning tabiiy resurslari oʻrganiladi. Yer osti suvlari bor qatlamlarning suv oʻtkazuvchanligi, chuqurligi, bosimi, kimyoviy tarkibi va yil davomida boʻladigan miqdor va sifat oʻzgarishlari aniqlanadi. G. q. va r. ishlari turli masshtabda (1:500 000, 1:200 000, 1:100 000 1:50 000 va b.) olib boriladi. Oʻzbekiston Respublikasi xududining gidrogeologik haritasi 1:200 000 masshtabda, sugʻoriladigan maydonlar haritasi 1:50 000 masshtabda tuzilgan.
G. q. va r. loyihalash ishlari oʻtkazish uchun toʻliq maʼlumot toʻplash maqsadida olib boriladi va dastlabki hamda mufassal razvedka bosqichlariga ajratiladi.
Dastlabki razvedka bosqichida yer osti suv konlarining geologik, gidrologik sharoitlari, ulardan foydalanish, zaxiralarining hosil boʻlish jarayonlari va qonuniyatlari oʻrganiladi, gidrogeologik parametrlar tajriba yoʻli bilan aniqlanadi. Suv chiqarib olish inshootlarini qurish loyihalari va burgʻi quduqlarining tuzilishi asoslab beriladi. Yana bu bosqichda aniq maʼlumotlar borasida oʻrganilayotgan maydonning gidrogeologik modeli tuzilib, sanoat miqyosida oʻzlashtirish uchun tayyorlangan joyning V va S toifali zaxiralari aniqlanadi. Yer osti suvi konlarini ishlatish davomida tabiiy muhitga taʼsir etishi baholanadi va sanitariya muhofazasi hududlari aniqlanadi.
Ishlatish razvedkasi dastlabki razvedkada aniqlangan yer osti suvlari tarqalgan hududni yirik (1:50000, 1:25000) masshtabda gidrogeologik sʼyomka qilishdan boshlanadi. Bu bosqichda yer osti suvlaridan foydalanish qidiruv ishlari natijasiga muvofiq tartibda olib borilganligi, yer osti suvlari zaxiralarini sanoat toifalariga mosligi va ularni oshirish imkoniyatlari asoslab beriladi. Suv chiqarib olish inshootining ishlash tajribasiga asoslanib tabiiy yoki suv xoʻjaligidagi oʻzgarishlarni yer osti suv konlari zaxirasiga miqdoriy yoki sifat jihatidan taʼsir etishi oʻrganiladi. Bundan tashqari kondan olingan maʼlumotlar asosida yangi maydonlarda yer osti suvi zaxiralari aniqlanadi. G. q. va r. yer osti suvlaridan xalq xoʻjaligining barcha sohalarida foydalanish va xom ashyo (yod, brom, radiy va b.) bazasini belgilashda muhim ahamiyatga ega.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |