Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti ("Gidroingeo") — Oʻzbekistonda gidrogeologik sohadagi yirik ilmiy tadqiqotlar muassasasi. 1960-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Geologiya institutining gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi boʻlimi asosida tashkil qilingan va 1963-yilgacha Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tasarrufida faoliyat koʻrsatgan. 1963-yilda institut sobiq Ittifoq geologiya davlat qoʻmitasi ixtiyoriga oʻtkazilib, qurgʻoq zonalar boʻyicha ilmiy tadqiqotlar ishlari olib boradigan ilmiy markazga aylantirildi. 1969-yildan Oʻzbekiston geologiya vazirligi (1992-yildan geologiya va mineral resurslari davlat qoʻmitasi) tasarrufida. Institut xodimlari Urta Osiyo va Janubiy Qozogʻiston hududida yer osti suvlari zaxirasining asosiy manbalarini aniqladilar. Oʻzbekistonning shahar va qishloqlarini sifatli ichimlik suvi bilan.toʻla taʼminlash ilmiy va amaliy jihatdan bashorat qilindi, yer osti suvlaridan sugʻorishda foydalanish usullari ishlab chiqildi. Respublika hududi gidrogeologik meliorativ sharoitlari, artezian suv havzalari, muhandislik geologiyasi sharoitlari boʻyicha toifalandi. Shoʻrlangan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun gidrogeologik meliorativ toifalashtirish va bashoratlash metodi ishlab chiqilib, shu asosda Oʻrta Osiyo regionining bashoratli haritasi tuzildi, yer osti suvlari zaxiralarini saqlash, isrof boʻlishiga chek qoʻyish va ifloslanishining oldini olish muammolari hal qilindi. Oʻzbekistonning shahar va qishloqlarida yer osti suvlari sathining koʻtarilib ketishini toʻxtatish chora-tadbirlari ishlab chiqildi. Togʻli joylarda odamlar hayotiga xavf solayotgan va xoʻjalikka katta zarar keltiradigan geodinamik jarayonlar (togʻ koʻchishi, qulashi, sel, karst)ning vujudga kelish qonuniyatlarini urganish metodi yaratildi. Oʻzbekiston resggublikasi mustaqillikka erishgandan soʻng, institut quruq iqlimli mintaqalarning gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi masalalari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib boradigan markazga aylandi. Institutda ayni paytda ichimlik, mineral, termal va sanoat uchun zarur suvlarni kidirib topish, zaxirasini hisoblash, suvni neft mahsulotlari bilan ifloslanishdan saqlash, xavfli muhandislik, geologik jarayonlarni bashoratlash, gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi boʻyicha tuzilgan hisob-kitob va rejalarni ekspertiza qilish kabi muammo va mavzular boʻyicha izlanishlar olib borilmoqda. Institutda 2001-yilda 10 ta ilmiy tadqiqotlar laboratoriyaoratoriyasida 128 ilmiy xodim, shu jumladan 3 fan doktori, 30 fan nomzodi va 36 muhandis, laboratoriyaorant ishladi. 1997-yildan boshlab "Gidroingeo" instituti qoshida ilmiy daraja beradigan Ilmiy kengash faoliyat koʻrsatmoqda. "Gidroingeo"ni ilmiy yoʻnalishlarini ishlab chikishda va malakali xodimlar tayyorlashda Gʻ. O. Mavlonov, A. N. Sultonxujayev, N. A. Kenesarin, S. Sh. Mirzayev, V. G. Samoylenko, N. N. Hojiboyev, A. S. Hasanov, R. A. Niyozov va b. salmoqli hissa qushdilar. Institut boy kutubxonaga ega (18 mingdan ortiq asar).[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil