Kontent qismiga oʻtish

Gidrouzel

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Gidrotexnika inshootlari uzelidan yoʻnaltirildi)

Gidrouzel, gidrotexnika inshootlari uzeli —joylashishi va uygʻunlikda ishlash sharoitlari boʻyicha birlashgan gidrotexnika inshootlari guruhi. Asosiy vazifasiga koʻra gidroenergetika (Chirchiq daryosidagi Gʻazalkent, Sirdaryodagi Farhod); energetika, sugʻorish, suv taʼminoti, baliqchilik xoʻjaligi uchun daryodan suv olishni taʼminlaydigan suv olgichlar (Sux daryosidagi Sariqoʻrgʻon va b.); daryo oqimini tartibga soladigan (Chirchiq daryosidagi Chorvoq, Qoradaryodagi Andijon); suv transporti gidrouzel va b. guruhlarga boʻlinadi. Aksariyat gidrouzel bir yoʻla bir qancha suv xujaligi vazifalarini hal qilishni moʻljallab quriladi (Vaxsh daryosidagi Toʻxtagʻul —sugʻorish, energetika, oqimni tartibga solish; Amudaryodagi Tuyamoʻyin —sugʻorish, oqimni tartibga solish). Gidrouzel past bosimli (toʻgʻon oldidagi suv chuqurligi — bosim farqi 15 m dan oshmaydi), oʻrta bosimli (bosim farqi 15–50 m) va yuqori bosimli (bosim farqi 50 m dan yuqori) buladi. Past bosimli gidrouzel asosan suv olish va transport ehtiyojlariga, togʻ daryolarida energetikaga, yuqori va urta bosimli gidrouzel esa energetika, irrigatsiya va transport maqsadlariga muljallanadi.

Gidrouzel tarkibiga asosiy va yordamchi inshootlar kiradi. Asosiy inshootlar: zarur bosimni hosil qiluvchi toʻgʻon, suv ombori; suv tashlagich-obpartov (shaxtasimon, sifonli, minorali, tunnelli va b.), bahordagi oshiqcha toshqin suvlarni quyi byefga (toʻgʻon ortiga) tashlashga hamda suv omborini boʻshatish maqsadida suvni chiqarib yuborishga xizmat qiladi; toʻgʻon oldida hosil boʻluvchi oqiziq choʻkindilarni yuvish uchun moʻljallangan qurilmalar; rostlagich yoki tekislagich —toʻsqich va oqim yoʻnaltirgich dambalar, tekislaydigan va qirgʻoqni mustahkamlaydigan inshootlar; asosiy inshootlarni qirgʻoq bilan yoki konstruksiyalarning ayrim elementlarini oʻzaro bogʻlaydigan birlashtiruvchi inshootlar (tutash dambalar, tirgaklar, boʻlgich ustunlar va b.); yuqori byefdan muz parchalarini chiqarib tashlaydigan, muhim qismlarini muz bosimidan va muz parchalarining tiqilib qolishidan saqlaydigan muzdan saqdagich yoki muz toʻsgichlar; maxsus inshootlar (GES, kema shlyuzlari, baliq oʻtkazgichlar va b.) Yordamchi inshootlarga maʼmuriyxoʻjalik binolari, yoʻllar, vodoprovod va sh. k. kommunikatsiyalar kiradi.

Gidrouzel asosiy inshootlarining mutanosib joylashtirilishi suv xoʻjaligi maqsadlariga qulay boʻlishi (suvni qulay va muntazam oʻtkazishi, inshootlarning oʻzaro muvofiqligini taʼminlashi) kerak. Ayni paytda gidrouzel estetik talablarga ham javob berishi lozim. Oʻrta Osiyodagi gidrouzelning koʻpchiligi at-rofidagi tabiat bilan uzviy bogʻlangan meʼmoriy majmuani tashkil etadi (mas, Zarafshon daryosidagi Oqdaryo-Qoradaryo, Isfayramsoydagi Polmon, Norin daryosidagi Uchqoʻrgʻon, Qoradaryodagi Kuyganyor va b. gidrouzellar).

Sugʻorma dehqonchilik sharoitlarida suv taqsimoti va suv resurslaridan samarali foydalanishda gidrouzelning ahamiyati katta. Toshqinlar, muzlik va qorliklarning tez erishi, yogʻinlar davrida suv gidrouzelning suv omborida yigʻiladi. Toʻplangan suv daryolarda suv kamayib, ekinlarni sugʻorish davom etayotgan davrda kanallarga beriladi. Suv kamchil yillarda gidrouzellar suv omborlari bilan birga uzluksiz sugʻorishni taʼminlaydi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil