Glyukokortikoidlar
Glyukokortikoidlar – odam va umurtqali hayvonlar buyrak usti bezlarining poʻstlogʻidan chiqadigan gormonlar. Kimyoviy tuzilishiga koʻra steroid. Gipofiz taʼsirida xolesterindan hosil boʻladi. Adrenokortikotrop garmon glyukokortikoidlar sekresiyasini oshiradi. Organizm hayot faoliyati uchun noqulay sharoitlar (masalan, stress, adaptatsion sindrom) roʻy berganda glyukokortikoidlar koʻp ishlab chiqariladi. Asosiy glyukokortikoidlar: gidrokortizon, kortizon, kortikosteron, 11-degidrokortikosteron. Glyukokortikoidlar asosan uglevodlar almashinuviga taʼsir etadi, jigarda oqsillardan glikogen sintezlanishiga va glyukoza hosil boʻlishiga yordam beradi; yuqori molekulali yogʻ kislotalarining biosinteziga toʻsqinlik qiladi. Glyukokortikoidlar biriktiruvchi va limfa toʻqimalari faoliyatini susaytirib, turli yalligʻlanishlar rivojlanishiga yoʻl qoʻymaydi. Glyukokortikoidlar va ularning sintetik analoglari (gidrokortizon-atsetat, prednizolon) tibbiyot va veterinariyada keng qoʻllanadi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.