Kontent qismiga oʻtish

Qabr

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Go‘rdan yoʻnaltirildi)

Qabr, goʻr – marhumni dafn etish uchun tayyorlangan maxsus joy. Qabr har bir xalqning urf-odati, yashaydigan geografik muhiti, kishilarning tabiiy, ilmiy tasavvurlari, diniy eʼtiqodlariga koʻra bir-biridan farq qiladi. Oʻliklarni koʻmadigan xalqlarda, jumladan, oʻzbeklarda ham Qabrning lahad, kamin, tik chuqur va sagʻana tiplari bor. Aksariyat yer osti suvlari chuqur boʻlgan qurgʻoq joylarda lahad qaziladi. Lahad tipidagi Qabrlar Oʻzbekistonda bundan 3500-yil ilgarigi jez davri qabristonlarida ham uchraydi.

Qabr tayyorlash uchun yerdan bir m chamasi tik chuqur – „ayvoncha“ qazib, uning bir burchagidan oʻlik boʻyi baravar gorizontal kavak – „lahad“ kavlanadi, tuprogʻi tashqariga olinadi. Ulik qoʻyilayotganda goʻrkov lahad ichiga tushib, oʻlikning bosh tomonini qibla (gʻarb)ga qaratib yotqizadi. Lahadning teshigiga gʻisht, tosh, guvala, chim qalab bekitiladi, soʻngra „ayvoncha“ tuproq bilan toʻldiriladi. Ortib qolgan tuproq Qabr ustiga tepa qilib uyiladi. Kamin (yoki kamgoh) tipidagi Qabrda yer bir metrdan ortiq tik va choʻzinchoq oʻra qilib qaziladi. Oʻra devori ostki yonidan uchburchak shaklida oʻyiladi. Oʻlik shu kamin (kamgoh)ga qoʻyiladi. Kamgoh ogʻzi gʻisht, guvala va boshqalar bilan bekitiladi, soʻngra Qabr tuproq bilan toʻldiriladi. Tik chuqur shaklidagi Qabrda yer oʻlik boʻyiga teng qilib kavlanadi, oʻlik chuqurga chalqancha yotqiziladi. Qabr ogʻziga katta yassi toshlar zichlab teriladi, soʻngra ustiga tuproq tortiladi. Sagʻana, asosan, yer osti suvlari yuza boʻlgan joylarda – Buxoro, Samarqand, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida tarqalgan, Sagʻanada yer qazilmaydi. Oʻlik yer yuzasiga qoʻyiladi, uning ustiga pishiq gʻishtdan gumbazsimon sagʻana bino qilinadi. Qabrlarga qayta-qayta oʻlik qoʻyish, baʼzan bir oilaning erkaklarini bir Qabrga (oldin oʻlganlarning suyaklarini bir chetga surib, oʻrniga yangi oʻlikni sagʻanaga) qoʻyish odati boʻlgan. Xotinlar ham shunday tartib bilan qoʻyilgan. Baʼzi turkiy xalklarda, jumladan, oʻzbeklarda boy tabaqalar sagʻana qurdirib qoʻyish odati boʻlgan (yana qarang Daxma).