Nikolay Gogol
Nikolay Gogol | |
---|---|
Tavalludi | 20 mart (1-aprel) 1809[1] |
Vafoti | 21 fevral (4-mart) 1852 |
Ijod qilgan tillari | Rus tili va Ukrain tili |
Fuqaroligi | Rossiya Imperiyasi |
Nikolay Vasilyevich Gogol [1809.20.3(1.4), Poltava gubernyasi, Mirgorod uyezdi — 1852.21.2 (4.3), Moskva] — rus yozuvchisi. Rus adabiyotida tanqidiy realizmga asos solgan. Nejin gimnaziyasini tugatib (1828), Peterburgga kelgan. Rassomlik qilgan, drama toʻgaraklarida faol qatnashgan, ayrim yumoristik rollarni ijro etib, badiiy ijod bilan ham shugʻullangan. V. Alov taxallusi bilan yozilgan "Gans Kyuxelgarten" romantik dostoni (1829) salbiy baxrlangach, chet elga ketgan. Germaniyaning Lyubek, Gamburg sh.larida boʻlgan. Peterburgga qaytib, davlat mahkamalarida xizmat qiladi. Mahkamalardagi qogʻozbozlik, sansalorlik kabi illatlar Gogol uchun boy mavzu boʻldi ("Peterburg qissalari, 1830). A.S. Pushkin bilan uchrashuvi (1831) Gogol ijodida burilish yasadi. "Dikanka qishlogʻi oqshomlari" (1831—32) toʻplamiga kirgan hikoya va qissalari ("Sorochino yarmarkasi", "Dahshatli qasos" va b.) Gogolga shuhrat keltirdi. Bunda Malorossiyadagi turmush tarzi, odamlar ongi, axloqi, xalqning yumorga boy afsonalari, urf-odatlari aks ettirilgan. Gogol Sankt-Peterburg universiteti umumtarix kafedrasida prof. boʻlib ishladi (1834), bu unga tarix bilan chuqurroq tanishish imkonini berdi. "Mirgorod" ("Ivan Ivanovich bilan Ivan Nikiforovich oralarida boʻlib oʻtmish janjallar hikoyati", "Viy" va b. qissalar) toʻplami hamda "Arabeskalar" ("Neva shoh koʻchasi", "Portret", "Tentak maktublari" qissalari) toʻplamida (1835) shahar hayoti manzaralari "koʻzdan yosh chiqquncha" kulgi qoʻzgʻatadigan usulda tasvirlanadi. "Taras Bulba" (1835) qissasi ukrain xalqining chet el bosqinchilariga qarshi kurashiga bagʻishlangan. Gogol 30-yillar 1-yarmida "3darajali Vladimir" (tugallanmagan), "Uylanish" (1842-yilda nashr etildi) komediyalari ustida ishladi. "Revizor" (1836) komediyasida Rossiyadagi mansabparastlik, xazinani talon-toroj qilish, poraxoʻrlik va b. hajv ostiga olingan. Gogol ijodining choʻqqisi boʻlgan "Oʻlik jonlar" (1842) doston-romanida Rossiyadagi oʻsha davr hayotiga umumiy tavsif berilgan.
Gogol oʻz dunyoqarashida sodir boʻlgan axloqparastlik goyalari taʼsirida "Doʻstlar bilan yozishmalardan tanlangan sahifalar" (1847) asarini eʼlon qiladi. Mazkur asar V. Gogol Belinskiy tomonidan tanqidga uchraydi ("N.V. Gogolga xat").
Gogol ning "Revizor" (1935—52, Kibriyo Qahhorova va Abdulla Qahhor tarjimasi), "Ivan Ivanovich va Ivan Nikiforovich oralarida boʻlib oʻtmish janjallar hikoyati" (1972, N. Alimuhamedov tarjimasi), "Ulik jonlar" (1959, Rustam Abdurahmonov tarjimasi) va b. asarlari oʻzbek tilida nashr etilgan. "Revizor", "Uylanish" pyesalari Oʻzbekiston teatrlari sahnasida qoʻyilgan.
Ozod Sharafiddinov.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |