Kontent qismiga oʻtish

Bayram

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Holidaydan yoʻnaltirildi)
Yangi yil bayrami (2007-yil arafasida, Sidney, Avstraliya)

Bayram — keng nishonlanadigan tantanali kun. Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot davomida kelib chiqishi, mazmuni, ijtimoiy hayotda qaror topishiga koʻra anʼanaviy, diniy, milliy va boshqa bayramlar vujudga keldi. Avloddan-avlodga meros tariqasida oʻtib keladigan bayram anʼanaviy bayram deyiladi. Masalan, navroʻz bayrami. Anʼanaviy bayramlar biror xalq yoki millatning ayni vaqtdagi ijtimoiy turmushi, hayot kechirish tarzi bilan bevosita bogʻliq boʻlmaydi. Diniy bayramda har bir monoteistik dinning aqidalarida belgilab qoʻyilgan marosimlar nishonlanadi. Masalan, iyd bayrami. Milliy bayramlarda u yoki bu millatning tarixidagi muhim voqea-hodisalar nishonlanadi. Masalan, Mustaqillik kuni, Konstitutsiya kuni. Bulardan tashqari yana kasb-hunar bayramlari ham bor (Oʻqituvchi va murabbiylar kuni, Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni kabi). Shoʻrolar hukmronligi davrida oʻzbek xalqining qadimgi milliy, anʼanaviy yangi yil Bayramlaridan hisoblangan Navroʻz qatagʻon qilinib, diniy bayramlar (Ramazon hayiti, Qurbon hayiti) tazyiqqa uchradi. Koʻp yillar davomida, ayniqsa ziyoli va firqa aʼzolari hayit namozini oʻqish uchun masjidga chiqqanliklari uchun ham taʼqib qilindi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach Prezident I.A. Karimovning farmoni bilan Roʻza va Qurbon hayitlarining birinchi kunlari dam olish kuni deb eʼlon qilindi. Hayit kunlari va ular bilan bogʻliq marosimlar batamom qaror topdi, shuningdek boshqa qadriyatlar ham tiklanmoqda. Chunonchi Navroʻz umumxalq bayrami sifatida har yili katta tantana qilinib, bu kun (21-mart) dam olish kuni deb eʼlon qilindi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil