Kontent qismiga oʻtish

Abduqahhor Ibrohimov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abduqahhor Ibrohimov
Tavalludi 16-avgust 1939-yil
Vafoti 20-iyun 2020-yil(2020-06-20)
(80 yoshda)
Toshkent
Mukofotlari Mehnat shuhrati ordeni

Abduqahhor Abdusamatovich Ibrohimov (1939-yil 16-avgust, Toshkent) — yozuvchi, dramaturg, publitsist, Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi (1990). Toshkent davlat universiteti filologiya fakultetining jurnalistika boʻlimini tugatgan (1962). „Oʻzbekiston madaniyati“ gazetasida adabiy xodim va boʻlim mudiri (1962—1972), „Guliston“ jurnalida masʼul kotib (1972—1975), „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ gazetasida boʻlim mudiri (1978—1984), Oʻzbekiston Madaniyat vazirligida repertuar-tahrir hayʼati bosh muharriri (1984—1986), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonida konsultant va yetakchi konsultant (1990—1993), „Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat“ markazida bosh mutaxassis (1994-yildan). Adabiy faoliyati 60-yillarda boshlangan. „Qoya ostida“ (1972), „Soʻnggi nur“ (1977), „Osmon yaqin, yer yumshoq“ (1982) hikoyalar toʻplamlari, „Uyqu kelmas kechalar“ (1998) romani muallifi. „Til – taqdir demak“ (1990), „Vatan tuygʻusi“ (hamkorlikda, 1996), „Bizkim, oʻzbeklar“ (1999) kabi badiiy va siyosiy publitsistik asarlarida til, koʻhna milliy davlatchiligimiz tarixi aks ettirilgan. „Birinchi boʻsa“ lirik dramasi „Yosh gvardiya“ (hozirda Abror Hidoyatov nomli) teatrida sahnalashtirilgan (1971). Bundan tashqari, „Arra“ (1971), „Mayli, mayli“ (1972), „Zoʻldir“ (1973), „Meni aytdi demang“ (1973), „Tanisangiz kerak“ (1974), „Sochqi“ (1976), „Tovushsiz karsaklar“ (1980), „Oʻzbekcha nikoh“ (1993), „Shaytonning yoʻli“ (1994) va boshqa pyesalari Oʻzbekistonda va boshqa davlatlarning teatrlarida sahnalashtirilgan. „Mehnat shuhrati“ ordeni bilan mukofotlangan (1999)[1][2].