Kontent qismiga oʻtish

Jarohat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Individual bogʻlov paketidan yoʻnaltirildi)

Jarohat — gavda toʻqimalarining mexanik shikastlangan joyi (teri, shilliq parda, koʻpincha muskul, nerv, yirik tomir, suyak, boʻgʻim, ichki aʼzo va gavda boʻshliklarining butunligiga putur yetishi). Toʻqimaning ogʻrishi, qonashi va ochilib qolishi jarohatning asosiy belgilaridir. Paydo boʻlish sharoitiga qarab xirurgik (operatsion) jarohat, jangda yaralanish va tasodifiy jarohat ajratiladi; jarohatlovchi qurol qanday shikast yetkazganligiga qarab, kesilgan, sanchilgan, chopilgan, yirtilgan (yulingan), lat yegan, ezilgan, tishlangan va oʻq (snaryad parchasi) tekkan jarohat farq qilinadi. Zaharlovchi moddalar jarohatga tushganda, zaharli jonivorlar (qoraqurt, ilon) chaqqanda zaharlangan jarohat paydo boʻladi. Quturgan hayvonlarning tishlashi (qopishi)dan vujudga kelgan jarohat ayniqsa xavfli. Jarohatlar tanadan ayrim boʻshliqlarga (miya, koʻkrak, qorin, boʻgʻin) nisbatan ularning devoridan oʻtgan va oʻtmagan turlarga ham boʻlinadi. Masalan, koʻkrak boʻshligʻidagi jarohat oʻtuvchi harakterda boʻlsa, u holda koʻkrak boʻshligʻidagi aʼzolar (yurak, oʻpka, koʻkrak boʻshligʻi aʼzolari, traxeya, qiziloʻngach, aorta va hokazo) shikastlanishi yoki shikastlanmasligi mumkin. Aʼzolar shikastlanganda bemor zudlik bilan xirurgik boʻlimlarning murakkab shikastlarga ixtisoslashgan markazlarida (neyroxirurgiya, kardioxirurgiya va hokazo) davolanishi kerak. U yerda nozik aʼzolar (miya, koʻz, yurak va b.) mikroskop orqali nihoyatda takomillashgan asboblar bilan operatsiya qilinadi.

Tasodifiy jarohatga mikroblar (asosan, yiring tugʻdiruvchi ) tushgan boʻladi. Tasodifiy yoki jangovar jarohat jarohatlanish paytida yoki keyin (bogʻlab qoʻyilmasa) ifloslanishi mumkin. Mikroblar (streptokokk, stafilokok va b.) yaraga jarohatlovchi quroldan, tevarak atrofdagi teri, kiyim, tuproq va b.dan oʻtib, tomirdan chiqqan qonda, majaqlangan toʻqimalarda rivojlanadi va uni yalligʻlantiradi, sepsis, qoqshol, gazli gangrena kabi infeksion kasalliklarga sabab boʻladi. Jarohatlangan kishiga oʻz vaqtida yordam berib, mikroblar rivojlanishining oldini olsa boʻladi.

Jarohatning bitishi murakkab jarayon boʻlib, organizmning umumiy va mahalliy reaksiyasiga bogʻliq. Organizmning holdan toyishi, avitaminozlar, diabet, kamqonlik, moddalar almashinuvining buzilishi jarohatning bitishini qiyinlashtiradi. Jarohatlangan aʼzoning qon bilan qanchalik taʼminlanishi, toʻqimalarning shikastlanish harakteri ham muhim. Aʼzoning qon bilan yaxshiroq taʼminlanishi jarohatning bitishini tezlatadi. Miya, bosh va yuzdagi jarohat boldirning oldingi yuzasidagi jarohatga nisbatan tezroq, majaqlangan, yulingan jarohat silliq kesilgan jarohatga qaraganda sekin bitadi.Jarohat yiringlamagan, chetlari bir-biriga tegib turgan (choklangan) boʻlsa, 5—7 kunda bitadi. Bu birlamchi tortishib (taranglanib) bitish deyiladi. Infeksiya tushgan (yiringlagan) jarohat, shuningdek, chetlari bir-biridan "qochgan" jarohat ikkilamchi tortishib (taranglanib ) bitadi. Buning oʻziga xosligi shuki, biriktiruvchi toʻqima (granulyasion toʻqima) rivojlanib, jarohat yuzini toʻldiradi. Shu tariqa pastroqdagi (ichkaridagi) toʻqimalarni tashqi taʼsirlardan saqlaydi va jarohatning bitishiga yordam beradi. jarohat granulyasiyalar bilan toʻlishidan tashqari, teri chetlaridan yangi hosil boʻlgan epiteliy qoplami oʻsadi. Birlamchi tortishib bitgan jarohat bilinar-bilinmas chandiq (yamoq), ikkilamchi tortishib bitgan jarohat esa katta chandiq hosil qiladi.

Birinchi yordam: ketayotgan qon toʻxtatiladi,jarohat atrofidagi teriga spirtli yod (yod nastoykasi) surtgach, aseptika qoidalariga rioya qilgan holda va antiseptika vositalaridan foydalanib, jarohatni ifloslanishdan saqlash, jarohatlangan aʼzoni qimirlamaydigan qilib qoʻyish (qarang Immobilizatsiya), shundan keyin bemorni davolash muassasasiga yetkazib borish kerak.

Hayvon tishlagan ( it qopgan) kishini yaqin oradagi sanitariya-epidemiologiya stansiyasiga yoki Paster punktiga darhol yuborib, quturishga qarshi emlanadi; tishlagan it yoki boshqa hayvon veterinariya punktlariga olib boriladi.

Badan tirnalganda, chaqalanganda, zirapcha kirganda, pichoq kesganda teri ifloslanmagan boʻlsa, jarohat va atrofidagi teriga spirtli yod eritmasi surtib, quruq aseptik material ( bint) bilan bogʻlab qoʻyiladi. Boylamni namiqish va ifloslanishdan saqlab, 6—7 kungacha yechmay turish kerak. Uzoq, turgan goʻshtni boʻlish yoki baliqni tozalash vaqtida salgina boʻlsa-da jarohatlangan, badaniga igna va b. narsalar kirgan, shuningdek, jarohatiga tuproq tushgan kishini ham vrachga koʻrsatish kerak.

Jarohatni infeksiyadan saqlash va qon toʻxtatish uchun birinchi yordam bogʻlov paketi va individual bogʻlov paketi ishlatiladi.

Birinchi yordam bogʻlov paketi tayyor aseptik va antiseptik bogʻlov boʻlib, oʻrovi bor. Sirtqi oʻrovi rezina yugirtirilgan, suv oʻtkazmaydigan matodan, ichkaridagisi qogʻoz (pergament)dan iborat boʻlib, ichida sterillangan boylam — doka bint bilan 1—2 ta paxta-doka yostiqcha bor. Yostiqchalardan biri bint oxiriga chatib qoʻyilgan, ikkinchisini bint boʻylab surish mumkin. Paketdan foydalanishda sirtqi oʻrovi chetidan yirtiladi. Ichkaridagi (pergament) qogʻozi ichiga yopishtirilgan ipdan tortib ochiladi. Bintni picha ochib, bitta yoki ikkala yostiqcha jarohatga yopiladi, bunda yostiqchaning jarohatga qaragan tomoniga qoʻl tegizilmaydi. Bogʻlovni jarohatga yopishdan oldin uning chetlariga yod suriladi.

Jarohat oʻq teshib oʻtishdan vujudga kelgan boʻlsa, ikkinchi yostiqcha bint boʻylab jarohatning chiqish teshigigacha surib boriladi va unga yopiladi. Yostiqchalar ustidan bint oʻrab, uning uchi bogʻlov paketidagi qoʻshaloq toʻgʻnogʻich bilan mahkamlab qoʻyiladi.

Individual bogʻlov paketi — jangovar sharoitda jarohatlarga va kuygan yuzalarga yopiladigan steril bogʻlov. Birinchi yordam bogʻlov paketiga oʻxshaydi: paxta viskoza binti va ikkita paxta-doka yostiqchasi bor. Yostiqchalar sirti rangli ip bilan qavilgan. Bogʻlov pergament qogʻozga oʻralgan. Foydalanish tartibi: paket shokilasidagi kertik boʻylab sirtqi oʻrovi yirtiladi, pergament qogʻozga oʻralgan bogʻlov, burmasidan esa xavfsiz toʻgʻnogʻich olinadi; qogʻoz pardani olib tashlanadi; bintning yostiqcha chatib qoʻyilgan erkin uchini chap qoʻl, yumaloqlangan uchini esa oʻng qoʻl bilan ushlanadi. Kuygan yuza katta boʻlsa, yostiqchalar bir-biriga yaqinlashtirilib, umumiy kompress hosil qilinadi, kuygan yuza kichkina boʻlsa, yostiqchalar ustma ust qoʻyiladi. Soʻngra bintni gir aylantirib oʻrab, uchiga toʻgʻnogʻich qadaladi.

  • Oripov Oʻ. O., Karimov Sh. I., Umumiy xirurgiya, T., 1994.

Rahmatilla Rahmonov.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil