Gomologik qatorlar qonuni
Gomologik qatorlar qonuni, irsiy oʻzgaruvchanl ikning gomologik qatorlar qonuni — N.I. Vavilov tomonidan oʻsimliklarning turli sistematik guruhlaridagi irsiy oʻzgaruvchanlikni qiyosiy oʻrganish asosida ifodalab berilgan qonun (1920). G.q.q.ning asosiy mazmuni: genetik jihatdan yaqin boʻlgan turlar va turkumlar irsiy oʻzgaruvchanlikning bir xil oʻxshash qatorlariga ega boʻladi; ular umumiy tizimda genetik jihatdan qanchalik yaqin boʻlsa, ularning oʻzgaruvchanlik qatorlaridagi oʻxshashlik shu qadar toʻliqroq boʻladi. Umuman oʻsimliklarning har qaysi alohida oilasi oʻzgaruvchanlikning muayyan sikliga egaligi, yaʼni oilani tashkil etuvchi barcha turkum va turlarda oʻzgaruvchanlikning takrorlanishi bilan harakterlanadi.
Mukammal oʻrganilgan tur tarkibida topilgan irsiy shakllar qatoriga asoslanib, boshqa har qanday tur va turkumlarda ham xuddi shunday irsiy shakllar boʻlishini oldindan aytish mumkin. Tur va turkumlar kelib chiqishi jihatdan bir-biriga qanchalik yaqin boʻlsa, ulardagi irsiy oʻzgaruvchanliklar qatori ham shunchalik oʻxshash boʻladi. Har xil turga mansub gʻoʻza (G. barbadense, G. hirsutum, G. arboreum, G. herbaceum) belgilarining irsiy oʻzgaruvchanlik qatori G.q.q.ga yorqin misol boʻla oladi: oq, malla va koʻk tolali shakllarni shu toʻrt xil gʻoʻza turining har biri tarkibida topish mumkin. Ulardagi chigit, barg shakllari va b. belgilarining oʻzgaruvchanligi qam parallel ravishda boradi. Javdar hamda bugʻdoyning tukli va tuksiz, qiltiqli va qiltiqsiz, oq va qizil, uzun va qisqa boshokli; koʻk, oq, qizil, sariq, gunafsha rang donli; kuzgi va lalmi, erta va kechpishar va hokazo shakllari borligi aniqlangan. Boshqa tur, turkum hamda oilaga kiruvchi oʻsimliklarda ham irsiy belgilar qatori xuddi yuqoridagidek parallel oʻzgarishi mumkin. G.q.q. kerakli irsiy oʻzgarishlarni maqsadga muvofiq olish usullarining biologik negizi, madaniy oʻsimliklarning noyob belgilarga ega boʻlgan yangi navlarni yaratish va aniqlashda nazariy asos boʻlib xizmat qiladi (qarang Seleksiya).
Ad: Vavilov N.I., Zakon gomologicheskix ryadov v nasledstvennoy izmenchivosti, M., 1987.
Bahodir Normatov.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |