Kontent qismiga oʻtish

Geografiya

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Jo`g`rofiyadan yoʻnaltirildi)

Geografiya yoki Joʻgʻrofiya (grekcha: γεωγραφία; γη yoki γαια – „Yer“, γραφειν – „tasvirlamoq“ yoki „yozmoq“ yoxud „xaritalamoq“) – Yerning geografik qobigʻi, uning struktura va dinamikasi, alohida komponentlarini hududlar boʻyicha oʻzaro taʼsiri va taqsimlanishini oʻrganadigan fanlar majmui. Antik dunyo gʻarb olimlari Yer yuzasining manzarasini „geografiya“ soʻzi bilan ifodalaganlar. Geografiya terminini dastlab Eratosfen (mil. av. 276—194-yillarda yashagan) kiritgan. Oʻrta Osiyoda IX-Xasrlardan boshlab Geografiya soʻzi maʼnosida „surati arz“, „yetti iqlim“, „Kitob almasolik valmamolik“ („Mamlakatlar va masofalar kitobi“) iboralari qoʻllangan. XIX-XX asr boshlarida oʻzbek tilida „geografiya“ arabcha talaffuz bilan „jugʻrofiya“ shaklida yozilgan. Hozirgi davrda „Geografiya“ oʻrniga „Geografiya fanlari sistemasi“ iborasini qoʻllash ilmiy jihatdan toʻgʻriroqdir.

Geografiya fanlari sistemasi 3 asosiy tarmoqqa boʻlinadi: a) tabiiy, yaʼni tabiiy geografik fanlar – ularga tabiiy geografiya (umumiy yer bilimi, landshaftshunoslik va paleogeografiyani oʻz ichiga oladi), geomorfologiya, iqlimshunoslik, quruqlik gidrologiyasi, okeanologiya, glyatsiologiya, geokriologiya, tuproklar Geografiyasi va biogeografiya kiradi; b) ijtimoiy va iqtisodiy geografik fanlar – umumiy va regional iqtisodiy Geografiya, xoʻjalik tarmoqlari Geografiyasi (sanoat Geografiyasi, qishloq xoʻjaligi Geografiyasi, transport Geografiyasi va b.), aholi Geografiyasi, siyosiy Geografiya; v) xaritagrafiya. Undan tashqari Geografiyaga mamlakatshunoslik, tibbiy geografiya, rekreatsiya va harbiy geografiya ham kiradi. Keyingi yillarda koinotni oʻrganish rivojlanishi bilan selenografiya (Oy Geografiyasi), kosmos yershunosligi kabi sohalar ham vujudga keldi. Yer sunʼiy yoʻldoshlari va kosmik kemadan turib Yer yuzasining suratini olish va xaritasini tuzish usullari ham yaratildi. Geografiya eng qadimgi fanlardandir. Odamzod paydo boʻlgandan keyin muayyan davr oʻtgach, tabiiy muhit bilan jamiyatning oʻzaro munosabatlari natijasida, ovchilik, yerni ishlash va savdo-sotiq ehtiyojlariga koʻra yaqin-uzoq masofalarga borib kelish, tevarak-atrofni bilish va turli-tuman xalklar oʻrtasida oʻzaro muomala qilish boshlangan. Odamlar ilmiy-amaliy maqsadlarda dengiz yoʻllarini va joylarning tabiatini, xoʻjaligi va xalqlarini oʻrganib turganlar. Shu yoʻllar bilan geografik maʼlumotlar toʻplangan, devor va toshlarga bitilgan, qogʻozga yozilgan. Mil. av. qadimgi dunyoning madaniyat markazlarida (Turon, Shimoliy Hindiston, Xitoy, Bobil va Ossuriya, Misr va Yunonistonda) dastlabki ilmii xulosalarga erishildi. Doira 360 gradusga boʻlindi, sutka 24 soat deb belgilandi, geografik kenglik va uzunlik ifodalari yuzaga keldi. Yer shar shaklida degan fikr maydonga keldi (yunon olimlari Fales, Pifagor, Eratosfen va Aristotel), dastlabki globus va ibtidoiy xarita yasaldi (Anaksimandr), dunyo qitʼalariga nom berildi. Iskandariyalik matematik va geograf Eratosfen (mil. av. III-asrda) Yer aylanasining uzunligini oʻlchab koʻrgan va Yer meridianining (hoz. oʻlchov birligida) 39816 km ligini aniqlagan. Bu esa haqiqiy uzunligiga ancha yaqindir. Yer yuzida issiq, moʻʼtadil va sovuq mintaqalar borligi, yaʼni geografik zonallik tushunchasi ham qadimgi dunyo Geografiyasining nazariy yutuqlaridandir. Oʻsha davrda baʼzilar Yer yuzida suvlik koʻp desalar, boshqalar, aksincha, quruqlik koʻp der edilar. Shuningdek, Quyosh bilan Yerning munosabati xususida ham ikki mulohaza boʻlgan. Ayrim olimlar (ayniqsa Ptolemey) olamning markazini Yer hisoblab, Quyosh va sayyoralar esa uning atrofida aylanadi (geotsentrik nazariya) desalar, boshqa olimlar geliotsentrik nazariyani ilgari surdilar, yaʼni olamning markazi Quyoshdir, Yer va b. sayyoralar uning atrofida aylanadi deganlar. Aleksandr (Iskander Makduniy)ning Eron, Turon va Hindistonga yurishlari hamda finikiyaliklarning Oʻrta dengiz va Afrika tevaragidagi suzishlari geografik tasavvurlarni birmuncha kengaytirdi. Umuman, yunon olimlari Sharqdagi ilm-fan markazlarining yutuqlaridan xabardor boʻlganlar va ulardan oʻz asarlarida foydalanganlar. Strabon (mil. av. 63 yil – mil.av. 21 yil) dunyo Geografiyasidan 17 jildli kitob yezdi (2 jildi umumiy Geografiya, 8 jildi – Yevropa, 1 jildi – Afrika, 6 jildi – Osiyo), Klavdiy Ptolemey (90—168 yillar) Geografiya va xaritagrafik proyeksiyalarga doir 8 jild kitob yezdi. Turonlik va eronliklarning muqaddas kitobi Zend Avestoda ayrim geografik maʼlumotlar bor. Unda dunyodagi mamlakatlar – Eronvej, Sugd, Muru (Marv), Baxdi (Baqtriya), Nisoim (Jan. Turkmenistan), Hoʻruyu (Xirot), Hafta Hendu (Yetti Hindiston) va b. tilga olingan, baʼzilari taʼriflangan.

Oʻrta asrlarda vizantiyalik Zemarx (6-asr) Sharqiy Dashti Qipchoqqa sayohat qildi, normanlar (skandinaviyaliklar) IX-X asrlarda Atlantika okeanining shimolida suzib, Islandiya, Grenlandiya va Shimoliy Amerikagacha safar qildilar, rus pomorlari Shimoliy Muz okeanidagi ayrim orollarni oʻzlashtira boshladilar. XIII asr oʻrtalarida Fransiya qiroli Lyudovik IXning elchisi sifatida Oʻrta Osiyoga Rubruk kelib ketdi, italiyalik Plano Karpini Mongoliyagacha yetib bordi. Oʻrta asrlarda yevropaliklarning geografik tasavvurlariga eng katta taʼsir etgan voqea – Marko Poloning 25 yil davom etgan Xitoy sayohati (13-asr oxiri) boʻldi. Oʻrta asrlarda Sharq mamlakatlarida madaniyatning yuksalishi, bir qancha mustaqil davlatlarning barpo etilishi, savdo-sotiq avj olishi natijasida Turkiya, Iroq, Eron, Hindiston va Movarounnahrda Geografiya fani ancha rivoj topdi. Uning eng yirik namoyandalaridan biri Muhammad ibn Muso Xorazmiy (8-asr oxiri – 9-asr oʻrtalari) Geografiyaga doir „Surat ul-arz“ kitobini yezdi. Unda dunyodagi 537 shaharning koordinatalari va qisqacha izohi berilgan. Aslida bu kitob kattagina bir geografik atlasning izohnomasi boʻlgan. Xorazmiy bu kitobini yozishda Ptolemeyning „Geografiya“ asaridan qisman foydalangan. Bu bilan qadimgi dunyo Geografiyasining merosi saqlab qolindi. 9-asrdan eʼtiboran arab va fors tillarida yaratilgan barcha geografik asarlar Xorazmiy kitobiga asoslangan. Shunday qilib, Xorazmiy butun Sharq Geografiyasining asoschisi boʻlib qoldi. Ahmad Fargʻoniy (9-asr) va Abu Abdulla Jayxoniy (9—10-asr)lar ham geografik asarlar yaratishdi. Fargʻoniy Misrdagi Nil daryosi suvining sathini kuzatish uchun Qohira shahri yonida „miqyos jadidi“ – nilometrni yaratganini alohida taʼkidlash lozim. Bundan tashqari Quyosh tutilishi, Yerning yumaloq shaklda ekanligini isbotlagan. Yerning oʻlchamlari toʻgʻrisida hoz. zamon maʼlumotlariga juda ham yaqin boʻlgan kattaliklarni ishlab chiqqan. Abu Zayd ibn Sahl Balxiy (850—934) „Suvor ulaqolim“ („Iqlimlar surati“) geografik asarini yozib, unga koʻpgina xaritalarni ilova qildi, Abu Zayd asarini eronlik Istahriy va Ibn Havqal yana kengaytirib, „Kitob almasolik valmamolik“ asarini yozdilar. 10-asrda yashagan arab geograflari Masʼudiy va Muqaddasiylar, 12-asr olimi Idrisiy oʻz zamonasi ahdini dunyo Geografiyasi bilan tanishtirishda katta xizmat qildilar. Sharq Geografiyasi faniga Beruniy va Ibn Sinoning taʼsiri juda katta boʻldi. Beruniyning barcha yirik asarlari („Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar“, „Hindiston“, „Mineralogiya“, „Geodeziya“, „Maʼsud qonuni“) koʻp jihatdan Geografiyaga taalluqli. Beruniy Sharqda birinchi boʻlib globus yasadi, „Maʼsud qonuni“ kitobida 603 joyning geografik koordinatalarini aniqlab yozdi, boshqa bir kitobiga dunyo xaritasini ilova qildi. Beruniy Hindistonda turib, Yer aylanasining uzunligini oʻlchadi. „Geodeziya“ kitobida Amudaryoning oqimi oʻzgargani va Qoraqum choʻlining paydo boʻlishini tasvirladi va hokazo. U nazariy jihatdan ilk bor gʻarbda, Atlantika okeani ortida katta quruqlik mavjudligini taʼkidlagan. 5 asrdan soʻng yevropaliklar bu quruqlikning Amerika qitʼasi ekanligini kashf etganlar. 11-asrda balxlik Nosir Hisrav 7 yil davomida sayohat qilib, 15 ming km yoʻl bosdi – Movarounnahrdan Afrika shim.gacha, Arabiston va Hindistongacha sayohat qilib, „Safarnoma“ kitobini yozdi. Maxmud Koshgʻariy Markaziy Osiyodan Kichik Osiyo yarim orolgacha kezib, turkiy qabilalarning tili, urf-odatlari, shaharlari, daryo-koʻllari, togʻyaylovlarini tasvirlagan „Devonu lugʻotit turk“ asarini yozib qrldirdi. Kitobga dunyo xaritasi ham ilova qilingan. 13-asr boshida Marv sh.da (hoz. Turkmanistonning Mari sh.dan 30 km sharada) yashagan Abdulla Yoqut Hamaviy „Mujam ul-buldon“ geografik lugʻatini yozgan. Shimoliy afrikalik (marokashlik) arab Ibn Battuta 14-asrning eng mashhur sayyohidir, u 25 yil mobaynida 100 ming km dan ortiq masofani kezib chiqdi – Arabiston ya. o., Hindiston, Xitoy, Sumatra o., Movarounnahr, Janubiy Yevropa va Sahroi Kabirni sayohat qildi. 15-asr boshlarida Samarqand rasadxonasida temuriy hukmdor Mirzo Ulugʻbek rahbarligida astronomik va geografik jadvallar tuzi l di. Ali Qushchi Samarqandda va Istanbulda geografik asarlar yozdi. 16-asr boshida Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistonga kelib, mashhur tarixiy-geografik asar – „Boburnoma“ni yaratdi. 15-asr oʻrtasi – 17-asrda Buyuk geografik kashfiyotlar natijasida deyarli barcha materiklarning shakli belgilandi, yer yuzasining katta qismi tadqiq qilindi, nomaʼlum mamlakatlarning tabiati va xoʻjaligi haqida maʼlumotlar olindi. 17-asrning 1- yarmida yashagan gollandiyalik geograf B. Vareniusning „Umumiy geografiya“ kitobi oʻsha davrning eng yirik geografik asari boʻldi. Varenius birinchi boʻlib Yer haqidagi bilimlar sistemasidan umumiy geografiya va xususiy regional geografiyani ajratdi. 16—17-asrlarda xaritagrafiya boʻyicha katta muvaffaqiyatlarga erishildi, xaritagrafik proyeksiyalar ishlab chiqildi (Geografiya Merkator). 18-asr oxiri va 19-asr davomida Afrika, Janubiy Amerika, Avstraliyaning ichki rayonlarida geografik tadqiqotlar olib borildi. XIX-XX asrlarda Markaziy Osiyoda ilmiy tadqiqotlar qilindi.

Tabiiy geografiya

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekistonda, bu-tun Oʻrta Osiyodagi kabi, oʻlkaning ta-biiy sharoiti hamda tabiiy resurslarini kompleks tadqiq etish va geografik gʻoyalarning bu jarayon bilan bevosita bogʻliq holda rivojlanishi 4 asosiy ilmiy yoʻnalishda amalga oshib, takomillasha bordi. Bular: qiyosiy-tasviriy, tabiiy-tarixiy, ekologik-geografik va regional landshaftshunoslik yunalishlaridir.

Oʻrta Osiyoda tabiiy-geografik tadqiqotlarning qiyosiy-tasviriy (tasviriy geografiya) yoʻnalishi 19-asrning 2-yarmi – 20-asr boshida vujudga keldi. Turli hududlarning geografik tasvirini yaratishda P. P. Semyonov-Tyanshanskiy, I. V. Mushketov, A. P. Fedchenko. V. A. Obruchev, V. I. Masalskiy va L. S. Berg kabi rus tabiatshunoslari hissa qoʻshdilar. Bu yoʻnalish N. L. Korjenevskiyning qiyosiy-tasviriy geografik tadqiqotlarida oʻz ifodasini topdi. Respublikada bu ilmiy yoʻnalishda N. G. Mallitskiy, O. Yu. Poslavskaya, N. D. Dolimov, M. Q. Qoriyev, O. A. Moʻminov koʻp yillar ilmiy faoliyat koʻrsatib, oʻlkaning turli qismlari va butun Oʻzbekistonni tabiiy geografik tasvirlashga munosib hissa qoʻshdilar.

Oʻzbekistonda geografik tadqiqotlarningtabiiy- tarixiy yoʻnalishi 20- a. boshida oʻlkani ruslar tomonidan oʻrganish jarayonida shakllandi. Bu ilmiy yoʻnalish turli hududlar tuproq va oʻsimlik qoplamini landshaftlar fonida majmuali oʻrganish metodikasi va metodologiyasiga asoslangan va uning yirik markazi Oʻrta Osiyo Davlat universiteti tarkibidagi Tuproqshunoslik va geobotanika instituti edi.

Ekologik-geografik yoʻnalish 1920—30yillarda shakllandi.

Bu yoʻnalishning vakillari ekolog va geograflar D. N. Kashkarov (1878— 1941)va Ye. P. Korovin (1891-1963) edi. Oʻrta Osiyo choʻllari va baland togʻlari oʻziga xos tabiiy kompleks va „hayot makoni“ sifatida qiyosiy ekologik va geografik jihatdan oʻrganildi. Bu maktabning ilmiy gʻoyalarini yangi yuqori bosqichga koʻtarishda Oʻzbekiston akademiklari zooekolog T. 3. Zohidov va botanik-geograf hamda ekolog Q. 3. Zokirovlar salmokli hissa qoʻshdi. T. 3. Zohidov choʻllar ekologik biotsenologiyasi, Q. 3. Zokirov esa Oʻrta Osiyo fitoekologiyasi, oʻsimlik qoplamini ekologik toifalashtirish hamda integral balandlik mintaqalari (choʻl, adir, togʻ, yaylov)ni ajratish masalalari boʻyicha oʻz yoʻriqnomalarini yaratdilar.

Regional landshaftshunoslik yoʻnalishi yuqoridagi uch kompleks yoʻnalish va koʻplab tarmoq geografik yoʻnalishlarning sintezi sifatida vujudga keldi. Bu yoʻnalishga doir ilk tadqiqotlar 1929—30 yillarda olib borildi. Oʻrta Osiyo kompleks tabiiy-tarixiy rayonlashtirildi va ayrim yirik hududlarning landshaft xaritalari tuzildi. 1943-yil Oʻrta Osiyoning ekologik tamoyillar asosida majmuali geografik rayonlashtirish konsepsiyasi va sxemasi yaratildi. 1950-yillar oxiridan Oʻrta Osiyoni tabiiy rayonlashtirish va landshaft xaritalarini yaratish bilan Oʻrta Osiyo davlat universitetining geograf olimlari shugʻullandilar. 1960—70 yillarga kelib, Oʻzbekistonda mahalliy landshaftshunos olimlarning safi shakllandi. Ular Moskva (P. B. Baratov, A. A. Rafikov, M. U. Umarov, P. N. Gʻulomov, A. Mamatov, B. O. Baxriddinov, O. Raxmatullayev, S. Abdullayev, I. Abdugʻaniyev), Sankt-Peterburg (A. Saidov, M. Rasulov, Sh. Ergashev, T. Rahimov, Yu. Sultonov), Lvov (L. Alibekov, T. Jumaboyev), Voronej (A. Abdulqosimov), Boku (S. A. Nishonov), Ashxobod (I. Nazarov), Qozon (T. Ollonazarov) va Toshkent (Sh. S. Zokirov, I. A. Hasanov, A. Zayniddinov, A. Soatov) landshaftshunoslik maktablariga mansubdirlar. Ularning har biri muayyan hududlarni rayonlashtirish va landshaft xususiyatlarini tahlil qilish, tabiiy resurslarni baholash bilan shugʻullandilar. Meliorativ geografiya (A. A. Rafiqov, I. A. Hasanov), rekreatsiya geografiyasi (3. Mahamatillayev, A. Zokirov), landshaftlar rekultivatsiyasi (H. Vahobov) va geokimyosi (I. N. Stepanov, Oʻ. Abdunazarov, H. Maʼsudov) boʻyicha ham tadqiqotlar oʻtkazdilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti tarkibidagi Geografiya ilmiy tadqiqot boʻlimi 1958-yildan boshlab geografik tadqiqotlar olib bordi.

Tabiiy geografiya, landshaftshunoslik va ekologiyaga doir tadqiqotlar Toshkent sh.dan tashqari Samarkand (L. Alibekov, A. Abdulkrsimov. O. Rahmatullayev), Jizzax (S. A. Nishonov), Fargʻona (O. Yu. Sultonov, A. Maqsudov, I. Abdugʻaniyev), Buxoro (I. Nazarov), Qarshi (A. Mamatov, S. Abdullayev) va b. shaharlarda ham olib boriladi.

Geomorfologiya

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekistonda geomorfologiya va u bilan bogʻliq toʻrtlamchi davr shakllanishi geomorfolog Yu. A. Skvorsov va geolog N. P. Vasilkovskiylar nomi bilan, Respublika geomorfologiyasining keyingi yutuqlari geograf-geomorfologlardan – O. Yu. Poslavskaya, N. A. Kogay, G. F. Tetyuxin, M. M. Mamatqulov, E. D. Mamedovlarning koʻp yillik tadqiqotlari bilan bogʻliq.

Meteorologiya va iqlimshunoslik

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bu soha boʻyicha respublikada mumtoz iqlimshunoslik (klimatografiya), sinoptik meteorologiya va dinamik iqlimshunoslik, mikroiqlimshunoslik, agrometeorologik hamda agroiqlimshunoslik, bioiqlimshunoslik va shahar iqlimshunosligi ilmiy yoʻnalishlari vujudga keddi.

Mikroiqlimiy va agrometeorologik tadqiqotlar 20-yillarda Mirzachoʻlda voha iqlimini oʻrganishga doir ishlar bilan boshlandi. 1950- yillardan Oʻrta Osiyo davlat universitetida agrometeorologiya, yerga yaqin havo qatlamlari fizikasi boʻyicha muntazam tadqiqotlar olib borildi va unda L. N. Babushkin, A. T. Muqminova, M. A. Orifxonova kabi koʻplab meteorolog hamda iqlimshunoslar ishtirok etdi. Agrometeorologik va agroiqlimiy tadqiqot ishlarini rivojlantirishga S. A. Sapojnikova, F. A. Muminov, D. Matmurodov, A. S. Hasanov, A. Abdullayev kabi tadqiqotchilar ham munosib hissa qoʻshdilar.

Sinoptik meteorologiya va dinamik ikdimshunoslikka doir ishlar Toshkentda V. A. Jorjio, V. A. Bugayevlar faoliyati (1930—60 yillar) bilan bogʻliq.

B. A. Ayzenshtat Oʻrta Osiyo landshaftlari, xususan qumli choʻllarning balansini oʻrganish bilan shugʻullandi.

Oʻrta Osiyo gidrologiyasi bilan E. M. Oldekop va L. K. Davidovlar, 1950—70 yillarda togʻ gidrologiyasi bilan V. L. Shuls shugʻullandi. U Oʻrta Osiyoni geografik-gidrologik tamoyillar asosida rayonlashtirdi va oʻlka suv oqimining asosiy qonuniyatlarini bayon etdi. V. L. Shulsning rahbarligida L. I. Shalatova, I. R. Alimuhamedov gidrolog tadqiqotchilar yetishib chikdi.

Oʻrta Osiyo gidrologiyasi boʻyicha ilmiy ishlar O. P. Shcheglova va uning shogirdlari G. Ye. Glazirin, A. R. Rasulov, R. S. Saidova, F. Hikmatov va b.ning faoliyati bilan bogʻliq.

Respublikada sel oqimlarini geografik va gidrologik oʻrganish bilan F. K. Kocherga, P. M. Karpov, T. Mustafaqulov, R. G. Vafin, V. P. Pushkarenko, S. Toʻlaganov va A. Saidovlar shugʻullandilar.

Gidrologik tadqiqotlar majmuida daryo oʻzanidagi dinamik jarayonlarni oʻrganish S. T. Altunin va A. M. Muhamedov rahbarligida amalga oshirildi.

1960-yillardan R. A. Alimov, A. 3. Zohidov, V. P. Svetitskiy, N. I. Zudina va b. obikor yerlar suv balansi va tuz rejimini oʻrganish boʻiicha ishlar olib bordilar.

Xoʻjalikka xizmat koʻrsatish nuqtai nazaridan gidrologik bashorat boʻiicha oʻtkazilgan tadqiqotlar P. M. Mashukov va 3. V. Jorjiolar nomi bilan bogʻliq. Gidrologik jarayonlarni modellashtirish muammolari boʻyicha Yu. N. Ivanov, Yu. M. Denisovning tadqiqotlari diqqatga sazovor. Obikor dehqonchilik bilan bogʻliq gidrologiya muammolari ham olimlarning diqqat markazida boʻldi (G. N. Trofimov, N. K. Lukina, Ye. M. Vidineeva, Q. Domlajonov va b.).

N. L. Korjenevskiy 1930-yil Oʻrta Osiyo muzliklarining katalogi (jadvali)ni yaratdi va koʻpgina togʻ muzliklarini birinchi boʻlib tavsifladi. Keyinchalik Oʻzbekistonda G. Ye. Glazirin, V. G. Konovalov, V. F. Suslov, A. S. Shchetinnikov, V. Nozdryuxin, A. A. Kreyter, M. A. Nosirov, A. Akbarov kabi glyatsiolog mutaxassislar yetishib chiqdi.

Oʻrta Osiyo koʻllarini oʻrganishga olimlardan N. L. Korjenevskiy, L. A. Molchanov, N. G. Mallitskiy, A. M. Nikitin va b. hissa qoʻshdilar.

Oʻzbekistonda gidrometeorologik tadqiqotlarning asosiy markazlari V. A. Bugayev nomidagi Oʻrta Osiyo regional gidrometeorologiya ilmiy tadqiqot instituta (Toshkent), Oʻzbekiston Milliy universiteti, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Geologiya va geofizika hamda Suv muammolari institutlaridir.

Ilmiy va amaliy gidrologik tadqiqotlar asosan gidrometriya, suv eroziyasi va oʻzan jarayonlarini oʻrganish (A. R. Rasulov, T. Joʻrayev, S. R. Saidova, M. Mirziyotov, F. Xikmatov), gidrokimyo (E. Chembarisov, K. Domlajonov), gidroekologiya (A. Nazarov, A. Abdurahmonov, 3. Sirliboyeva), gidromelioratsiya (Sh. Yunusov, E. Joʻrabekov) va irrigatsiya tarixi (A. Razzoqov), suv resurslarini oʻrganish (Sh. Murodov, S. Karimov, U. Tursunov), muzlikshunoslik (M. A. Nosirov, A. Akbarov), koʻlshunoslik (O. Nuriddinov) kabi yoʻnalishlar boʻyicha muvaffaqiyatli davom etmoqda.

Tuproqlar geografiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1920-yil Oʻrta Osiyo universiteti tarkibidagi Tuproqshunoslik va geobotanika institutida tuproqshunos N. A. Dimo rahbarligida tuproq qoplami geografik landshaftlarning tarkibiy qismi va koʻzgusi, ayni vaqtda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining asosi hamda resursi sifatida oʻrganildi.

Regional tuproqshunoslikning xilmaxil muammolari ustida A. M. Rasulov, A. Maksudov, H. Maqsudov va A. Neʼmatov, J. S. Sattorov va L. Tursunovlar tadqiqotlar olib borgan.

Oʻzbekistonda geografik tuproqshunoslik Oʻrta Osiyo tuproqlarini geografik, ekologik va geokimyoviy jihatdan oʻrganish asosida rivojlandi (Oʻ. Abdunazarov, H. Maʼsudov, L. Kamolov va b.).

Biogeografiya

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Biogeografik tadqiqotlar maktabining asoschilari zoolog D. N. Kashkarov bilan botanik Ye. P. Korovindir.

Oʻzbekistonda biogeografik tadqiqotlar ayni vaktda ularning ikki asosiy tarmogʻi – botanik geografiya va zoogeografiya yoʻnalishlarida ham shakllandi. 1920—40 yillarda oʻlka oʻsimliklari va hayvonoti geografik-ekologik oʻrganildi (M. P. Popov, R. I. Abolin, Ye. P. Korovin, P. A. Baranov, I. A. Raykova, M. M. Sovetkina, I. I. Granitov).

Oʻzbekistonda botanik geografiyaning rivojlanishi va milliy ilmiy kadrlarni yetishtirishda akademik K- 3. Zokirov va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi I. I. Granitov salmoqli hissa qoʻshdilar.

1950-yillardan boshlab oʻsimliklar geografiyasi, ekologiyasi va fiziologiyasi boʻyicha oʻzbek botaniklaridan – M. M. Orifxonova, P. Q. Zokirov, X.

M. Oxunovning ilmiy asarlari bosilib chiqdi. Shuningdek, botanik-geografik ilmiy tadqiqotlar rivojiga D. K. Saidov, M. M. Nabiyev, T. A. Odilov, O. X. Hasanov, A. I. Usmonov, Oʻ. Pratov, S. S. Soatovlar ham muayyan hissa qoʻshdilar.

Hayvonlar geografiyasiga doir tadqiqotlarni Oʻzbekistonda zooekolog D. N. Kashkarov va zoogeograf N. A. Bobrinskiylar olib bordi. Oʻzbekiston zoogeografiyasining keyingi rivoji T. 3. Zohidov, I. I. Kolesnikov, R. N. Meklenbursev, H. Solihboyev, Gʻ. S. Sultonov, V. P. Kostin, G. I. Ishunin va b.ning ilmiy faoliyati bilan bogʻliq.

Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Respublikada iqtisodiy va demogra-fik tadqiqotlar 1920-yillardan boshlangan. Iqtisodchi hamda geograflar G. N. Cherdansev, N. N. Kojanov, N. K. Yaroshevich, Yu. I. Poslavskiy, A. I. Golovin va b. iqtisodiy rayonlashtirishning nazariy va amaliy muammolari, Oʻrta Osiyo ishlab chiqaruvchi kuchlarini hududiy joylashtirish hamda ri-vojlantirish masalalari, aholi va qishloq aholi turar joylarini mufassal oʻrganish muammolari bilan shugʻullandilar.

50-yillarda 3. M. Akramov, K. N. Bedrinsev, K. I. Lapkinlar qishloq xoʻjaligini iqtisodiy tahlil qildilar.

50—60-yillarda Oʻzbekistonning hududiy ishlab chiqaruvchi kuchlarini joylashtirish, majmuali rivojlantirish, rayonlashtirish hamda bashorat qilish uch asosiy ilmiy yoʻnalish – qishloq xoʻjaligi geografiyasi, aholishunoslik, aholi geografiyasi va ijtimoiy geografiya yoʻnalishlarida tadqiqotlar olib borildi.

Iqtisodiy rayonlashtirish va majmuali iqtisodiy geografik tadqiqotlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻrta Osiyo va Oʻzbekistonni iqtisodiy rayonlashtirish masalalariga 40-yillarda Toshkentda yashagan geograf V. M. Chetirkin katta eʼtibor berdi. Keyinchalik uning asosiy fikr va gʻoyalari Z. M. Akramov, K. N. Bedrinsev, A. K. Bedrinsev, I. K. Narziqulov va b.ning ijodiy izlanishlarida ri-vojlantirildi.

Respublika ishlab chiqaruvchi kuchlarini majmuali oʻrganishga doir yirik tadqiqotlar 1950-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Ishlab chiqaruvchi kuchlarni oʻrganish kengashi (SOPS) tomonidan boshlab berildi. Iqtisodiy geografik va majmuali geografik tadqiqotlarni olib borishda 1958-yil tashkil etilgan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Geografiya boʻlimi katta rol oʻynadi.

Qishloq xoʻjaligi geografiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbeki ston qishloq xoʻjaligini majmuali oʻrganish va bashorat qilish, tabiiy sharoit va resurslariga qishloq xoʻjaligi nuqgai nazaridan baholashga doir tadqiqotlar olib borildi (K. I. Lapkin). Oʻzbekistonning chorvachiligini (qarang A. Abirqulov), agrar-sanoat majmuini (A. R. Roʻziyev va A. M. Sodiqov), Fargʻona vodiysining qishloq xoʻjaligini (O. Abdullayev) oʻrganish boʻyicha tadqiqotlar amalga oshirildi. Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini turli regionlar va tarmoqlar boʻyicha tashkil etish muammolari oʻrganildi (R. A. Xodiyev, T. E. Egamberdiyev, T. Tojimov, S. S Saidkarimov, T. Jumasv, K. K. Qurbonov, Sh. Azimov, R. U. Usmonov).

Aholishunoslik va aholi geografiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Aholishunoslik muammolarini ilmiy oʻrganish N. V. Smirnov, T. I. Raimov, O. B. Otamirzayev, A. S. Soliyev, A. A. Qayumovlarning tadqiqotlarida oʻz ifodasini topdi.

1960-yillarda Toshkent universitetining geografiya ilmiy tadqiqot boʻlimida M. K. Qoraxonov rahbarligida majmuali aholishunoslik muammolari turli yoʻnalishlarda tadqiq etildi, ayni vaqtda qishloq joylarini oʻrganish boshlandi (R. Valiyeva, G. R. Asanov, E. Safarov).

1972-yil Toshkent Davlat Universitetida Aholishunoslik muammolari ilmiy tadqiqot laboratoriyasi ish boshladi.

Yirik poytaxt shaharlar (T. I. Raimov, E. Toshbekov) va shahar aglomeratsiyalarini (O. B. Otamirzayev, N. X. Mamatqulov) hamda umuman regiondagi aholi punktlari tizimlari, urbanizatsiyaning rivojlanishini (T. I. Raimov, O. B. Otamirzayev, A. S. Soliyev, X. S. Salimov va b.) oʻrganish ham geograflarning diqqat markazida boʻldi.

Oʻrta Osiyoda qishloq aholi turar joylarining shakllanishi, hududiy taqsimlanishi va rivojlanishi masalalari tadqiq qilindi (G. R. Asanov, A. B. Botirov, A. A. Kayumov, T. D. Jumasv, T. Mallaboyev, E. S. Safarov, M. Ya. Yangiboyev va b.). Aholining migratsiyasi (S. N. Kononenko), tabiiy oʻsishi (M. Boʻriyeva, A. Gʻaniyev), demografik rivojlanishi (A. Saʼdullayev) masalalari ham oʻrganildi. Ijtimoiy geografiyaning ilmiy-nazariy asoslari ham tadqiq etilmoqda (A. A. Kayumov). Respublikada sanoat geografiyasi (S. Zokirov, N. Sultonov va b.), transport geografiyasi, maishiy xizmat geografiyasi, geoekologiya va ijtimoiy ekologiyaning iqtisodiy geografik jihatlari boʻyicha tadqiqotlar olib borilmoqda.

Geografiya tarixi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻrtaosiyolik oʻrta asr geograflari va sayyohlari ilmiy merosini oʻrganish bilan H. H. Hasanov shugʻullandi. Oʻrta Osiyo tabiatini 17— 18-asrlarda oʻrganish tarixi bilan A. V. Pankov va R. L. Yugay shugʻullandilar. 19-asrning 2-yarmidagi geografik tadqiqotlar tarixini A. A. Azatyan, 3. N. Donsova. N. I. Leonov, A. M. Ochilov oʻrgandilar.

Oʻrta Osiyoni 20-asrda geografik va ekologik oʻrganish tarixi masalalarini R. U. Rahimbekov oʻrgandi. Oʻrta Osiyo geografiyasi tarixining ayrim masalalari (I. Inogʻomov, A. M. Ochilov, U. Obidov va b.) oʻrganildi.

Xaritagrafiya

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻrta Osiyo va Oʻzbekistonning umumiy geografik xaritalarini tuzish bilan geograf N. L. Korjenevskiy shugʻullandi. Ye. P. Korovin 1933-yil tuzib, „Urta Osiyo va Kozogʻiston oʻsimliklari“ monografiyasiga ilova qilgan geobotanik xarita muhim biogeografik, ekologik va geografik ahamiyat kasb etdi. 1920-yillarda xaritagrafiya bilan R. I. Abolin, 1930—50 yillarda I. I. Granitov shugʻullandi. 1940—50 yillarda Oʻzbekistonning geografik jihatdan muhim ahamiyatga molik tuproq va tuproq-iqlim xaritalari nashr etildi. 1960-yillarda „Uz-Giprozem“ instituti ishlab chiqarish hamda oʻquv maqsadlarida 1:1000000 va 1:1500000 masshtabli 10 dan ortiq qishloq xoʻjaligi xaritasini va landshaftlar xaritasini nashr etdi. Usha yillarda Oʻzbekiston barcha viloyatlarining tabiiy-oʻlkashunoslik oʻquv xaritalari chop etildi (T. M. Mirzaliyev).

Oʻzbekiston xaritagrafiyasining ilmiy markazlari Oʻzbekiston Millim universitetining Geodeziya va xaritagrafiya kafedrasi va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Seysmologiya i-ti tarkibidagi Geografiya boʻlimidir. Toshkent Davlat Universiteti xaritashunoslari (T. M. Mirzaliyev, Ye. G. Brodskiy, A. E. Egamberdiyev, L. M. Qoʻziboyeva, L. G. Soliyeva) tashabbusi va ishtirokida 1981-yil Oʻzbekistonning birinchi oʻquv maʼlumotnomali atlasi rus va oʻzbek tillarida nashr etildi.

Geografiya boʻlimi 1981—2000-yillarda Oʻzbekistonning 70 bosma taboqdan ziyod akademik atlasi, Toshkent shahrining atlasi, paxtachilik va tibbiy-geografiya atlaslari, „Turkiston – umumiy uyimiz“ albom atlasi, Oʻzbekistonning ekologik xaritasidan tashqari tabiatii muhofaza qilish, choʻllashish va landshaft xaritalarini nashr qildi. L. X. Gʻulomova xaritagrafik tadqiqotlarda kosmik usullardan foydalanish boʻyicha, M. Asomov, Sh. Buzrukov, A. Bozorboyev, J. Koraboyev, T. Qoraboyevalar xaritagrafiyaning turli yoʻnalish va mavzulari boʻyicha tadqiqotlar olib bormoqdalar.

Geografiya boʻlimi respublika hududini majmuali tabiiy va ijtimoiyiqtisodiy geografik oʻrganish, tabiiy muhitni muhofaza qilish muammolari va tabiatiing inson taʼsirida oʻzgarishini bashorat qilish, mavzuli va hududiy atlas va xaritalar tuzish masalalari bilan shugʻullanadi. Boʻlim tarkibida oʻlkani majmuali geografik bashoratlash, atrof muhit muhofazasi, xaritagrafiya va masofadan tadqiq etish laboratoriyalari faoliyat koʻrsatmoqaa. Boʻlimda hozirgacha 8 ta doktorlik va 50 dan ziyod fan nomzodligi dissertatsiyalari himoya qilindi. Boʻlim Rossiya, Xitoy, Fransiya, Germaniya va MDH davlatlari Fanlar akademiyasi larining ilmiy tadqiqot muassasalari bilan ijodiy hamkorlik qilmoqda. Oʻzbekistonda geografik tadqiqot ishlari va geograf kadrlar tayyorlash ishlari bilan Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston millim universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Samarkand davlat universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, viloyat universitetlari shugʻullanadi.

Amaliy geografiya hoz. zamon geografik tadqiqot yoʻnalishlaridan biri. Asosiy maqsadi geografik ilmiy va amaliy bilimlarni yanada chuqurroq taxlil qilish, tabiat va jamiyatdagi mavjud hamda vujudga kelayotgan turli tabiiy-geografik, geoekologik hamda ijtimoiy va iqtisodiy-geografik muammolarni hal qilishdan iborat. Bu soha tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy geografiya hamda xaritagrafiya fanlariga tegishli. Yana q. Amaliy geografiya.

Geografiya taʼlimi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston hududida Geografiya 18—19-asrlarda madrasalarda umumiy holda, 19-asrning 80-yillarida rus-tuzem maktablarida, 1900-yildan yangi usul maktablarida dastur boʻyicha oʻqitildi. 19-asr 90-yillaridan Geografiyadan birinchi oʻquv qoʻllanmasi – „Yer xususida ilmdan olingan soʻzlar“ oʻzbek tilida nashr etildi. 1880-yillarda Hoji Yusuf Hayʼatiy (1842—1924) geografik globus yasadi. 1905-yilda yangi usul maktablari uchun „Turkiston va unga yondosh mamlakatlarning xaritasi“ nashr qilindi.

20-asrda Turkistonda geografiya taʼlimi rivojlandi. M. Behbudiyning „Qisqacha umumiy geografiya“ (1902), „Aholi geografiyasiga kirish“ (1903), Fotih Karimning „Geografiya“ (1914), Muhammad Aminkarimiyning „Jugrofiyai riyoziy“ (1914), Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻlining „Yer yuzi“ (1915), N. I. Balashovning „Turkiston geografiya oʻqumligi“ (1922) darsliklari nashr etildi. 1930-yildan1990-yilgacha umumiy taʼlim maktablarida faqat Oʻzbekiston tabiiy va iqtisodiy geografiyasi mahalliy mualliflar yozgan darslik va qoʻllanmalar asosida oʻqitildi. G.ni oʻqitish metodikasi boʻyicha oʻquv qoʻllanmalari, darsliklari nashr qilindi. Geografiyaga oid O. Ibrohimovning „Geografiya terminlari“ (1935), M. Bektemirov va Saidrasulovning „Qisqacha ruscha-oʻzbekcha geografiya terminlari lugʻati“ (1940), N, Dolimov va b.ning „Geografik terminlarning qisqacha ruscha-oʻzbekcha lugʻati“ (1953), H. H. Hasanovning „Geografik terminlar lugʻati“ (1964), S. Qorayev, P. Gʻulomov, R. Rahimbekovning „Geografik terminlar va tushunchalar izohli lugʻati“ (1979) yaratildi. Bu davrda oliy geog. taʼlimi ham ancha rivojlandi. davlat universitetlari va pedagogika institutlarida Geografiya fakultetlari ochildi. Oliy maktablar uchun Geografiyadan darslik va oʻquv qoʻllanmalari oʻzbek tiliga tarjima qilindi hamda yangilari yozildi. Geografiya taʼlimining yangi davlat standarti, oʻquv dasturlari ishlab chiqildi. Bir qancha yangi darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari, geografik terminlar lugʻati va xaritalar yaratildi.

  • Preobrajenskiy V. S. i dr., Geografiya v menyayushemsya mire. Vek XX. Moskva, 1997, 274-bet.
  • Hasanov H., Oʻrtaosiyolik geograf va sayyohlar, Toshkent, 1964.
  • Qoriyev M., Oʻrta Osiyo tabiiy geografiney, 2-nashr, Toshkent, 1968.
  • Akramov, Ziyovuddin; Rafitsov, Asomiddin; Azimov, Shuhrat. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Birinchi jild. Toshkent, 2000.