Kontent qismiga oʻtish

Kiroman Kotibin

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(KIROMAN KOTIBINdan yoʻnaltirildi)

Kiroman Kotibin (arabcha: kirom – soʻzi karamli, muhtaram, aziz; arabcha: kotib – soʻzi yozuv-chizuv ishlari va yozishmalarni olib boruvchi shaxs maʼnosini bildiradi) – insonlarning har bir amallarini yozib boruvchi farishtalar.

Qur’oni karimda bir marta: „Holbuki, ustingizdan kuzatib turuvchilar bordir. Ular kiroman kotibin (hurmatli yozib turuvchilar). Nima qilayotganingizni biladiganlardir“ (Infitor, 10-12 oyatlar) uchraydi. Alloh taolo har bir insonga ikki farishtani: oʻngdan bitta va chapdan bittani biriktirgan, ikkovlari insonning yaxshilik va yomonliklarini yozib boradilar. Ular „Kiroman kotibin – hurmatli yozib turuvchilar“ deyiladi va mazkur farishtalar Allohning huzurida mukarram sanaladilar. Har bir bandaning oʻng tomonidagi farishta yaxshi amallarini, chap tomonidagi farishta yomon amallarini yozib boradi.

Qiyomat kuni insonga hujjat sifatida koʻrsatiladigan nomai aʼmol ushbu farishtalar yozgan yozuvlar boʻladi. Bu xususda Imom Hasan Basriy: „Ey odam bolasi, sening sahifang ochildi, ikki hurmatli farishta senga vakil qilindi. Bittasi, oʻng tarafingdagisi yaxshiliklaringni yozadi, ikkinchisi, chap tarafingdagisi yomonliklaringni yozadi. Nimani xohlasang, qilaver, ozmi, koʻpmi. Vafot etganingda sahifang berkitiladi, qabringda boʻyningga osib qoʻyiladi. Qiyomat kuni shunday holda qabringdan chiqasan“ deganlar[1].

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 253.
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.