Kontent qismiga oʻtish

Kichik juz

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Kichik Juzdan yoʻnaltirildi)

Kichik juz — uch yirik qabilaviy birlashma (boyuli, alimuli, jetiuru) dan iborat xonlik (16-asr). Boyuli birlashmasini Nurali sulton (1748—86), Alimuli birlashmasini Abulxayrxon(18-asrning 20-yillari — 1748), Jetiuruni Tavkaxon boshqargan. Kichik juz hududi Ural, Tobol daryolaridan Sirdaryoning quyi oqimlarigacha boʻlgan yerlarni oʻz ichiga olgan. Jan.da Oʻrta Osiyo davlatlari va qozoq, qoraqalpoq yerlari, Gʻarbda Kaspiy dengizi, shim. da Astraxon, Saratov, Orenburg gubernyalari bilan chegaralangan. Abulxayrxon oʻldirilgach, Kichik juz uning ugillari Nurali va Botir tomonidan boshqarildi. Kichik juz yerida vaqti-vaqti bilan xonliklar, baʼzan turli urugʻlarni oʻz ichiga olgan bir necha xonliklar tashkil topgan. 1785-yildan boshlab yana uch xonlikka boʻlingan. Ularni Erali (1790—94), Eshim (1795—97), Abulxayrxonning oʻgʻli Ayshuvoq sulton (1798—1805) lar boshqargan. Undan keyingi xon Jontoʻra 1824-yil oʻldirilgach, Kichik juz tugatildi. Kichik juz hududlarida qoramollarni yil boʻyi yemxashak bilan taʼminlay oladigan qishlov va yaylovlar boʻlgan. Qishki yaylovlar Sirdaryo bilan Ural daryolari etagida, Irgʻiz va Toʻrgʻay daryolarining quyilish joylarida, Som va Barsuq choʻllarida, yozgi yaylovlar esa Ural daryosining irmoklari boʻyicha Tobol qirlarida, Mugʻojar togʻlarida joylashgan. Kichik juz koʻchmanchi qabilalari dushman hujumini birgalikda qaytarar, harbiy yurishlarga ham birgalikda chiqar edilar. 19-asr oʻrtalarida Kichik juz aholisiningsoni 1 mln.gayetgan. "1844 i. Orenburg oʻlkasi qirgʻizlarini boshqaruv boʻyicha nizom" ga binoan, Kichik juz yerlari Rossiya imperiyasi hududlariga qoʻshib olindi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil