Kontent qismiga oʻtish

Kichik Osiyo togʻligi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Kichik Osiyo tog‘ligidan yoʻnaltirildi)

Kichik Osiyo togʻligi — Turkiyadagi togʻlik, Kichik Osiyo yarim oralning katta qismini egʻallaydi. K.Kichik Osiyo togʻligining markaziy qismi Anadolu yassitogʻligidan, shimolida Pontiya va jan.da Tavr togʻlaridan iborat. Sharkda K.Kichik Osiyo togʻligi sekin-asta Sharqiy Tavr togʻlariga oʻtib boradi. Uzunligi. 1200 km chamasida. Kengligi 600 km gacha, koʻp qismining bal. 800-1500 m, Ichki rayonlariga chala choʻl landshafti xos. Togʻlarning tashqi yon bagʻirlari oʻrmon va Oʻrta dengiz boʻyi butalari bilan qoplangan.[1]

Kichik Osiyo togʻligi hududiy jihatdan Osiyoning gʻarbiy qismida joylashgan Kichik Osiyo yarim oroliga toʻgʻri keladi. U shimolda Qora, gʻarbda Marmar va Egey, janubda Oʻrta dengizlari bilan, sharqda Armaniston togʻligi bilan chegaralangan. Kipr, Rodos, Lesbos va boshqa orollar ham shu oʻlka tarkibiga kiradi. Oʻlkaning shimoliy va janubiy chekkalari uchun tizma togʻlar, markaziy qismi uchun keng yassi togʻlik relef tiplari xarakterli. Sharq tomonda chekka togʻ tizmalari bir-biriga yaqinlashib, ularni daryo vodiylari ajratib turadi, yassi togʻlik esa bir necha qismlarga boʻlinadi. Relefining asosiy qiyofasi neogen va antropogenda shakllangan. Kichik Osiyo togʻligining shimoliy chekkasidagi togʻ tizmalari Pontiya togʻlari deb ataladi va bu togʻlarning shimoliy yonbagʻirlari Qora dengiz tomon tik tushgan. Pontiya togʻlari boʻylama botiqlar va vodiylar bilan ajralib turgan ikkita parallel tizmadan - shimolda Kyure, janubda Ilgaz va Koʻroʻgʻli tizmalaridan iborat. Pontiya togʻlari kembriydan oldingi va paleozoyning kristall jinslaridan tarkib topgan, vulkanik jinslar sharq tomonda koʻp uchraydi. Pontiya togʻlari orografik tuzilishi va relef xususiyatlariga koʻra Gʻarbiy, Oʻrta va Sharqiy qismlarga boʻlinadi. Gʻarbiy Pontiya kuchli parchalangan oʻrtacha balandlikdagi togʻlardir. Ayrim baland choʻqqilari 2000 m dan oshadi. Jumladan, Ulugʻtogʻ choʻqqisi dengiz sathidan 2543 m, Koʻroʻgʻli togʻi 2378 m baland. Togʻoraligi botiqlari va daryo vodiylari maksimal darajada oʻzlashtirilgan. Oʻrta Pontiya kuchli parchalangan va eng past togʻlardan tashkil topgan. U Qizil Irmoq va Yashil Irmoq daryo vodiylari oraligʻida joylashgan boʻlib, shimolda togʻ etaklari botqoqlangan delta tekisliklari bilan tutashgan. Sharqiy Pontiya togʻlari Gʻarbiy va Oʻrta Pontiyaga nisbatan balandligi va kam parchalanganligi bilan farq qiladi. Bu yerda ayrim togʻlarning balandligi 3000 m dan oshadi, choʻqqilarda alp tipidagi relef shakllari va kichik-kichik muzliklar uchraydi. Eng baland nuqtasi Laziston tizmasidagi Kachkar (3937 m) choʻqqisidir. Kichik Osiyo togʻligining janubiy chekkasida yoysimon shaklda choʻzilgan tizmalar Tavr togʻlari deb ataladi. Ularning janubiy yonbagʻri Oʻrta dengizga tik tushgan. Uzunligi 1500 km, maksimal balandligi Kaldidogʻ massivida 3726 m ga yetadi. Bu yerda 2000-3000 m balandlikdagi togʻlar koʻpchilikni tashkil etadi. Faqat Jayxon daryosining Iskandaron qoʻltigʻiga, Sayxon daryosining Mersin qoʻltigʻiga, Oqsuv va Kyopryu daryolarining Antalya qoʻltigʻiga quyilish joylarida hosil boʻlgan pastekisliklar togʻ ichki qismiga bir oz kirib boradi. Tavr togʻlari alp orogenezida burmalangan, asosan mezozoy ohaktoshlaridan, qisman metamorfik va kristall jinslardan tarkib topgan. Ohaktoshli togʻlarda karst jarayonlari va karst relef shakllari keng tarqalgan. Tavr togʻlari Gʻarbiy, Markaziy va Sharqiy Tavrga boʻlinada. Uning eng baland joylari Taxtali togʻidagi Bey (3054 m), Tejer togʻidagi Bey (2792 m), Munzur togʻidagi Oqbobo (3449 m), Temirqoziq (3726 m), Madadsiz (3585 m), Oqtogʻ (3086 m) choʻqqilaridir. Pontiya va Tavr togʻ tizmalari oraligʻida Anatoliya yassi togʻligi joylashgan. Uning balandligi gʻarbda 800 m dan sharqda 1500 m gacha koʻtarilib boradi. Yassi togʻlik yuzasidan ayrim palaxsali togʻlar va vulkanlarning choʻqqilari 2500-3000 m gacha koʻtarilib turadi. Jumladan, dengiz sathidan Nurxok togʻi 3090 m, Toprak togʻi 2531 m, Erjiyos vulkani 3916 m baland. Yassi togʻlikdagi botiqlar shoʻr koʻllar va shoʻrxoklar bilan band. Gʻarbda dengiz sohillari, togʻ tizmalari va yassi togʻlik massivlari kuchli parchalangan. Oʻlkaningʻ iqlimi tipik Oʻrta dengiz subtropik iqlim. Yanvarning oʻrtacha harorati gʻarbda +5°S, janubda +10°S. Yoz issiq, iyulning oʻrtacha harorati +25°,+30°S ga teng. Sharqda qish sovuq, yanvarning oʻrtacha harorati −16°S gacha pasayadi. Yozda botiqlarda va yassi platolarda harorat +30°S gacha koʻtariladi. Togʻlarda harorat +15°,+20°S dan oshmaydi, yogʻinlar notekis taqsimlangan. Anatoliya yassi togʻligida yillik yogʻin 200 mm, Pontiya togʻlarining shimoliy yonbagʻrida 3000 mm gacha yogʻin tushadi. Tavriya togʻlarining janubiy yonbagʻirlari ham yiliga 1000 mm dan 3000 mm gacha yogʻin oladi. Oʻlkaning gʻarbiy qismidagi havo oqimiga roʻpara joylashgan togʻ yonbagʻirlarida yogʻin miqdori 1000 mm dan oshadi. Ichki hududlarda va baland togʻlarda qishda yogʻin qor tarzida tushadi. Kichik Osiyo togʻligida gidrografik toʻr kam rivojlangan. Uning hududidan boshlanuvchi daryolar Qora, Marmar, Egey, Oʻrta dengizlarga va Fors qoʻltigʻiga quyiladi. Eng yirik daryolari Qizil Irmoq (950 km), Yashil Irmoq, Sayxon, Jayxon, Katta Menderes va boshqalar. Dajla va Frot daryolari ham Kichik Osiyoning sharqiy qismidagi togʻlardan boshlanuvchi yirik daryolardan boʻlib, ularning suv rejimi fasllarga qarab keskin oʻzgarib turadi, koʻllar kam tarqalgan. Ular kelib chiqishiga koʻra tektonik va karst koʻllar tipiga kiradi. Eng katta koʻli Anatoliya yassi togʻligida joylashgan Tuz tektonik koʻlidir. Uning suvi shoʻr, atrofi botqoq tekislik bilan oʻralgan. Tektonik koʻllar Gʻarbiy Tavrda koʻp uchraydi. Ohaktoshli togʻlarda karst koʻllari keng tarqalgan. Kichik Osiyo oʻlkasida oʻrmonlar unchalik koʻp emas. Pontiya togʻlarining yogʻin koʻp boʻladigan shimoliy yonbagʻirlarida namlikni sevadigan Kolxida tipidagi doimiy yashil oʻrmonlar oʻsadi. Oʻrmonlar tagida qizil tuproqlar rivojlangan. 600-700 m dan yuqorida togʻ qoʻngʻir tuproqlari Oʻrta dengiz tipidagi oʻrmon va butazorlar bilan qoplangan. Tavrning janubiy yonbagʻirlarida Livan kedridan iborat oʻrmon massivlari uchraydi. Baland togʻlarda subtropik oʻsimliklar bargini toʻkadigan keng bargli (buk, grab, kashtan, joʻka) oʻrmonlar bilan, undan yuqorida aralash oʻrmonlar, igna bargli oʻrmonlar, subalp butazorlari va togʻ oʻtloqlari bilan almashinadi. Ichki qurgʻoqchil yassi togʻliklarda oʻrmonlar oʻsmaydi, u yerda oʻsimlik qoplami siyrak holda oʻsadigan qaragʻay butalaridan, past boʻyli yostiqsimon butalardan, shuvoqlardan va turli boshoqli oʻtlardan iborat. Och tusli qoʻngʻir va shoʻrxok tuproqlar koʻp uchraydi. Hayvonot olami Yevropa va Osiyoga xos turlardan tarkib topgan. Pontiya oʻrmonlarida asl zotli bugʻu, qoʻngʻir ayiq, kosulya, yovvoyi choʻchqa, boʻri va tulkilar yashaydi. Ichki togʻli hududlarda muflon va yovvoyi echkilarni uchratish mumkin. Dasht va oʻrmonlarda kemiruvchilar keng tarqalgan.

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • T. V. Vlasova. Materiklar tabiiy geografiyasi (okeanlar tutash qismlari bilan birga)- Oʻqituvchi. T., 1981[1]
  • X.Vaxobov, A. A. Abdulqosimov, N. R. Alimkulov MATERIKLAR VA OKEANLAR TABIIY GEOGRAFIYASI -Toshkent ,2021[2]