Kontent qismiga oʻtish

Tasnif

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Klassifikatsiyadan yoʻnaltirildi)

Tasnif (arab. — saralash, tartibga solish), klassifikatsiya — ilm yoki inson faoliyatining biror sohasiga oid oʻzaro bir xil tushunchalar sistemasi. T. har bir fanga xos muhim mantiqiy amal boʻlib, uning vositasida shu fan doirasida toʻplangan bilimlar qatʼiy tartibga solinadi. Fanni oʻrganishda bunday T. qulaylik tugʻdiradi. T.da boʻlinuvchi va boʻluvchi tushunchalar oʻzining qatʼiy oʻrniga ega boʻladi. T. natijasida fanda muhim ahamiyat kasb etuvchi jadvallar, chizmalar, grafiklar, kodekslar vujudga keladi. Tabiiy va sunʼiy T.lar bir-biridan farq qiladi. Tabiiy T. obyektlarning muhim belgilariga asoslanadi (mas., kimyoviy elementlarning davriy sistemasi). U ilmiy tadqiqotning natijasi va muhim vositasi boʻlib, bilish jarayonida katta ahamiyatga ega. Sunʼiy T. asosida obyektlarning nomuhim belgilari yotadi va turli-tuman predmetlarni tartibga solish uchun xizmat qiladi (mas., kutubxonada kitoblarni alfavit boʻyicha joylashtirish). T.da mantiqdagi boʻlish qoidalariga qatʼiy rioya qilish lozim. T.lash davr oʻtishi bilan oʻrganilayotgan obyekt haqidagi bilimlarimizning rivojlanishiga moye ravishda takomillashtirilib, tuzatilib, rivojlantirilib boriladi. T.lash har bir tushunchaning tafakkur tizimidagi oʻrnini aniqlab beradi. T.lash natijasida hosil boʻlgan bilim predmetning asosiy xususiyatlari hamda ular oʻrtasidagi munosabatlarni aniqlashga imkon yaratadi va bu bilimlar tartibga solingan bilim hisoblanadi.

Bilimlarning kelib chiqishi, ilmlar tartibi, strukturasi va oʻzaro munosabatini oʻrganishda fanlar T.i muhim ahamiyatga ega boʻlib, bu masala bilan oʻtmishda koʻp olimlar, jumladan, Aristotel, Forobiy, Ibn Sino, Francis Bacon, Dekart, Mil, Spenser, Immanuil Kant shugʻullangan.