Kontent qismiga oʻtish

Koʻlbuloq makoni

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Ko'lbuloq makonidan yoʻnaltirildi)

Koʻlbuloq makoni — qadimgi tosh (paleolit) davriga tegishli koʻp madaniy qatlamli yodgorlik. Koʻlbuloq makoni Qizilolmasoyning Jarsoy oʻzani sohiliga joylashgan Koʻlbuloq yaqinidan (1962-yil) topilgan. Koʻlbuloq makonini arxeologik jihatdan oʻrganish ishlari 1963—83 yillarda arxeolog M. R. Qosimov tomonidan davomli, keng koʻlamda olib borilgan. Uning madaniy qatlamlari 19 m gacha chuqurlikda oʻrganib chiqilsada, qazishmalar zarang qatlam (materik) gacha yetkazilmagan. Shunga qaramay, Koʻlbuloq makoni ajdodlarimizning qad. tosh davrida bir necha yuz ming yillar davomida uzluksiz yashagan turar joy makoni boʻlib, u faqat Oʻrta Osiyoda emas, balki Oʻrta Sharq mintaqalari yodgorliklarining yoshini aniqlashda noyob tayanch yodgorlik hisoblanadi.

Koʻlbuloq makonining yuqori qatlamlari 1,5-2 m qalinlikda soʻnggi paleolit davriga oid boʻlib, u 600 m² maydonda oʻrganilgan. Qazishma chuqurlashgan sari uning maydoni qisqarib borgan. Koʻlbuloq makonining yaqin 11 m. qalinlikdagi oʻrta qatlamlari mustye davriga oid boʻlib, uning ostidan 0,7—0,8 m qalinlikdagi toza qumli loy qatlami topilgan. Uning ostidan esa 5 m qalinlikdagi ashel davriga tegishli quyi qatlam ochilgan.

Tadqiqotchilar fikriga qaraganda, Koʻlbuloq makonida, ajdodlar hayoti quyi sheystosining soʻnggi bosqichidan to yuqori pleystotsenning oxirigacha davom etgan, yaʼni Koʻlbuloqda hayot bundan rosa 600—700 ming yil avval boshlanib, to miloddan avvalgi 40ming yillikkacha davom etgan. Koʻlbuloq makonining har bir davr qatlamlaridan juda boy tosh qurollar va tegishli xayvon suyaklari topilgan. Mustye va yuqori paleolit qatlamlaridan esa oʻchoq qoldikdari, kuygan hayvon suyaklarining parchalari topilgan. Tosh kurollarga berilgan ishlov texnikasiga koʻra, Koʻlbuloq tosh „indust-riyasi“ oʻziga xos sifatlarga ega boʻlib, paleolitshunos mutaxassislar unga Koʻlbuloq makon-ustaxonasi maqomini berganlar.

Ahmadali Asqarov.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil