Kontent qismiga oʻtish

Kuchumxon

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Koʻchimdan yoʻnaltirildi)

Kuchumxon, Koʻchimxon, Koʻchim, Kuchum (? — 1598) — shayboniylar sulolasidan soʻnggi Sibir xoni (1563—98).

Rus qoʻshinlariga qarshi kurashgan. K. ruslar taʼsiridagi Yedigar (Yodgor) ni taxtdan agʻdarib, oʻzi Sibir xoni boʻldi (1563). Gʻayratli va isteʼdodli K. oʻz atrofiga aqlli odamlarni toʻpladi va xonlik hududlarini kengaytirishga kirishdi. Turkiy Sibir xonligining gʻarbiy chegarasi avvalgi hududi — Ural togʻlarigacha yetdi. Sibirni mustamlakaga aylantirish uchun intilayotgan Yermak boshchiligidagi kazak qoʻshinlari uning jiddiy qarshiligiga uchradi. Yermak qoʻshini 1582—83 yil qishini Chingi (hozirgi Tyumen) shahrida oʻtkazdi. K. boʻlgʻusi janglarga puxta tayyorgarlik koʻrdi. Sibir xonligi bilan Buxoro xonligi oʻrtasida savdo-sotiq munosabatlari yaxshi yoʻlga qoʻyilgan edi. Sibirda koʻplab buxorolik oʻzbeklar yashagan. Buxoro xoni Abdullaxon II ga maxsus elchilar yuborilib, undan harbiy yordam soʻraldi. K. Sibir xonligini Buxoro davlatiga qoʻshish tarafdori boʻlgan. Biroq oʻrtadagi masofaning juda olisligi, Abdullaxon II tomonidan Turkistonni birlashtirish uchun olib borilayotgan faol harbiy harakatlar oqibatida Sibirga oʻz vaqtida harbiy yordam yuborilmadi. Yermak qoʻshini Tobol daryosidan oʻtib, Irtish daryosi sohilidagi Sibir poytaxti — Kashliq (Isker) shahrini shiddatli janglardan soʻng bosib oldi (1583-yil 25 oktabr). K. boshchiligidagi qoʻshin (vogullar va ostyaklar uning ittifoqchilari edi) chekinishga majbur boʻldi. 1584-yil Buxorodan katta karvon yetib keldi. K. qoʻshinlari hujumga oʻtib, Irtish boʻyidagi hozirgi Tura shahri oʻrnida Yermak qoʻshinini yanchib tashlashdi (1585). Jangda bosqinchilarning boshligʻi ham oʻldirildi. N. Karamzinning yozishicha, 1587-yil Rus podshosi Fyodor Ivanovich (hukmronligi 1584—98) K.ga maxsus yorliq yuborib, u agar Moskvaga boʻysunsa, hozirgidek Sibir xoni boʻlib qolishini maʼlum qiladi. K. javob xatida magʻrurlik bilan u Sibir xoni ekanligini va Yermakni yengganligini taʼkidlaydi. 1591-yil 1 avgustda K.ning oʻgʻli Abulxayr va ikki xotini I shim dashtidagi Chilikoʻl atrofida asir olinib, Moskvaga joʻvatilgan. K. rus otryadlariga qarshi muvaffaqiyatli jang harakatlarini 1598-yilgacha davom ettirdi. 1598-yil boʻlgan janglarning birida u magʻlubiyatga uchrab, Noʻgʻay oʻrdaga chekindi va oʻsha yerda oʻldirildi. K.ning oʻlimidan soʻng ham Sibirdagi tatar va boshqa xalqlar ancha muddat rus askarlariga qarshi kurashdilar.

  • Barmankulov M., Xrustalvaya mechta tyurkov o kvadrovatsii, Almati, 1999.

Qahramon Rajabov.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil