Kontent qismiga oʻtish

Glaukoma

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Koʻk suvdan yoʻnaltirildi)
Glaukoma

Glaukomada koʻzning koʻrinishi
KXK-10 H40-H42
KXK-9 365
eMedicine oph/578

Glaukoma (yunoncha glaucos – och koʻk, koʻkimtir-yashil), koʻk suv, nazla – koʻz kasalligi; asosiy belgilari: koʻz ichi bosimining oshishi, koʻruv maydonining torayishi va koʻruv nervi diski atrofiyasi. Birlamchi, ikkilamchi va boshqalar. Glaukoma farq qilinadi. Birlamchi Glaukoma mustaqil kasallik boʻlib, u koʻz ichi bosimi boshqarilishi va koʻz ichi suyuqligi chiqishining buzilishidan yuzaga keladi. Asosan 35—40 yoshdan oshgan odamlarda uchraydi. Koʻz ichki burchagining holatiga qarab yopiq burchakli, ochiq burchakli va aralash burchakli shakllarda boʻladi. Yopiq burchakli glaukomada koʻpincha bemorning bir koʻzi va boshining oʻsha tomoni dapqir-dapqir ogʻrib qoʻyadi, koʻz xiralashadi, yorugʻga qaraganda yoysimon doira koʻrinadi. Vaqt oʻtishi bilan koʻz va peshonadagi ogʻriq kuchayib, bemorning koʻngli aynib, qayt qiladi, koʻzi qizarib yoshlanadi; koʻz oldida joylashgan qon tomirlar kengayadi. Muguz parda xiralashadi, koʻzning old qismi sayozlashadi, qorachiq kengayib, yorugʻdan torayish xususiyati yoʻqoladi, koʻkimtir-zangori rangga kiradi. Koʻz ichi bosimi keskin oshib, koʻz soqqasi qattiqlashadi. Glaukomaning oʻtkir xuruji roʻy beradi. Ochiq burchakli Glaukoma bilan xastalangan bemor anchagacha koʻzidan shikoyat qilmasligi mumkin. Koʻz ichi bosimi oshadi-yu, lekin ogʻrigan koʻz sogʻidan deyarli farq qilmaydi; bosim ortgan sari koʻruv nervi va toʻr parda ezilib, ularda qon aylanishi qiyinlashadi, natijada koʻrish maydoni torayib, koʻrish yomonlashadi. Aralash burchakli Glaukoma asosan gonioskopiya usuli bilan aniqlash mumkin.

Ikkilamchi Glaukoma ayrim koʻz kasalliklarining (uveit, koʻz gavhari kasalliklari, qon tomir kasalliklari, koʻz soqqasining shikastlanishi, distrofiyasi va oʻsmasi) asorati sifatida vujudga keladi. Tugʻma va oʻsmir yoshdagilar Glaukomasi koʻz ichki burchagining norasoligi va toʻqimalar rivojlanishidagi ayrim nuqsonlar tufayli paydo boʻladi.

Koʻz ichi bosimi normada 18—26 mm simob ustuniga teng . Agar u 26 mm dan oshsa, maxsus tekshiruvlar oʻtkazib Glaukomani vaqtida aniqlash lozim. Kasallikning oldini olish uchun yoshi 40 dan oshgan kishilarning koʻz ichi bosimi muntazam tarzda yiliga bir marta oʻlchanib turishi kerak. Koʻz ichi bosimi oshsa, koʻz yoki bosh ogʻrisa, koʻrish yomonlashsa, darhol vrachga koʻrsatish lozim.

Glaukomaning har bir shaklida boshlangʻich, rivojlangan, oʻtib ketgan va terminal bosqichlar kuzatiladi. Glaukomaning oʻtkir xurujida koʻz ichi bosimini tushiruvchi mahalliy va umumiy davo buyuriladi. Agar koʻz ichi bosimi hadeganda tushavermasa (24 soat davomida) jarrohlik usuli qoʻllanadi. Glaukomaning barcha turlarini davolash uchun avval doridarmonlar buyuriladi. Agar davolashga qaramay koʻz ichi bosimi doimo oshib tursa, koʻrish maydoni toraysa, lazer nurlari yoki mikroxirurgiya usullari bilan koʻz operatsiya qilinadi. Bu usullar qancha erta qoʻllanilsa, koʻrishni shuncha yaxshi va uzoq, muddat saqlash imkoniyati tugʻiladi. Glaukoma bilan xastalangan bemor maʼlum tartibga rioya qilishi lozim. Koʻproq sutli va sabzavotli ovqatlar tanovul qilish, mehnat sharoitini yengillashtirish, tunda bajariladigan ishni kunduzi va yorugʻ joylarda, vaqt-vaqti bilan dam olib qilish tavsiya etiladi. Asabiy (aqliy) va jismoniy zoʻriqish, boshni engashtirib ishlash, suyuqlikni koʻp isteʼmol qilish, achchiq choy, kofe va spirtli ichimliklar ichish tavsiya etilmaydi. Glaukomaning oldini olishda dispanserizatsiya yoʻli juda qoʻl keladi, bunda kasallikni erta aniqlash va bekamu koʻst davolash mumkin. Glaukom bu koʻz ichibbosimining oshishi bilan tariflanadi.

Normal koʻrishdagi koʻrinish
Glaukoma taʼsirida yoʻqotilgan periferiya bilan koʻrishdagi koʻrinish

Glaukomani davolashning hozirgi maqsadlari glaukomatoz va nervlarning shikastlanishiga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek, minimal yon taʼsiri boʻlgan bemorlarning koʻrish maydoni va umumiy hayot sifatini saqlab qolishdir.[1][2] Buning uchun tegishli diagnostika usullari va keyingi tekshiruvlar, shuningdek, maʼlum bir bemor uchun davolanishni oqilona tanlash kerak. Koʻz ichi bosimi (KIB) glaukomaning asosiy xavf omillaridan faqat biri boʻlsa-da, uni turli farmatsevtik preparatlar va yoki jarrohlik usullari bilan kamaytirish hozirda glaukomani davolashning asosiy yoʻnalishi hisoblanadi. Shuningdek, tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, marixuana koʻz ichi bosimidan foydalanish.[3] Birlamchi ochiq burchakli glaukoma va koʻz ichi gipertenziyasi boʻlgan odamlarni koʻrib chiqish shuni koʻrsatdiki, KIB-ni pasaytiradigan dori-darmonlarni davolash koʻrish maydonining yoʻqolishining rivojlanishini sekinlashtiradi.[4] Qon tomir oqimi va glaukomatoz optik neyropatiyaning neyrodegenerativ nazariyalari turli xil neyroprotektiv terapevtik strategiyalarni, shu jumladan ozuqaviy birikmalarni oʻrganishga turtki boʻldi, ularning baʼzilari hozirda klinisyenlar tomonidan foydalanish uchun xavfsiz deb hisoblanishi mumkin, boshqalari esa sinovdan oʻtkazilmoqda. Ruhiy stress, shuningdek, koʻrish qobiliyatini yoʻqotishning oqibati va sababi hisoblanadi, yaʼni stressni boshqarish boʻyicha treninglar, avtogenik treninglar va stressni boshqarishning boshqa usullari foydali boʻlishi mumkin.[5]

  1. „The management of glaucoma and intraocular hypertension: current approaches and recent advances“. ncbi.nlm.nih.gov. Qaraldi: 2022-yil 9-iyun.
  2. „Practical approach to medical management of glaucoma“. ncbi.nlm.nih.gov. Qaraldi: 2022-yil 9-iyun.
  3. „Methods Of Glaucoma Treatment“. amsterdammarijuanaseeds.com. 2022-yil 14-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 9-iyun.
  4. „Medical interventions for primary open angle glaucoma and ocular hypertension“. ncbi.nlm.nih.gov. Qaraldi: 2022-yil 9-iyun.
  5. „Mental stress as consequence and cause of vision loss: the dawn of psychosomatic ophthalmology for preventive and personalized medicine“. ncbi.nlm.nih.gov. Qaraldi: 2022-yil 9-iyun.
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Hamidova M. X., Boltoyeva Z. K., Koʻz kasalliklari, T., 1996.

Xolidjon Komilov.