Buyuk ozodlik xartiyasi
Toʻliq nomi:
| |
---|---|
Imzolangan sanasi | 1215 |
Imzolangan joyi | Salisbury monastiri |
Tomonlar | Ioann va Angliyaning 25 baroni |
Tillari | Inglizcha |
Buyuk ozodlik xartiyasi (Lotincha: Magna Carta yoki Magna Carta Libertatum)[1][2] – 1215-yil Angliyada imzolangan muhim hujjatlardan biri. Bu, ayni paytda, dunyo tarixini oʻzgartirgan voqelik sifatida ham qabul qilinadi. Buyuk ozodlik xartiyasi qirolning vakolatlarini qisqartirishga qaratilgan eng dastlabki hujjatlardan biridir. Shu bilan birga, hujjatda baron va ruhoniylarga ayrim yengilliklar berilgan. Jumladan, endi qirol ruhoniylarning erkin sayloviga aralashmaydigan boʻldi. Qirol, shuningdek, oʻz vasallaridan keragidan ortiq toʻlov talab qilolmas va baronlarni oʻzboshimchalik bilan qamay olmas edi. Ritsar, shaharliklar va dehqonlarga ham maʼlum yengilliklar berilgan. 63 moddadan iborat boʻlgan bu hujjatga koʻra, davlat amaldorlarining dehqonlar haq-huquqlarini himoya qilishi, belgilangan miqdordan ortiqcha xizmat va toʻlov talab qilishi taʼqiqlab qoʻyilishi belgilab qoʻyilgan. Ammo hujjatning bu moddasiga deyarli amal qilinmagan. Shunday boʻlsa-da, „Buyuk ozodlik xartiyasi“ bugungi konstitutsiyaviy tuzumga oʻtishdagi ilk qadamlardan biri sifatida qabul qilinadigan ulkan hodisadir[3].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Buyuk ozodlik xartiyasining qabul qilinishiga yoʻl ochib bergan omillar Angliyaning Normandiya tomonidan istilo qilinguniga qadar shakllangan edi. 150 yildan buyon tinimsiz davom etib kelayotgan qirol va baronlarning kurashlari qirol Ioann Xll davrida yanada chigallashib ketadi. Baronlarning kuchini sindirish uchun qirol Ioann qoʻlidagi barcha imkoniyatni sinab koʻrishga qaror qiladi. Bundan gʻazablangan baronlar Fransiya bilan boʻlgan urushdan magʻlubiyatga uchragan Ioannga qarshi ochiqdan-ochiq urush qilishga qaror qiladi. Baronlarning maqasadi koʻproq yer-mulk, imtiyoz hamda koʻproq qal’alarni qoʻlga kiritish edi. Baronlar oʻz talablarini yozma ravishda qirolga topshirishga kelishib olgan. Isyonchilar qoʻygan talablari qirol tomonidan rad qilingan taqdirda kuch ishlatishga kelishib olishgan.
Eʼlon qilinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shu tariqa baronlar 1215-yilda qirol bilan uchrashishadi. Uchrashuvdan soʻng qirol bu talablarni tez orada koʻrib chiqishini va ijobiy qaror chiqarishini aytgan boʻlsa-da, soʻzida turmagan. Bunga javoban baronlar qirolga qarshi isyon koʻtargan. Angliyaning yirik shaharlarini egallab olgan baronlar qirolni bu hujjatni imzolashiga majbur qilgan. Yangi farmonga koʻra, qirolning cheklanmagan hokimiyati bekor qilingan. Shu tariqa qirol va baronlarning vazifasi aniq belgilab olingan. Farmon, ayni paytda, baronlarga juda katta imtiyozlar tortiq etgan. Oddiy xalq esa bu kabi imtiyozlardan mosuvo boʻlib qolavergan. Xususan, dehqonlarning yer bilan birga qoʻldan-qoʻlga oʻtish tizimi davom etavergan[4]. Oddiy fuqarolardan koʻproq yuqori tabaqa vakillarining huquqlarini oʻzida jamlagan hujjat qirol vakolatlarini baronlar va ruhoniylar foydasiga cheklab qoʻygan edi.
„Buyuk ozodlik xartiyasi“ning 39-moddasi eng muhim qismlaridan biridir. Bu modda bugungi kundagi qonunchilik asoslarining tamal toshini qoʻyganligi bilan ham ajralib turadi. Bu moddada shunday deyilgan:
Hech qaysi ozod inson mamlakat qonunlaridan tashqari hibsga olinishga yoʻl qoʻyilmaydi, mol-mulki musodara qilinmaydi, qonundan tashqari deb eʼlon qilinmaydi, surgun qilinmaydi, unga hech qanday shaklda zarar yetkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ioann qirol vakolatlarining qisqartirilishga qaratilgan bu hujjatni tasdiqlashdan boshqa chorasi qolmagan. hujjatda mamlakatdagi 25 baronning qarori qirol farmonidan ustun ekanligi belgilab qoʻyilgan. Ammo keyinchalik bu hujjatga tomonlarning amal qilmaganligi tufayli papa Inokentiy lll tomonidan bekor qilingan. Bu holat „Birinchi baronlar urushi“ga sabab boʻlgan.
Natijalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]U davrga qadar hokimiyat mutloq qirolga tegishli degan qarash hukmron edi. „Buyuk ozodlik xartiyasi“ qabul qilingandan soʻng hokimiyatni asosan Lordlardan tiborat parlament va qirol tomonidan boshqarila boshlandi. Bu holat cherkov va qirolning mutloq hukmronligiga katta zarba boʻlgan edi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Magna Carta 1215“. British Library. 2022-yil 3-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 3-fevral.
- ↑ Peter Crooks (July 2015). "Exporting Magna Carta: exclusionary liberties in Ireland and the world". History Ireland 23 (4). https://www.historyireland.com/volume-23/exporting-magna-carta-exclusionary-liberties-in-ireland-and-the-world/.
- ↑ "MAGNA CARTA LIBERTATUM, Büyük Özgürlükler Sözleşmesi (Wayback Machine saytida 2016-03-03 sanasida arxivlangan)" (PDF). T. C. İstanbul Barosu. 23 Kasım 2018 tarihinde kaynağından (PDF) arşivlendi.
- ↑ Nurşah Aksoy, Tarihe Yön Veren Olaylar; s. 40-41, KARMA kitapları, İstanbul