Kontent qismiga oʻtish

Masxarabozlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Masharabozdan yoʻnaltirildi)

Masxarabozlik — oʻzbek anʼanaviy teatri. 18—20-asrlarda Xorazm va Buxoro anʼanaviy teatrlari M.deb, Fargʻona vodiysida "qiziqchilik" (aktyori — "qiziq", "qiziqchi") deb atalgan. M. ogʻzaki dramaturgiya asosida fa-oliyat koʻrsatgan. M. repertuari asosini insonni qurshab turgan tabiat va jamiyat hayotidan olingan voqealar va timsollarni oldindan muayyan kulgili shakllarda oʻylab qoʻyilgan, zarur paytlarda badihagoʻylik bilan ijro qilinadigan taklidlar, tanqidiy ko-mediyalar, kulgili hikoyalar, latifalar tashkil etgan. Ular orasida "tanqid" deb ataluvchi 3—4, baʼzan undan ortiq masharaboz maxsus liboslarda, yuzlarini boʻyab yoki niqob kiyib ijro etadigan komediyalar alohida ajralib turgan. Komediyalar dramaturgiya va te-atrga xos maʼlum fabula, tugun, voqealar rivoji, avj nuqta va yechimga ega boʻlib, ijro paytida barqaror savoljavoblar va holatlarni qaytarish bilan birga sharoitga qarab yangi holatlar, kulgili vaziyatlar, savoljavoblar toʻqilgan. Hayotdagi illatlar, kishilar xulq-atvoridagi nuqsonlarni hajv qiluvchi satirik tiplar maydonga kelgan. Sudxoʻr, berahm boy; rais, qozi, toʻra, dorugʻa, mirobboshi, bozor oqsoqoli kabi amaldorlar; domla, shayxulislom, mudarris kabi ulamolar; firibgar, azayimxon, folbin, oʻgʻrilar; oʻz kasbini yaxshi bilmaydigan qassob, sartarosh, polvon, dorbozlar; maqtan-choq, laqma, dangasalar shular jumlasidan. Masharaboz tomosha davomida tomoshabinning kayfiyatiga qarab qahramonlar harakterniy, asar mazmunini oʻzgartirishi, soʻz va yangi tafsilotlar qoʻshishi yoki qisqartirishi mumkin. Obraz yaratishda, voqea va muhitni tasvirlashda soʻz, musiqa, ashula, pantomima kabi ifoda vositalari oʻzaro uygʻunlashib ketadi. Aktyorlar biror soʻz ishlatmay maʼnoli imo-ishora va tana harakatlari orqali qahramonlarning tashqi qiyofasi, harakteri va ichki kechinmalarini haqqoniy tasvirlay olgan. Aktyorlardagi harakat, mimika, kiyim va grimlarning boʻrttirib, yirik planda berilishi shartlilikka, mubolagʻa, hajv usullaridan keng foydalanishga olib kelgan.

Buxoro va Xorazm M. teatrlari umumiy jihatlari bilan birga farq qilib turuvchi xususiyatlarga ham ega. Buxoro anʼanaviy teatri shahar va qishloq mas-harabozligidan iborat boʻlib, qishloqda koʻpincha kichik hajm va maishiy mav-zudagi tomoshalar, muqallidlar koʻrsatilgan, shaharda esa aksar katta hajmdagi komediyalar namoyish etilgan, harakatlar, mimika, savoljavoblar boʻrttirilgan. Buxoro masharabozlari sharoitga qarab oʻz tomoshalarini oʻzbek va tojik tilida olib borganlar. Xorazm masharabozlarining qariyb barcha tomoshalarida dialog bilan bir qatorda kuy, qoʻshiq, raqs, muallaq, pantomima juda katta oʻrin egallagan. Buxoro M. teatrida tomoshalar, odatda, hajviy yoki salbiy qahramonning kaltaklanishi bilan tugasa, Xorazmda oʻyin bilan yakunlanadi. Xorazmda echki yoki qoʻy terisidan yasalgan, yuzini batamom qoshgovchi yoki faqat koʻzlarni yashirib turuvchi niqoblar, tanaga kiyiluvchi tulumlar, maxsus bosh kiyimlari keng ishlatilib kelinadi. Bundan tashqari, Xorazmning atoqli masharabozlari lozim paytlarda qozoq, qoraqalpoq, turkman, hatto ozarbayjon tillarida tomosha koʻrsatishgan. Tarixda Otash, Novzalim bobo (Xorazm), Zarif miskar, Toʻla mashara (Buxoro) degan koʻplab masharabozlar oʻtgan.

M.anʼanalari, vositalari maʼlum darajada yangi shakldagi oʻzbek teatrida oʻxtashtirildi. 20-asrning 80—90-yillarida M.ruhida ishlangan spektakllar malakali teatrning yoʻnalishlaridan birini tashkil etgan. Mas, Oʻzbek milliy akademik drama teatrining "Kelinlar qoʻzgʻoloni" (S.Ahmad), "Chimildiq" (E.Xushvaqtov), A.Hidoyatov nomidagi drama teatrining "Maysaraning ishi" (Hamza), Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi Fargʻona viloyat teatrining "Toshkentga sayohat" (Hamza), "Kampir topaymi, dadajon?" (X.Xursandov), Y.Oxunboboyev nomidagi Yosh tomoshabinlar teatrining "Boz masharaboz" (O.Salimov ssenariysi), Ogahiy nomidagi Xorazm viloyat teatrining "Olma pishganda keling" (E.Samandar), "Jobbi joʻjak hiylasi" (K.Avaz) va boshqa

  • Rahmonov M., Oʻzbek teatri tarixi, T., 1968; Qodirov M., Masharaboz va qiziqchilik sanʼati, T., 1971; Qodirov M., Oʻzbek teatri anʼanalari, T., 1976; Qilichev T., Xorazm xalqteatri, T., 1988. Muhsin Qodirov.[1]
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil