Kontent qismiga oʻtish

Masnaviy maʼnaviy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Masnaviy Maʼnaviydan yoʻnaltirildi)
"Masnaviy maʼnaviy"

Jaloliddin Rumiy muzeyidagi eksponatlardan biri
Muallif(lar) Jaloliddin Rumiy
Til arab va fors tilida yozilgan.
Kitobda 270 ta turli hikoya, 690 ta hadisdan foydalanilgan

Masnaviy maʼnaviy — Mavlono Jaloliddin Muhammad binni Bahouddin Valad Balhiy Rumiyning shoh asarlaridan biri boʻlib, bu kitob sharq va gʻarb adabiyotida buyuk asarlardan biri sifatida taʼriflanadi. Oltita katta jildlardan iborat ushbu asar 26840 baytdan (51370 misradan), Qurʼonning 70 foiz maʼnosini oʻzida jamlagan va asar 690 ta hadisga sharh, 270 ta turli mavzudagi hikoyalardan iboratdir[1].

Bu kitob oʻn yillik muddat oraligʻida yaratilib, Mavlono vafotidan toʻrt yil avval, 1269-yilda yozib tamomlangan. Bunga qadar oʻtgan oʻn yil mobaynida uzilishlar (hijriy 660-yil va 662-yillar, milodiy 1241-yil va 1244-yillar), uyqusiz tunlar (bu haqda „Masnaviy maʼnaviy“da 1-jildning 1807—1808-baytlarida xabar bor), ochin-toʻkin holiga qaramay maʼnaviy luqma bilan kifoyalanish (1-jildning 3990—3994-baytlari) kabi holatlar kuzatiladi. Arab-fors epik dostonchiligi usulida boʻlgan, masnaviy shaklida yozilgan ushbu asar oʻzida boshqa uslublarni ham mujasam qilgan. Jumladan, Masnaviy maʼnaviy asarini olimlar didaktik doston (Yevgeniy Bertels), hamosiy (epik) sheʼrlar majmuasi (T. Purnomdoriyon), irfoniy kitob (P. Nikolson), tasavvuf qomusi (A. Shimmel) kabi sifatlar bilan atab, uning janriy oʻziga xosligini belgilamoqchi boʻldilar[2].

Masnaviy sharhidagi kitoblar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Masnaviy maʼnaviy asarini sharhlab yozilgan kitoblar ham yuzlab yaratilgan. Ana shunday kitoblar mualliflari Sulton Valad, Ahmad Afloqiy, Faridun Sipahso, Shamʼiy (1000-yil), Sarvariy (1001-yil), Ismoil Anqaraviy (XI asr) kabilarning turkiy tildagi va Mavlono Shibliy Numoniy (1326-yil) „Bahr ul-ulum“ asari, Abdualida (XIII asr) urdu tilidagi, Xanifa Abdulhakimning urdu va ingliz tilardagi sharhlari eʼlon qilingan. „Masnaviyi sharif“ni forsiydan turkchaga Sulaymon Nahifiy oʻz vaznida (1150-yil), Obiddin Posho, Valad Oʻzbudak, Mithat Bahori Baytur nasrda izohli tarjima qilishgan. Yevropada esa dastlab Jozef Hammer Purgstal, Fridrih Rukert (ayni shu tarjima orqali Gegel „Rumiy“ni tanigan), German Ete nemis tiliga, Klemen Huar esa fransuz tiliga oʻgirgan. Oʻzbek tiliga esa Haydar Xorazmiy „Javohir ul-asror“ asari, Boborahim Mashrabning „Mabdayi nur“ asarlari „Masnaviy maʼnaviy“ sharhlari tarzida bitilgan. Shuningdek Asqar Mahkamning „Masnaviy maʼnaviy“ tarjima sharhi dunyo yuzini koʻrgan[3].

"Masnaviy maʼnaviy" nusxasi

Bu asar Jaloliddin Rumiy "Mavlono muzeyi"dagi eksponat.
Muallif(lar) Jaloliddin Rumiy
Mamlakat Turkiya
Til arab va fors tilida yozilgan.
Masnaviyning qora teriga yozilgan bu nusxasi.

Masnaviy, Qurʼoni karimning oʻziga xos sheʼriy tafsiri va hadisi shariflarning sharhidan, talqinidan iboratdir, bu asar xutbasida mavlononing oʻzi izohlashicha: „Bu yuraklarga malham boʻlguvchi, gʻam-gʻussalarni ketkazguvchi, ulugʻ, itoatli mirzolar (farishtalar) qoʻllari[4] bilan bitilgan, tahoratli, pok kishilardan boshqalarning ushlashi harom etilgan[5], oldidan ham, ortidan ham (hech qanday) botil-nohaqlik kelmaydigan[6], rizq-roʻzni moʻl-koʻl qilguvchi, axloqni poklaguvchi va yaxshilaguvchi, Qur’oni karim maʼnolarini kashf etguvchi kitobdir“. Bu asardagi deyarli har bir bayt yoki Qurʼon oyati, yoki hadisi bilan asoslanganligini yoki, aksincha, biror oyat yoxud hadis maʼnosi biror voqea, hodisa va yoki rivoyat yordamida ochilganligini, musulmonlar uchun muqaddas kitobdan juda koʻp iqtiboslar olinganini taʼkidlaydi. Masnaviyda Qur’on oyatlaridan 760 marta iqtibos olingan, 745 oʻrinda, 690 ta hadisdan foydalanilgan[7].

Masnaviydan parcha

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Majnunnig Laylisi
Fors tilida yozilgan asardan parcha:

Guft Layliro xalifa qon tuy,
Qaz tu Majnun shud parishonu gʻaviy.

Az digar xubon tu afzun nestiy!
Guft xomush: "Xomoʻsh chun tu Majnun nestiy".

Har ki bedor ast, oʻdar xobtar,
Hast bedorim az xobash batar.

Chun ba haq bedor navbat joni mo,
Hast bedoriy chu bar badnoni mo.

O'zbekcha tarjimasi:

Laylini koʻrdi Xalifa, dedi hoy,
Senmisan Majnunni yondirgan chiroy?

Lek chiroying oʻzgadin afzun emas?
Qiz dedi: Bas chunki sen Majnun emas!.

Kimki boʻyla uyquda bedor emish,
Uyqudin bedorligi battar emish.

Haqqa bedor boʻlmaguncha jonimiz,
Boʻyla bedorlik - oʻtar dovonimiz.

Bir podshoh Majnunnig dalli-devona, ovvora-yu, sarson boʻlib, choʻlarda yurishining sababi bilan qiziqib qoladi. Laylini topib, huzuriga olib kelishlarini buyuradi. Podshoh Laylini koʻrib, dong qotdi. Chunki qarshisida qorachagina, oddiy bir qiz turardi. Podshoh soʻradi:

— Majnunni shu koʻylarga solga Layli senmisan hali? Ajab, senda favqulodda bir goʻzalik yoʻq-ku! Oddiy ayollardan hech bir farqing koʻrinmayapti. Majnun senga nima uchun buncha oshiq-u beqaror boʻlib qoldi?

Layli hech taraddudlanmay javob berdi:

— Podshohim, maʼzur tuting. Siz Majnun emassiz, mendagi goʻzallikni koʻra olishingiz uchun sizda Majnunnig koʻzlari boʻlishi va menga uning nazari ila qarashingiz kerak. Podshoh bu haqli soʻzlarga javoban hech nima deya olmadi, jim qoldi („Masnaviyi Maʼnaviy“, 1-jild 407-bayt)[8].

Asar nusxalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Masnaviy nusxalaridan yana biri Turkistonda yozilgan asardir. Bu asar 1490-yil xattot Muhammad oʻgʻli Katip Hasan tomonidan yozilgan. Ayni paytda bu asar 1981-yilda Nasrullah Yasa nomidan muzeyga sovgʻa qilingan. Kitob jigarrang, charm gʻilof, muqovalarida daraxt va gul naqshlari, orasida sher, quyon, ajdaho kabi hayvon siymolari tasvirlangan. Matn toʻrt ustun bilan yozilgan. Har bir ustunda 23 ta qator mavjud[9]. Masnaviyning qora teriga yozilgan, bu nusxasi 1976-yilda Nechmeddin Okyay tomonidan Rumiyning, „Mavlono muzeyi“ga sovgʻa qilingan. Qogʻoz suvbelgilarisiz quyuq somon rangida, matn nesih xattotligida yozilgan, uning yoritgichlari geometrik va gulli naqshlardir, har bir sahifada 25 misra va har bir satrda ikkitadan bayt bor[10].

  1. Masnaviy 40 rivoyatga sharx. Toshkent "Navroʻz" nashriyoti, 2019. ISBN 998-9943-56-428-2. 
  2. Jaloliddin Rumiy. Uchmoqqa qanot yoʻq vale uchgaymen. Rivoyat va ruboyilar (Forsiydan Jamol Kamol tarjimasi) — Toshkent:1994-yil. 29-bet
  3. Jaloliddin Rumiy. Masnaviy Maʼnaviy. Tarjima sharxi bilan. Tarjimon Asqar Mahkam.Toshkent: „Sharq“ nashriyoti, 1999-yil.
  4. Qur’onga ishora. Ulugʻ, itoatli mirzolar (yaʼni, farishtalar) qoʻllari bilan (Lavhul Mahfuzdan koʻchirib bitilgandir). (Abasa surasi, 15-16-oyat)
  5. Qur’onga ishora. Uni faqat tahoratli, pok kishilargina ushlarlar. (Voqea surasi 79-oyat).
  6. Qurʼonga ishora. Unga oldidan ham, ortidan ham (hech qanday) botil-nohaqlik kelmas (yaʼni Qurʼoni karimning hech qaysi tomonidan biron kitob yoki hujjat kelib uni botil qila olmas, chunki u) hikmat va hamd-u sano egasi tomonidan nozil qilingandir. (Fusillat surasi, 42-oyat).
  7. Masnaviydan hikoyalar. Toshkent. Muharrir nashriyoti, 2007-yil.
  8. "Masnaviy Maʼnaviy" hikoyalariga sharxlar. Naynoma. Uchinchi nashr: Toshkent 2019-yil.
  9. „Turkiya Koniyadagi muzey“. 2022-yil 19-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 22-may.
  10. Karim Zamoniy. Masnaviy maʼnaviy. Sharh. Qoʻlyozma.