Kontent qismiga oʻtish

Gulnora Mavayeva

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Mavayeva Gulnora Nizomovnadan yoʻnaltirildi)

Gulnora Nizomovna Mavayeva (1931.30.7, Samarqand) — balerina, raqqosa. Oʻzbekiston xalq artisti (1964). Tamaraxonim nomidagi balet maktabida (1939—41), Navoiy teatrining balet studiyasida (1944—48) taʼlim olgan. Moskva xoreografiya bilim yurti qoshidagi oʻzbek balet studiyasini (1951), Leningrad xoreografiya bilim yurtining pedagogika boʻlimini (1971) tugatgan. 1945—49 va 1951—67 yillar Navoiy teatrida yetakchi balet solisti. Toshkent xoreografiya bilim yurtida (1971-yildan; 1975—78 yillar badiiy rahbar) hamda Toshkent madaniyat instituti (1974-78), Misr (1979-80), Yaman (1980—81) balet maktablarida, 1982-yildan Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabida mumtoz raqs oʻqituvchisi. Mumtoz va jahon baletlarida bir qancha partiyalarni ijro etgan: Mariya, Zarema (B. Asafyev, "Boqchasaroy favvorasi"). Esmeralda (Ch. Puni, "Esmeralda"). Siren pariyey, Avrora (P. Chaykovskiy, "Uyqudagi goʻzal"). Suyumbeka (F. Yarullin, "Shurale"), Mirta (A. Adan, "Jizel"), Xuanita (K. Glyuk, "Don Juan") va boshqa Oʻzbek baletlaridagi Gulnora (G. Mushel, "Raqqosa"), Oynisa (D. Zokirov, B. Giyenko, "Oynisa"), Lola (Ik. Akbarov, "Orzu") kabi partiyalarida Yevropa mumtoz raqsini anʼanaviy oʻzbek raqs harakatlari bilan uygʻunlashtirishga intilgan. Mavayeva oʻzbek mumtoz, xalq va zamonaviy raqslarning ham mohir ijrochisidir. U koʻproq lirik raqqosa boʻlib, raqslari jozibador va nafisligi bilan ajralib turadi. Eng yaxshi raqslari: "Katta oʻyin", "Pilla", "Fargʻona ruboiysi", "Orzu", "Bahor", "Shoʻx qiz", "Ey sarvi ravon", "Oʻynasin", "Raqqosa", "Zebunniso" va boshqalar.[1]

  1. "MAVAYEYA Gulnora Nizomovna" OʻzME. M-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil