Kontent qismiga oʻtish

Mikroorganizmlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Mikroblardan yoʻnaltirildi)
Clostridium botulinumbotulizm uygʻotuvchisi

Mikroorganizm yoki Mikrob (grekcha: mikros — kichik, bios — hayot) — mikroskopik oʻlchamdagi organizm boʻlib, u bir hujayrali yoki hujayralar koloniyasi sifatida namoyon boʻlishi mumkin. Mikroorganizmlarga bakteriyalar, aktinometsitlar, achitqilar, viruslar, mogʻor zamburugʻlari, mikroskopik suvoʻtlar va boshqalar kiradi. Mikroorganizmlar prokariotlar (hujayrasida yadro va xromosoma apparati yoʻq organizmlar) va eukariotlar (hujayrasida sitoplazma va membrana bilan ajratilgan yadrosi bor bir yoki koʻp hujayrali organizmlar)ga boʻlinadi. Mikroorganizmlar tabiat (tuproq, suv, oʻsimlik qoldiqlari va boshqalar)da keng tarqalgan. 1 g tuproq yoki suv osti gruntida 2–3 milliardgacha mikroorganizmlar boʻladi. Mikroorganizmlarning oʻlchami turlicha boʻlib, ular mikronning oʻndan bir qismidan bir necha mikrongacha boʻladi. Mikroorganizmlarning fiziologik-morfologik xususiyatlari va hayot sikli har xil. Koʻpgina mikroorganizmlar bir hujayrali, baʼzilari, masalan, mogʻor zamburugʻlari koʻp hujayrali iplar (mitseliy)ga ega. Mikroorganizmlar, odatda, xlorofillsiz, ammo baʼzilarida bakterioxlorofill va xlorofill bor. Koʻpchiligi boʻlinib, baʼzilari kurtaklanib, shuningdek, konidiya va sporalar hosil qilib koʻpayadi. Kasallik qoʻzgʻatuvchi Mikroorganizmlar ham mavjud. Mikroorganizmlar tashqi muhitning har xil omillari taʼsiriga juda chidamli. Mikroorganizmlar tabiatda moddalar aylanishida katta rol oʻynaydi. Mikroorganizmlar oʻsimlik va hayvon qoldiqlarini parchalab, yashil oʻsimliklar oʻzlashtirishi mumkin boʻlgan mineral birikmalar (masalan, karbonat angidrid gazi, ammiak va boshqalar)ga aylantiradi. Azot toʻplovchi mikroorganizmlar va tuganak bakteriyalari molekulyar azotni yigʻish xususiyatiga ega. Mikroorganizmlar fosfor, azot, uglerod, oltingugurt, temir va boshqalarning tabiatda aylanishida ishtirok etadi. Bundan tashqari, tuproqda koʻpayib, soʻng nobud boʻlib, uni organik moddalarga boyitadi. Mikroorganizmlar hayot faoliyati natijasida tuproq unumdorligi ortadi.[1]

Kashf etilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mikroskopik organizmlarning mavjudligi koʻp asrlar davomida XVII asrda kashf etilishidan oldin muhokama qilingan. Miloddan avvalgi VI asrga kelib, hozirgi Hindistonning jaynlari nigodalar deb ataladigan mayda organizmlarning mavjudligini taxmin qilishgan. Bu nigodalar to‘da bo‘lib tug‘iladilar; ular hamma joyda, jumladan oʻsimliklar, hayvonlar va odamlarning tanasida yashaydilar; va ularning hayoti faqat soniyaning bir qismiga davom etadi. Jaynizmning 24-vosihi Mahaviraning soʻzlariga koʻra, odamlar ovqatlanish, nafas olish, oʻtirish va harakat qilishda bu nigodalarni katta miqyosda yoʻq qiladi. Koʻpgina zamonaviy jaynlarning taʼkidlashicha, Mahavira taʼlimoti zamonaviy ilm-fan tomonidan kashf etilgan mikroorganizmlarning mavjudligini oldindan aytib beradi.

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil