Kontent qismiga oʻtish

Moʻlton

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Mo'ltondan yoʻnaltirildi)

Moʻlton — Pokistondagi shahar. Panjob viloyatida, Chinob daryosi yaqinida. Aholisi 1,2 mln. kishi (1998). Mamlakatning muhim sanoat markazi va transport yoʻllari tuguni. Toʻqimachilik (asosan, ip gazlama) sanoati rivojlangan. Kimyo, oynashisha, oziq-ovqat sanoati korxonalari, issiqlik elektr st-yasi bor. M.ga Sun gaz konidan quvur orqali gaz keltiriladi.

M. — badiiy hunarmandchilik (koshin va keramika, gilam, charm buyumlari tayyorlash)ning qad. markazi. Meʼmoriy yoDgorliklardan Shoh Yusuf Gardizi (1150-52), Rukni Aʼlam (1320-24), Shamsi Tabrizi (1780) maqbaralari saqlangan. Shahar miloddan avvalgi 4-asrda barpo etilgan. Miloddan avvalgi 326 yilda Aleksandr Makedoniyalik bosib olgan. 713 yilda arablar egallagan. 8-asrda mustaqil hokimlik markazi. 10-asrda Qarmatlar davlatining eng katta shahri boʻlgan. 11-asrda Mahmud Gʻaznaviy qoʻl ostiga oʻtgan. 12-asrda Gʻuriylar davlatiga qoʻshilgan, 1228-yildan Dehli sultonligi tarkibida. 1398-yildan Amir Temur, 1527-yilda Bobur qoʻshinlari egallagan va 1752-yilgacha Boburiylar saltanati tarkibida boʻlgan. 1818-yilda sekxdar davlatiga qoʻshilgan. 1947-yildan Pokiston tarkibida.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil