Kontent qismiga oʻtish

Morriening seshanba darslari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Morrining seshanba darslaridan yoʻnaltirildi)
Morrining seshanba darslari
Asl nomi Tuesdays with Morrie
Muallif(lar) Mitch Albom
Tarjimon(lar) Maqsud Salomov, Gulsanam Roziqova
Mamlakat AQSH bayrogʻi AQSh
Til inglizcha
Janr(lar)i biografiya, falsafiy memuar
Nashr etilgan sanasi 1997
Nashriyot Random House

Morrining seshanba darslari (inglizcha: Tuesdays with Morrie) — amerikalik yozuvchi Mitch Albomning 1997-yilda yozilgan hujjatli kitobi. Kitob sotsiologiya oʻqituvchisi boʻlgan Morri Shvars va uning talabasi Mitch Albom orasidagi munosabatlarni aks ettirgan. Unda Mitch amiotrofik lateral skleroz (ALS) xastaligidan vafot etayotgan oʻqituvchisidan olgan hayot saboqlari beriladi.

Yozilish tarixi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1995-yilda Mitch Albom ABC Nightline koʻrsatuvida jamiyatshunoslik fani oʻqituvchisi Morri Shvars va uning tuzalmas kasalligi haqidagi intervyuni koʻrib qoladi. Uni, kollejdagi sobiq oʻqituvchisini juda yaxshi tanigan Mitch u bilan bogʻlanadi, Bostonga kelib uchrashadi, soʻng har seshanba ustozini yoʻqlashga kelib turadi. Morriening tibbiy xarajatlarini toʻlash yoʻlini izlab, uning tashriflari haqidagi kitobni nashr qilish uchun nashriyot izlaydi. Koʻp nashriyotlardan rad javobini olsada, kitob gʻoyasi Doubleday nashriyoti tomonidan qabul qilinadi. Kitob 1997-yilda kichik tirajda (20 000 nusxa) bosilib chiqadi. Ketin talab oshishi va Opri Uinfrining shousida asarning tilga olinishi kitob savdosini oshiradi va asar The New York Timesning 1997-yilgi bestsellerlari roʻyxatiga kiritiladi. Kitobning mashhurligi oshib, olti oy ichida u roʻyxatda birinchi oʻringa chiqib oladi va 205 hafta roʻyxatda turadi [1]. Asarning 14 million nusxasi sotilib, 41 ta tilga tarjima qilingan[2]. Asar barcha davrlarning eng koʻp oʻqilgan memuar asarlaridan sanaladi[3].

Jurnalist Mitch Albom 78-yoshli ALS xastaligidan oʻlib borayotgan ustozi bilan oʻtkazgan vaqtlarini xotirlaydi. Mitch oʻqishni bitirganidan keyin 16 yil davomida biror marta ham uchrashmagan edi. Birinchi uch bob Mitch va Morriening oxirgi suhbati, Mitchning bitiruv oqshomi va oʻqituvchisi bilan yana uchrashgunicha boʻlgan voqealarni tasvirlaydi. Mitch — bolaligida pianinochi boʻlishni orzu qilgan boʻlsa ham, hozir Detroyt free press gazetasining muvaffaqiyatli sport muxbiri. Morrieni ABC Nightline koʻrsatuvida koʻrib qolgach, Morriega qoʻngʻiroq qiladi va Mitchigandan Massachusetsga kelishga vaʼda beradi. Jurnalistlarning ish tashlashi Mitchni ishdan ozod qiladi va u har hafta seshanba kuni Morriening yoniga kela olish imkoniga ega boʻladi. Asar bu uchrashuvlar, Morriening hatotiy tajribalari va kollejdagi maʼruzalari bilan boyitilgan.

Asarning asosiy mavzulari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ularning har haftalik uchrashuvi davomida quyidagi mavzularda suhbatlar boʻlib oʻtadi.

Qabul qilish va berish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Morri bera olish qobiliyatini taʼkidlaydi. U sevishni oʻrganish kerak emasligini, aksincha mehrni bera olish va javob tarzidagi mehrni qabul qila olish kerakligini taʼkidlaydi. Moddiy boylik hech qachon baxt keltirmasligini, baxtli boʻlishning yagona yoʻli oʻzingda bor hamma narsani — ham moddiy, ham hissiy tarzda berish ekanini aytadi.

Oʻlim, kurash va tan berish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Morri muqarrar oʻlimni his qilgan holda oʻlim bilan kurashadi. Tez orada esa oʻlimning mazmunini tushunib, buddistlar falsafasiga koʻra bugungi kun yerdagi oxirgi kundek yashash haqida aytadi. Yaʼni, inson qanday oʻlishni oʻrganganida yashashni boshlashini taʼkidlaydi.

Muhabbat, oila, doʻstlar va muloqot

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Morri sevish inson qila oladigan emg muhim ish ekanini aytadi. Jamiyatning taʼsirida insonlar karyera va moddiy toʻkinlikka intilib, hayotning muhimroq jihatlarini koʻzdan qochirishini aytadi. Ammo u yoʻl, haqiqiy baxtga erishish yoʻli emas. Oʻz baxtini qurish va oʻz qiymatini anglash uchun inson jamiyatning ommaviy madaniyatini chetga surishi kerakligini aytadi. Bu madaniyat atrofga, doʻstlarga, oilaga boʻlgan muhabbat bilan yaralishi kerak deydi. Morri insoniyatga bu qadriyatlarni koʻr-koʻrona qabul qilishni aytmaydi, oʻz misolida qaysi jihatlar inson hayotida ustuvor boʻlishi kerakligini koʻrsatadi. Qaysi madaniyat qabul qilinsada, ularning hech biri muhabbatsiz mavjud boʻla olmaydi.

Ekranlashtirilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1999-yilda rejissor Mik Jekson asar asosida dramatik film suratga oladi. Bosh rollarda Jek Lemmon (Morri) va Xenk Azaria (Mitch) edi. Jek Lemmon Morri roli uchun Emmi mukofotini oladi.

  1. http://my.brandeis.edu/news/item?news_item_id=104200[sayt ishlamaydi]
  2. arxiv nusxasi, 2009-09-01da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2020-12-31
  3. https://www.washingtonpost.com/wp-dyn/content/article/2007/09/18/AR2007091802444_pf.html