Kontent qismiga oʻtish

Muzaffar mirzo

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Muzaffar Husayn Mirzodan yoʻnaltirildi)

Muzaffar Husayn Mirzo (1473-1509) — Husayn Boyqaroning 6-oʻgʻli. Onasi — Xadicha begimdir. Muzaffar Mirzo tabiatan xudbin, oʻjar va tantiq edi. Xadichabegim Muzaffar Mirzoni valiahd etib tayinlashga uringan, biroq udumga koʻra, valiahdlik Sultonning katta oʻgʻli Badiuzzamonning haqqi edi. Sevikli xotini Xadicha begim taʼsiriga tushib qolgan Husayn Boyqaro Muzaffar Mirzoni koʻproq suyardi. Sultonning bu harakati boshqa oʻgʻillariga yoqmas, natijada ular doim otalariga qarshi harakatda boʻlardilar. 1497-yil Sulton Husayn Muzaffar Mirzoga eng boy maʼmur birlik — Astrobod viloyatini inʼom qiladi. 1506-yil may oyida Husayn Boyqaro Shayboniyxonga qarshi yoʻlga chiqib, Bobo Ilohiy mavzeida vafot etadi. Xadicha begimning irodasi bilan mamlakat taxtiga Badiuzzamon Mirzo va Muzaffar Mirzolar oʻtiradi. Mamlakatda qoʻsh hukmdorlik vujudga keladi. Har 2 shahzoda oʻz taxtgohini Hirotning 2 chekkasiga quradi. 1507-yil Muhammad Shayboniyxon Xurosonga kirib, ilk jangdayoq har 2 shahzodaning qoʻshinini tor-mor etib, Hirotni egallaydi. Badiuzzamon Mirzo Sindga, Muzaffar Mirzo esa Astrobodga qochadi. 1509-yil Muzaffar Mirzo Astrobodda bedavo dardga uchrab 37 yoshida vafot etadi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil