Kontent qismiga oʻtish

Nafas organlari

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Nafas Organlaridan yoʻnaltirildi)

Nafas organlari - organizm bilan tashqi muhit (suv yoki havo) oʻrtasida gaz almashinuvi uchun ixtisoslashgan organlar. Hayvonlarda tana qoplagʻichi yoki ichagi devorining botib kirishi yoki boʻrtib chiqishi tufayli vujudga kelgan. Koʻpchilik umurtqasiz hayvonlar (gʻovaktanlilar, boʻshliqichlilar, chuvalchanglar, tuban qisqichbaqasimonlar, ignaterililar)da nafas organlari boʻlmaydi. Umurtqalilar orasida teri orqali nafas olish kam harakatlanadigan va mayda hayvonlar — ayrim baliqlar, suvda va quruklikda yashovchilar uchun xos. Nafas organlari dastlab chuvalchanglarda jabralar shaklida paydo boʻlgan. Kislorod tanqis boʻlgan, oqmaydigan loyqa suvlarda yashaydigan ayrim baliklarda atmosfera havosi bilan nafas oladigan organlar — oʻpkalar, labirint apparat rivojlangan. Orqa ichakning ayrim qismlari orqali sodir boʻladigan gaz almashinuvi ichak orqali nafas olish deyiladi (ayrim laqqasimon va boshqa baliklar).

Quruklikda yashaydigan hayvonlarning asosiy nafas organlari traxeyalar yoki oʻpkalar hisoblanadi. Ontogenezda nafas organlari oʻzgarishi mumkin. Masalan, koʻpchilik baliklar embrionlari dastlab tana yuzasi orqali nafas oladi; keyinroq ularda sariqlik xaltasida sariklik nafas olish sistemasi yoki suzgichlar (anal, orqa, dum) nafas olish sistemasi paydo boʻladi. Keyinchalik lichinkalarda tashqi jabralar, soʻngra jabra apparata rivojlanadi. Amniotlar embrionida nafas olish vazifasini dastlab sariklik xaltasi, keyinroq allan-tois bajaradi.

Odamda Nafas organlari havo oʻtkazuvchi yoʻllar (burun boʻshligʻi, hiqildoq, kekirdak va bronxlar) hamda oʻpkadan iborat.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil