Kontent qismiga oʻtish

Neyrojarrohlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Neyroxirurgiyadan yoʻnaltirildi)

Neyroxirurgiya – xirurgiyaning bir boʻlimi. Nerv sistemasi kasalliklari va jarohatlarini xirurgik yoʻl bilan davolash metodlarini oʻrganadi va amalda qoʻllaydi. Neyroxirurgiya neyroonkologiya, neyrotravmatologiya, neyroangiologiya, markaziy nerv sistemasining tugʻma nuqsonlari va infeksion-yalligʻlanish jarayonida yuzaga keldadigan asoratlar xirurgiyasi, steretoksik Neyroxirurgiya, epilepsiya va kuchli ogʻriq xirurgiyasi kabi boʻlimlardan iborat. Bosh va orqa miyani operatsiya qilish yuzasidan olib borilgan koʻp yillik izlanish va urinishlar tufayli XX asr boshlarida Neyroxirurgiya mustaqil fan sifatida shakllandi. Fiziologiya, nevrologiya, rentgenologiya, patomorfologiya, biokimyo, anesteziologiya, terapiya va boshqa fan yutuqlari Neyroxirurgiyaning rivojlanishiga imkon berdi. N. N. Burdenko Moskvada, A. L. Polenov Leningradda, A. I. Arutyunov Kiyevda Neyroxirurgiya institutini tashkil etishda rahbarlik qildilar (hozirgi institut shu olimlar nomi bilan ataladi). Keyinchalik boshqa shaharlardagi klinikalarda ham Neyroxirurgiya boʻlimlari ochildi.

Dastlab Oʻzbekistonda Neyroxirurgiya boʻlimi Travmatologiya va ortopediya ilmiy tadqiqot instituti, 1963-yil Samarqand viloyat kasalxonasi (1950) (S. D. Madiyorov, A. M. Mamadaliyev) tarkibida tashkil qilindi. 1968-yildan respublikaning barcha viloyat kasalxonalarida, jumladan, Toshkentda Onkologiya va radiologiya ilmiy tadqiqot institutida Neyroxirurgiya boʻlimi (M. H. Krriyev) faoliyat koʻrsata boshladi. 1969-yil 17-shahar kasalxonasida (A. S. Mirsodiqov), Andijon viloyat kasalxonasida (M D. Doʻstmurodov) Neyroxirurgiya boʻlimlari tashkil topdi. Keyinchalik bu boʻlimlar tibbiyot institutlarida tashkil qilingan. Neyroxirurgiya kafedralari va kurslarning oʻquv bazasi boʻlib qoldi. Neyroxirurgik yordamni rejali ravishda bajarish maqsadida 1983-yil Respublika Neyroxirurgiya markazi ochildi, keyinchalik u Respublika ilmiy tadqiqot markaziga aylantirildi (1997).

Respublikada Neyroxirurgiya fani rivojlanishida M. M. Maksudov, M. H. Qoriyev, A. S. Mirsodiqov, S. A. Madiyorov, M. D. Doʻstmurodov, A. M. Mamadaliyev va boshqalarning munosib xizmatlari bor. 1975-yildan Respublikaning barcha tibbiyot institutlarida yuqori kurs talabalariga Neyroxirurgiya fani oʻqitila boshlandi. Respublikaning shahar va viloyat mutaxassislarni tayyorlash, asosan, neyroxirurgiya ilmiy markazida, tibbiyot institutlarining neyroxirurgiya kafedralari va kurslarida olib boriladi.

Ixtisoslashgan neyroxirurgik markazlar tashkil etilishi bosh miya oʻsmalari, markaziy nerv sistemasining tugʻma nuqsonlari va yalligʻlanish kasalliklarini davolashda yaxshi natijalarga erishishga, Neyroxirurgiyada miya va orqa miya tomirlari xirurgiyasi (neyroangiologiya), stereotaksis kabi yangi boʻlimlar tashkil etishga imkon berdi. Neyroxirurgiyadagi hozirgi muhim yoʻnalishlardan biri bosh miyada qon aylanishi va miyada energiya almashinuvi fiziologiyasi va patologiyasini oʻrganishdir. Operativ texnikaning rivojlanishi (elektroxirurgiyaning tatbiq etilishi hamda kalla ichi bosimini pasaytirishga yordam beradigan turli preparat va metodlarning qoʻllanishi), diagnostika usullarining takomillashishi, shuningdek, Neyroxirurgiya amaliyotida ogʻriqsizlantirish va reanimatsiya metodlarining joriy etilishi Neyroxirurgiyada muhim ahamiyat kasb etdi. Hozirgi tomirlarni operatsiya qilish usuli ham muvaffaqiyatli qoʻllanilmoqda.

Neyroxirurgiya sohasida fizika, elektronika, kibernetika, radiologiya va boshqa tabiiy fanlarning yutuqlaridan foydalanilishi endilikda glial oʻsmalar, kalla suyagi va miyaning ogʻir shikastlari, epilepsiyani davolash imkonini beradi. Markaziy nerv sistemasining murakkab funksiyalarini oʻrganish sohasidagi Neyroxirurgiya yutuqlari nevropatologiya, psixiatriya, neyrofiziologiya, psixologiya kabi fanlarni boyitmoqda.

  • Sosin I. I., Kariyev M. X., Fizioterapiya v xirurgii, travmatologii i neyroxirurgii, T., 1994; Mirsodiqov A. S, Mirsodiqov D. A., Bolalar neyroxirurgiyasi, T., 2002.[1]
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil