Kontent qismiga oʻtish

Rabgʻuziy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Nosiriddin Rabgʻuziydan yoʻnaltirildi)

Rabgʻuziy (taxallusi; asl ismsharifi Nosiriddin Burhoniddin oʻgʻli) (13-asr oxiri — Xorazmning Rabotoʻgʻuz mavzei — 14-asr boshlari) — turkiy shoir.

Rabotoʻgʻuzda qozilik qilgan. Sharq xalqlari ogʻzaki ijodini, ayniqsa, rivoyatlarni, avliyo-anbiyolar toʻgʻrisidagi qissalarni chuqur oʻrgangan. Oʻzi ham koʻpgina ibratli hikoyatlar, qissalar yozgan. Turkiy xalqlar adabiyoti tarixida birinchilardan boʻlib nasrda rivoyatlardan hikoyat, hikoyatlardan qissa yaratishni boshlab bergan. Bizgacha "Qisasi Rabgʻuziy" (1309—10) asarigina yetib kelgan. Asar musulmon moʻgʻul beklaridan Nosiriddin Toʻqbugʻaning topshirigʻi bilan yozilgan. Kitob turkiy tilda, asosan, nasrda, madhiyalar, baʼzi qissalarning xulosalari, lirik kechinmalar va xotima qismi esa nazmda yozilgan. Qurʼoni karimdagi baʼzi lavhalar, islomga oid boshqa kitoblardan va Abu Ishoq Nishopuriyning "Qisas ul-anbiyo"sidan ayrim faktlar asarga asos qilib olingan. Asar anʼanaviy hamd va naʼt bilan boshlanadi, soʻng uning yozilish sababi, muallif haqida maʼlumot beruvchi qisqa soʻzboshi, keyin esa qissalar keladi. Jami 72 qissadan iborat. Mavzu doirasiga koʻra, asar qissalari juda rang-barang. Olamdagi butun mavjudot egasi boʻlgan Allohni ulugʻlash, paygʻambarlar hayotiga doir lavhalarni eslash, kamtarinlik va takabburlik, otaona va farzand munosabatlari, erk va adolat mavzulari shular jumlasidandir. Qissalar hajmi turlicha: Mas, Yusuf haqidagi qissa salkam 100 sahifani tashkil kilsa, Lut haqidagi qissa bir necha sahifadangina iborat. Qissalarda real hayot voqealari bilan bogʻliq mavzular ham uchraydi. Qissalar bayonida, personajlar tasvirida xalq ogʻzaki ijodining bevosita taʼsiri seziladi. Asarda maʼrifiy-didaktik hikoyatlar ham mavjud (Luqmon hikoyasi va boshqalar), qissalardagi hikoyatlarga dunyoviy ruh ham singdirilgan (Yusuf qissasi va boshqalar). R.ning bu asari oʻzbek adabiyotida badiiy nasr yodgorligining yetuk namunasi hamda 13—14-asrlar eski oʻzbek adabiy tilini oʻrganishda asosiy manba sifatida ahamiyat kasb etadi. Qissaning 15-asrga oid qoʻlyozmasi Londondagi Britaniya muzeyida, 16-asrda koʻchirilgan nusxasi Sankt-Peterburgda, 19-asrda koʻchirilgan qoʻlyozma, shuningdek, bosma nusxalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida (inv. №1025, 7397, 1874) saqlanadi. Qissayi rabguziy o`zbek so`z sanatining ajoyib obidasi hisoblanadi.Unda anbiyolar-payg`ambarlar xayotidan xikoya qiluvchi qadimiy sharq qissa va afsonalarini qayta ishlab, manzarali lavxalar,jonli tasvirlar, xiyla pishiq his-hayojon,kechinmalarga boy obrazlar hosil etgan.Asarda etiqod va imonga sodiqlik,pok insoniy axloqning badnaflik,xirsiy xasad,qonxo`rlik va noxaqliklar ustidan bo`lgan galaba tasvirlangan.

  • Qisasi Rabgʻuziy, 1—2-kitob, T., 1990-91.
  • Oʻzbek adabiyoti tarixi [5 j.li], 1j., T., 1977.
  • Habib Abdunazar.[1]
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil