Kontent qismiga oʻtish

Abdulla Nosirov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Nosirov Abdulladan yoʻnaltirildi)
Abdulla Nosirov
Tavalludi 6-dekabr 1889-yil
Toshkent, Oʻzbekiston SSR
Vafoti 1987-yil
Toshkent, Oʻzbekiston SSR
Kasbi manbashunos, bibliograf, xattot
Taʼlimi Koʻkaldosh va Beklarbegi madrasalari
Mukofotlari

Abdulla Nosirov (1899-yil 6-dekabr, Toshkent, Turkiston general-gubernatorligi – 1987-yil, Toshkent, Oʻzbekiston SSR) – oʻzbekistonlik olim, bibliograf, xattot, manbashunos.

Abdulla Nosirov 1889-yil 6-dekabrda Toshkentning Mahsidoz mahallasida sahhof oilasida tavallud topgan[1]. Toshkentning Koʻkaldosh va Beklarbegi madrasalarida tahsil oladi. Koʻkaldosh madrasasida mudarrislik qilgan bobosi shoir va xattot Sirojiddin mahdum Sidqiy Mirzohid oʻgʻli Xondayliqiy ustozligida xattotlik sanʼatini, arab va fors tillarini oʻrgangan[1]. 1922—1940-yillarda Toshkent shahar va tuman kutubxonalarida, 1940—1943-yillarda hozirgi Oʻzbekiston milliy kutubxonasining sharq qoʻlyozmalari boʻlimida ishlagan. 1943—1987-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi. 1987-yilda vafot etgan[1].

Ilmiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulla Nosirov sharqshunoslik institutidagi qoʻlyozma va bosma kitoblar boʻyicha Oʻrta Osiyo olimlari, shoirlari (jumladan, Al-Xorazmiy, Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Ulugʻbek, Navoiy, Bobur, Fuzuliy, Muqimiy, Furqat) hamda oʻlka va shaharlar haqida bibliografik maʼlumotlar toʻplagan, ularga koʻrsatkichlar tuzib, mavzusiga koʻra, sohalarga taqsimlab chiqqan[1]. Oʻrta Osiyo xalqlari madaniyati, tarixi va boshqalarga oid bir kancha ilmiy risolalar, jumladan, tarix fanlari doktori, professor Ilyosiddin Gʻozi oʻgʻli Nizomiddinov, filologiya fanlari doktori Abdusodiq Irisovlar bilan hammualliflikda „Oʻrta Osiyolik qirq olim“ (1961), tarix fanlari nomzodi Quvomiddin Munirov va Abdusodiq Irisov bilan hammualliflikda „Toshkent tarixida baʼzi siymolar“ (1983), Quvomiddin Munirov bilan hammualliflikda „Alisher Navoiy qoʻlyozma asarlari katalogi“ (1970), filologiya fanlari nomzodi Hamidulla Hikmatullaev bilan hammualliflikda „Ali Qushchi“ (1964) va „Ahmad Fargʻoniy“ (1968) nomli asarlar muallifi. „Oʻrta Osiyolik qirq olim“ va „Toshkent tarixida baʼzi siymolar“ asarida 70 dan koʻp olimlarning hayoti va ijodiy faoliyati haqida maʼlumotlar berilgan, „Alisher Navoiy qoʻlyozma asarlari katalogi“ asarida Navoiyning hayot davridan XX asr boshlarigacha koʻchirilgan 450 qoʻlyozma asarlari toʻgʻrisida muhim maʼlumot keltirilgan. Xattot sifatida toshkentlik tarixchi Muhammad Solih Qoraxoʻja oʻgʻlining „Tarixi jadidan Toshkand“ nomli qoʻlyozma asarini koʻchirgan. Mirzo Ulugʻbek haqida batafsil maʼlumot beruvchi 500 sahifali bibliografiya, Forobiy va Ibn Sinolarning hayoti va ijodiga oid 600 ga yaqin qoʻlyozma va nashrlar manbalar roʻyxati berilgan bibliografiyani tuzib chiqqan. 1964-yildan boshlab tarix, adabiyot, sanʼat va boshqa sohalarga oid maʼlumotlar mavjud boʻlgan „Qizil Oʻzbekiston“, „Sovet Oʻzbekistoni“, „Toshkent haqiqati“, „Toshkent oqshomi“, „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ gazetalarning 2600 nusxasini toʻplab, muqovalatib, maxsus mundarija yozib, institut qiroatxonasiga topshirgan[1].

„Hurmat belgisi“ ordeni, „Mehnat faxriysi“ medali bilan mukofotlangan[1].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 Oʻzbekistonning taniqli olimlari ensiklopediyasi, 2-tom (oʻzbekcha), Toshkent: Science and Innovation, 2023 — 383-bet.