Kontent qismiga oʻtish

Nurmon Abduvoy oʻgʻli

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Nurmon abduvoy oʻgʻlidan yoʻnaltirildi)

Nurmon abduvoy oʻgʻli (1862-yil, Kattaqoʻrgʻon tumani, Enamyaxshi qishlogʻi — 1940-yil) — oʻzbek xalq dostonchisi. Dehqon oilasida tugʻilgan. Qirq yoshida Abduxoliq baxshidan fotiha olib, mustaqil dostonchi sifatida el orasida taniladi. U hozirjavob baxshi boʻlgan. 20-asr boshlarida Samarqand atroflarida chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosatiga qarshi koʻtarilgan ommaviy harakat boshligʻi Namoz Pirimqul oʻgʻli haqida doston yaratib, xalq orasida kuylab yurganligi uchun Kattaqoʻrgʻon hokimi tomonidan qamoqqa olingan (1914). Jismonan mayib (shol) boʻlib, qamoqdan chiqqan Nurmon Abduvoy oʻgʻli doston kuylashni kanda qilmagan. Uni muxlislari yelkalarida koʻtarib, dostonchilik davralariga olib borishgan. U 20 dan ortiq anʼanaviy dostonlarni kuylab kelgan. Shoirdan „Kuntugʻmish“, „Orzigul“ („Abdulla kofir“), „Namoz“ (parchalar) dostonlari, „Chigirtka“, „Doʻmbiram“, „Ot“ singari termalar yozib olingan. Uning termalari „Oʻzbek folkloridan namunalar“ (1935), „Oʻzbek folklori“ (1939) toʻplamlarida nashr etilgan[1].

  1. Mirzayev, Toʻra. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil