Oʻrdakburun
Bu maqola vikilashtirilishi kerak. |
Oʻrdakburun – oʻrdakburunsimonlar oilasi, bir teshiklilar turkumiga mansub sut emizuvchi hayvon. Oilaning yagona turi. Tanasining uzunligi 30—45 sm, dumi 10—15 sm. Boshining uchida teri bilan qoplangan yassi muguz „tumshugʻi“ (uzunligi 6,5 sm ga yaqin) boʻladi. Suvga shoʻngʻiganida koʻzi va quloq teshigi teri burmalari bilan yopiladi. Dumi yassi uzun, 5 barmoqli oyoqlarida suzgich pardalari bor. Tishlari faqat yosh hayvonlarda boʻladi; voyaga yetgan davrida ular oʻrnini muguz plastinka egallaydi. Juni yumshoq va qalin; orqa tomondan qoramtir qoʻngʻir, ostki tomondan kulrang tusda. Daryolar va boshqa suv havzalari qirgʻoqlarida va suvda yashaydi. Mayda suv hayvonlari bilan oziqlanadi. Urgʻochisi yilda 1marta suv havzalari qirgʻogʻida kovlangan iniga 1—2, baʼzan 3 ta tuxum qoʻyadi. Qimmatbaho moʻynasi uchun koʻplab ovlangan. Hozir ovlash man etilgan.
Oʻrdakburun-(lotincha „Ornithorhynchus anatinus“) tovushqon kattaligidagi hayvon boʻlib, u faqat Avstraliyaning sharqiy qismida va Tasmaniyada uchraydi. Uning boshida oʻrdaknikiga oʻxshash keng va uzun muguz tumshugʻi bor (tumshugʻining uzunligi 6 sm, kengligi esa 5sm uzunlikka yetshi mumkin), shu sababli unga shu nom qoʻyilgan. Oʻrdakburunning kallasi tanaga deyarli toʻgʻridan – toʻgʻri tutashgan boʻlib, boʻyni deyarli sezilmaydi. Yosh oʻrdakburunlarda sodda koʻrinishidagi tishlar boʻladi, ammo u voyaga yetgach tishlar yoʻqolib ketib, uning oʻrnini shoxsimon plastinalar egallaydi. Koʻzlari kichkina, tashqi quloqlari yoʻq. Ammo u juda yaxshi koʻradi va eshitadi. Oyogʻining barmoqlari orasida suzgich pardasi boʻlib, ana shu pardasi yordamida yaxshi suzadi. Oʻrdakburun tumshugʻi bilan suvdan har xil mayda umurtqasiz hayvonlarni sizdirib oladi. Voyaga yetgan oʻrdakburunning vazni 1 dan 2.4 kg gacha ogʻirlikda, uzunligi 30-45 kg, dumining uzunligi 10-15 sm uzunlikda boʻlishi mumkin. Oʻrdakburun yagona zaxarli sut emizuvchi hayvon hisoblanadi. Uning erkagining orqa oyogʻida zaxarli bezi boʻlib, bu bez oʻrdakburunning orqa oyogʻnining toʻpigʻida joylashgan suyakdan iborat pixiga ochiladi. Oʻrdakburun bu zaxarli pix yordamida oʻzini yirtqichlardan himoya qilishda va hududini boshqa erkak oʻrdakburunlardan tozalash maqsadida ishlatadi. Urgʻochi oʻrdakburunlarda pix va zaxar juda kichik va kam miqdorda boʻladi. Oʻrdakburunlar juda kamsuqum hayvonlar hisoblanishadi, ularni hatto juda koʻp uchraydigan hududlarda ham topish qiyin. Ular faqat erta tongda va kech tunda faollashadilar. Yevropaga keltirilgan oʻrdakburun tuxumini koʻrgan kishilar, dastlab uni soxta hayvon, yaʼni oʻrdakning tumshugʻi boshqa hayvonga tikib qoʻyilgan, degan fikrga kelganlar. Eng ajablanarlisi shuki, oʻrdakburun tuxum qoʻyib, uni bosib yotadi. Lekin tuxumdan chiqqan bolalarini sut bilan boqadi. Uning sut bezlaridagi soʻrgʻichlari boʻlmaganidan suti xuddi ter singari yungining sirtiga sizib chiqadi; bolalari ana shu sutni yalab oziqlanadi. Oʻrdakburunlar oʻzaro past qichqirish orqali „suxbatlashishadi“. Terisi yumshoq va mayin boʻlib, u juda sezgir nerv tomirlari bilan oʻralgan. Tanasi qalin, suv yuqtirmaydigan jun bilan qoplangan. U daryo qirgʻoqlarida, turli oqimli suv havzalarida va yil boʻyi suv bilan toʻla turadigan koʻllardagi uyasida yashaydi. Uyani asosan urgʻochi oʻrdakburun quradi. Uya asosan quruqlikda quriladi va u albatta suvga tutashtiriladi yoki unga yaqin quriladi. Uyaning uzunligi 9 dan 18 m gacha boʻlishi mumkin. Uyaning eng ichkari qismida urgʻochi oʻrdakburun yovvoyi oʻtlar va barglardan toʻshak yasaydi. Bu toʻshak unga tuxum uchun incha vazifasini oʻtaydi. Urgʻochi oʻrdakburun asosan ikkita, baʼzi hollarda toʻrttagacha tuxum qoʻyadi. Yangi tugʻilgan oʻrdakburun bolalarida jun boʻlmaydi. Ona oʻrdakburun bolalarini dumi yordamida bagʻriga bosib, ularni oziqlantiradi. Oʻrdakburunlarni ovlash qonun boʻyicha taqiqlangan boʻlsa-da, baʼzida ularni qiziquvchilar ovlab turadi va bu ularning kamayishiga omil yaratadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |