Gipodermatozlar
Gipodermatozlar, oʻqara - hayvonlar, asosan qoramollarda, qisman otlarda uchraydigan surunkali invazion kasallik. Oddiy teri osti (orqa miya) boʻkalari (Hypoderma bovis) va janub teri osti boʻkalari (qiziloʻngach soʻnasi) (Hypoderma lineatum) lichinkalari qoʻzgʻatadi. Parazitlar joylashgan organ va toʻqimalarning yalligʻlanishi, organizmning umumiy zaharlanishi, hayvonlar mahsuldorligining pasayishi bilan kechadi. Voyaga yetgan boʻkalar ariga oʻxshaydi, yil davomida bir marta avlod beradi. Urgʻochilari hayvonlarning terisi (juni osti)ga 800 tacha tuxum qoʻyadi. 3—5 kunda tuxumlardan chiqqan lichinkalar teri orqali hayvon organizmiga kirib, asosan orqa belda toʻplanadi. Oradan 2—3 oy oʻtgach, orqa miya kanaliga (N. bovis) va qiziloʻngachning chuqur qatlamiga (N. lineatum) yetib boradi. Yetilgan lichinkalar terida hosil qilgan oqma teshiklari orqali yerga tushadi, 2—3 kun oʻtgach, gʻumbakka aylanadi.
Belgilari: zararlangan hayvonlarning terisi ostida qattiq, oqmasi boʻlgan shishlar paydo boʻladi (150 tagacha). Davolash va oldini olish: kuzda, boʻkalar uchishi toʻxtaganidan keyin mollar 25—30 kun oraliq bilan ikki marta neotsidol, ektomin, ektofor, dikosafos kabi insektoakaritsidlar bilan choʻmiltiriladi yoki artiladi, bahorda xuddi shu preparatlar eritmalari bilan yoki xlorofosning 4% suvli eritmasi bilan ishlov beriladi. Boʻkalarning jadal uchishi davrida hayvonlarni dalada tunda boqish, kunduzi qorongʻi molxonalarda saqlash tavsiya etiladi, har 25—30 kunda insektitsidlarning suvdagi eritmalari bilan hayvonlarni artish (choʻmiltirish) lozim.
Hoshim Nurmamatov.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |