Kontent qismiga oʻtish

Oʻquv dasturi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Oʻquv Dasturidan yoʻnaltirildi)

Oʻquv dasturitaʼlim tizimidagi har bir oʻquv fanining mazmuni va oʻtilish tartibini, oʻquvchilar tomonidan oʻzlashtirilishi lozim boʻlgan bilim hamda koʻnikmalar hajmini belgilab beradigan rasmiy pedagogik hujjat. Oʻzbekistonda Oʻquv dasturi tegishli vazirliklar qoshidagi ilmiy metodik kengashlar tomonidan tasdiqlanadi. Har bir Oʻquv dasturi uqtirish xati, oʻquv fani mazmunining qisqa bayoni, oʻquvchilarning bilim va koʻnikmalariga qoʻyiladigan talablar singari 3 qismdan iborat. Oʻquv fanining maqsad va vazifalarini belgilab berish Oʻquv dasturining muhim belgisidir. Chunki ayni shu narsa yaratiladigan oʻquv darsligi muallifiga muayyan nuqtai nazarni tanlash, oʻqituvchiga esa pedagogik moʻljalni toʻgʻri belgilash imkonini beradi. Taʼlim amaliyotida Oʻquv dasturi yaratishning konsentrik (markazlashgan) hamda tizimli usullari bor. Konsentrik yoʻl bilan tuzilgan Oʻquv dasturida taʼlimning mazmuni yoki oʻquv materiallari oʻqitishning keyingi bosqichida yuksakroq darajada takrorlanishi koʻzda tutiladi. Boshlangʻich sinflarda oʻtiladigan oʻquv fanlari boʻyicha Oʻquv dasturlari shu usulda tuziladi. Tizimli usuldagi Oʻquv dasturlarida oʻquv materiallari fan mantigʻiga muvofiq soddadan murakkabga qarab ketma-ket joylashtiriladi. Maktabning boshlangʻich sinfdan keyingi bosqichlarida qoʻllaniladigan bu usulda ortiqcha takrorlarga yoʻl qoʻyilmaydi, har bir mavzuning oʻz oʻrnida oʻtilishi koʻzda tutiladi. Taʼlimning Oʻquv dasturi tomonidan belgilangan mazmuni darslik, oʻquv qoʻllanmalari, koʻrgazmali qurol va metodik tavsiyalarda toʻla namoyon boʻladi