Kontent qismiga oʻtish

Oʻsimliklar anatomiyasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Oʻsimliklar Anatomiyasidan yoʻnaltirildi)

Oʻsimliklar anatomiyasi — botanikaning oʻsimliklarning ichki tuzilishini oʻrganadigan boʻlimi. Oʻsimliklar anatomiyasining paydo boʻlishi mikroskopning kashf etilishi va 17-asr oxirida italiya biologi M.Malpigi hamda ingliz botanigi N.Gryu tomonidan ilk bor oʻsimlik toʻqimalarining mikroskopik tuzilishini oʻrganilishi bilan bogʻliq. Oʻsimliklar hujayralarini oʻrganib olingan natijalardan 19-asrda T.Shvann oʻzining hujayra nazariyasini ishlab chiqishda foydalangan. 19-asrning 2-yarmi va 20-asrning boshidan boshlab oʻsimliklar toʻqimalari, hujayralari va organoidlari ularning oʻsishi, rivojlanishi, ontogenez davomida ixtisoslashuvi hamda ular funksiyasi bilan qoʻshib oʻrganila boshlandi. Ana shu davrda Oʻsimliklar anatomiyasidan oʻsimliklar sitologiyasi ajralib chiqadi.Elektron mikroskopiya, metodologik asoslardan — evolyutsion taʼlimot va ekologik yondoshuv Oʻsimliklar anatomiyasini oʻrganish metodlaridan hisoblanadi. Oʻsimliklar anatomiyasi dalillaridan faqat biologiyada emas, balki agronomiya, texnika, tarix va arxeologiya (dendrologiya), shuningdek, farmatsevtika, oziq-ovqat, sellyulozaqogʻoz ishlab chiqarish, yogʻochsozlik sanoatida foydalaniladi (qarang Oʻsimliklar morfologiyasi).

Oʻsimliklarning ichki tuzilishi, asosan, yorugʻlik mikroskopi yordamida oʻrganiladi. Bu jarayonda yangi tekshirish usullari — polyarizatsiya, ultrabinafsha nurlar, lyuminessent va elektron mikroskopiya hamda tekshirishning gistokimyoviy usullari, rentgenostruktural analiz va boshqalardan ham foydalaniladi, Anatomik tadqiqotlar oʻsimliklarning kelib chiqishi, qishloq xoʻjaligi ekinlariga tashqi muhit taʼsirini aniqlash va boshqalar masalalarni hal qilishda muhim ahamiyatga ega.