Kontent qismiga oʻtish

Oʻsimliklarni himoya qilish instituti

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Oʻzbekiston oʻsimliklarni himoya qilish ilmiy tadqiqot instituti — oʻsimliklarni himoya qilish boʻyicha bosh muvofiqlashtiruvchi ilmiy markaz. 1958-yilda Butunittifoq paxtachilik institutining Oʻsimliklarni himoya qilish markaziy stansiyasi negizida tashkil etilgan. Toshkent viloyati Qibray tumani Salor shaharchasida joylashgan. institut faoliyatining asosiy yoʻnalishlari: oʻsimliklarni himoya qilishning yangi vositalarini qoʻllab, ekinlar va ulardan olinadigan mahsulotlarni zararkunandalar, kasalliklar va begona oʻtlardan himoyalashning samarali va zamonaviy texnologiyalarini ishlab chiqish; ekinlarning zararkunanda va kasalliklarga chidamli turlari va navlarini aniqlash; don ekinlari zararkunandalari, kasalliklari va begona oʻtlariga qarshi ekologik xavfsiz kurash choralarini, donni saqlash davrida zararkunandalardan himoya qilish texnologiyasini ishlab chiqish; respublikada va chet ellarda ishlab chiqarilgan zamonaviy insektoakaritsidlarni oʻrganish va sinash asosida samarador boʻlganlarini tanlab olish va ishlab chiqarishda foydalanish uchun tavsiya etish; gʻoʻza, bugʻdoy va sabzavot ekin maydonlarida uchraydigan begona oʻtlarga qarshi yangi gerbitsidlarni qoʻllash sharoitlarini aniqlash va qishloq xoʻjaligida qoʻllash usul va tartibqoidalarini tavsiya etish; zararli chigirtkalarning biologik va ekologik xususiyatlarini oʻrganish va ularga qarshi biologik va kimyoviy kurash choralarini ishlab chiqish va boshqalar. Institut tarkibida: 3 boʻlim (entomologiya, fitopatologiya, patent va joriy etish); 11 laboratoriya (texnika, moyli ekinlar va tut daraxti zararkunandalari; bogʻ, sabzavot ekinlari va dorivor oʻsimliklar zararkunandalarini oʻrganish; qishloq xoʻjaligi ekinlari zararkunandalari va kasalliklarini prognozlash; oʻsimliklarning kasallik va zararkunandalarga qarshi immunitetini oʻrganish; zararli chigirtkalarni oʻrganish va matematik modellashtirish; chet ellar bilan aloqalar va ilmiytexnika axboroti; iqtisodiyot va mexanizatsiya tadqiqotlari); Qoʻqon, Xorazm, Nukus, Qashqadaryo, Surxondaryo filiallari, Namangan qoʻriqxonasi bor. Institutga ajratilgan tajriba xoʻjaligi yer maydoni Qibray tumanida 14 ga, Fargʻona tayanch punkti (Bagʻdod tumani Ult arma qishlogʻi)da 65 ga. institut tashkil etilgandan boshlab, asosan, oʻsimliklarni zararkunanda, kasallik va begona oʻtlardan himoya qilishning uygʻunlashgan kurash choralarini ishlab chiqish muammolari boʻyicha izlanishlar olib bordi va gʻoʻzaning asosiy zararkunandalariga qarshi biologik kurash usulini ishlab chiqsi va ishlab chiqarish ga joriy etdi. Itt faoliyati S.A.Juravskaya, K.I. Mirpoʻlatov, B.G.Aleyev, V.V. Yaxontov, N.S.Mirpoʻlatova, N.G.Zaprometov, F.M.Uspenskiy, S.N. Alimuhamedov, N.M.Mahmudxoʻjayev, Sh.T.Xoʻjayev, F.A.Stepanov, S.B.Zapevalova, Z.Q. Odilov, I.S.Oʻrunov, T.K.Hasanov, K. Asanov, M.X. Komilova, E.L. Alxasyans, U.Rasulov, A. X. Hakimov, M.I.Rashidov va boshqalar olimlar bilan bogʻliq. Institutda 70 ga yaqin xodim, jumladan, 6 fan doktori, 23 fan nomzodi ishladi (2005). institut xodimlari tomonidan 39 ta ixtirolar qilingan va patent bilan himoyalangan. institut olimlari tomonidan oʻsimliklarni himoya qilishga oid ilmiy toʻplam, tavsiyanomalar, uslubiy qoʻllanmalar va boshqalar yaratildi. Institutda ixtisoslashgan ilmiy kengash va aspirantura bor. Ilmiy kutubxona faoliyat koʻrsatadi. Institut dunyoning yetakchi davlatlari (Rossiya, AQSH, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Shveysariya, Shvetsiya, Ukraina, Belarus, Qozogʻiston)dagi ilmiy muassasalar bilan ilmiy hamkorlik aloqalari oʻrnatgan.[1]