Kontent qismiga oʻtish

Oʻyin yuritkichi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Oʻyin yuritgichidan yoʻnaltirildi)

Oʻyin yuritkichi (Game engine) — Asosan videooʻyinlarni ishlab chiqish uchun moʻljallangan dasturiy taʼminot tizimi boʻlib, odatda tegishli kutubxonalar va qoʻllab-quvvatlash dasturlarini oʻz ichiga oladi. „Yuritkich“ terminologiyasi dasturiy taʼminot sanoatida qoʻllaniladigan "dasturiy taʼminot yuritkichi" atamasiga oʻxshaydi.

1980-yillarda shaxsiy kompyuterlarda standartlashtirishning yoʻqligi va xotira cheklovlari tufayli videooʻyin tuzish bir muncha qiyinchilik tugʻdirgan. Biroq, oʻsha paytdagi qiyinchiliklarga qaramay Infocom va Sierradan Z-Machine va SCI oʻyin yuritkichining ilk koʻrinishini ishlab chiqdilar. 1980-yillarda Incentive Software ilk uch oʻlchamli (3D) grafikani qoʻllovchi Freescape oʻyin yuritkichini ishlab chiqishni boshladi.

Rasman oʻyin yuritkichi atamasi 1990-yillarning oʻrtalarida oʻsha paytdagi mashhur boʻlgan otishma (shooter) oʻyin hisoblanmish id Software tomonidan 1993-yilda ishlab chiqilgan Doom video (kompyuter) oʻyini zamirida paydo boʻlgan. Oʻsha paytda IBM kompyuterlari keng taraqala boshlagan edi va tezkor protsessorlar hamda „murakkab“ dasturlash asoslari uch oʻlchamli oʻyinlarda soniyasiga 30 va undan ortiq kadrlar almashinuvi imkonini berdi. Doom uchun qoʻllangan oʻyin yuritkichining dasturiy taʼminoti tuzilishi shunday boʻlganki, u oʻyinning markaziy komponentlari (masalan, uch oʻlchamli (3D) model, obyektlar toʻqnashuvi, ovoz va boshqalar)ni hamda grafik resurslar, oʻyin muhiti, oʻyinchi malakasining shakllanishi, oʻyin qoidalarini oʻz ichiga olgan. id Softwareʼning Doom va Quake oʻyinlari shu qadar mashhur boʻldiki, boshqa videooʻyin ishlab chiquvchilar noldan boshlash oʻrniga id Softwareʼning dasturiy taʼminotning asosiy qismlarini litsenziyalashdi va uning asosida kichik oʻzgarishlar bilan yangi oʻyinlar yarata boshladilar. Ular faqatgina yangi grafika, qurollar, personajlar, oʻyin qoidalari va boshqalarni kiritardilar[1]. Quake oʻyin yuritkichi oʻndan ortiq loyihalarda qoʻllandi va videooʻyinlar sanoatining rivojlanishiga jiddiy turtki berdi.

Hamma narsada boʻlgani kab oʻyin yuritkichlari ham taraqqiy etib bormoqda. Misol tariqasida Quake oʻyini uchun qoʻllangan id Tech oʻyin yuritkichining taraqqiyot bosqichi

Keyinchalik 1998-yildagi Unreal (Unreal Engine oʻyin yuritgichi orqali tuzilgan) va 1999-yildagi Quake III Arena (id Tech 3 orqali tuzilgan) kabi oʻyinlar ushbu yondashuv asosida ishlab chiqilgan. Bunday texnologiyani litsenziyalash amaliyoti baʼzi oʻyin ishlab chiqaruvchilar uchun foydali qoʻshimcha daromad ekanligini isbotladi.

Oʻyin yuritkichlarining keyingi rivojlanishi oʻyinlar uchun modellarni tasvirlash (rendering) hamda oʻyin kechmishini yozish (scripting), badiiy dizayn va oʻyin saviyasida kuchli oʻzgarishlarga olib keldi. Shu tufayli hozirda oʻyin ishlab chiquvchi kompaniyalarda dasturchilar bilan bir qatorda rassom, dizaynerlarga boʻlgan talab ham yuqori.

Koʻpgina videooʻyin yuritkichi dasturiy taʼminotlari maʼlum bir platformada maʼlum bir oʻyinni yaratish uchun moʻljallangan boʻladi. Hatto eng umumlashtirilgan koʻp platformali yuritkichlar ham maʼlum bir janrdagi oʼyinlarni yaratishga javob beradi, masalan, otishma yoxud poyga oʻyinlari shular jumlasidandir. Shu nuqtayi nazardan, videooʻyin yuritkichi moʻljallanganidan boshqa oʻyin yoki platforma uchun foydalanilganda oʻsha videooʻyin yaxshi chiqmay qoladi.

Oʻyin yuritgichlari sanoatda

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻyin yuritkichi dasturiy taʼminotlarni ishlab chiqaruvchilar mijozlarga oʻz mahsulotlarini litsenziya asosida tarqatadilar. Oʻyin ishlab chiqarish sanoat boʻlgani kabi, ularni yaratuvchi videooʻyin yuritkichlarining ham sanoati shakllanib ulgurdi. Oʻyin yuritkichlar asosan oʻzining imkoniyatidan kelib chiqib narxlanadi va ularni toʻliq litsenziyasini xarid qilish yoki foydalanilganlik uchun obuna haqini toʻlash talab etiladi[2]. Unity hamda Unreal Engine hozirda oʻyin ishlab chiqaruvchilar uchun eng mashhur ikkita oʻyin yuritkichi boʻlib qolmoqda[3].