Oʻzbekiston xalqaro anjumanlar saroyi
„O‘zbekiston“ xalqaro anjumanlar sayroyi | |
---|---|
„O‘zbekiston“ xalqaro anjumanlar sayroyi old koʻrinishi | |
Umumiy maʼlumot | |
Manzili | Yashnobod tumani, Istiqbol koʻchasi, 1-uy[3] |
Shahar | Toshkent |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Qurilishi boshlangan | may 2008-yil[1] |
Qurilishi tugagan | iyul 2009-yil[2] |
Balandligi | |
Balandligi | 48 metr[4] |
Dizayn va konstruksiya | |
Meʼmor | „Tashgiprogor“ va „Poʻlat qurilma loyiha“ institutlari |
Quruvchi | „Neftgazmontaj“ qoʻshma korxonasi |
„Oʻzbekiston“ xalqaro anjumanlar saroyi — Toshkent shahrining 2200 yilligi munosabati bilan qurilgan muhtasham inshoot. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 5-iyundagi qarori asosida bunyod etilgan. Qurilish ishlari 2008-yil may oyida boshlanib, 2009-yilning iyul oyida yakunlangan. Saroy malakali poytaxt quruvchilari tomonidan bunyod etilgan. Saroyning ichki pardozi va jihozi Germaniya, tashqi tomon koʻrinishi Gretsiya mutaxassislari tomonidan amalga oshirilgan.
„Oʻzbekiston“ anjumanlar saroyida mamlakat miqyosida, shuningdek, eʼtiborli xalqaro tashkilotlar faoliyati doirasida turli-tuman tadbirlar, uchrashuvlar, tantanalar oʻtkaziladi. Saroy 9,5 ming m² dan ziyod maydonni egallagan. Uning 2200 oʻrinli bitta va har biri 300 oʻrinli 2 ta konferens-zali bor. Old qismini baland kolonnalar bezab turibdi. Tepasida balandligi 50 metr, diametri 52 metrli (53 metrli)[5] gumbaz oʻrnatilgan. Gumbaz ustida tinchlik va baxt ramzi boʻlgan laylaklar haykali oʻrnatilgan[5]. Tashqi bezagida zamonaviy qurilish materiallari, noyob oq marmar, oynadan keng foydalanilgan[6].
„Oʻzbekiston“ xalqaro anjumanlar saroyi 2009-yil 28-avgust kuni Toshkent shahri markazida qad rostladi.[7] Binoning ochilish marosimida Prezident Islom Karimov, ushbu saroyni: „xalqimiz bunyodkorlik salohiyatining yana bir ramzi“ — deb atadi.[5] „Oʻzbekiston“ xalqaro anjumanlar saroyining balandligi 48 metr. U 300 oʻrinli majlislar zali, 300 oʻrinli qabullar zali va 1800 oʻrinli anjumanlar zaliga ega.[8]
-
Anjumanlar saroyining 1-qavati
-
Anjumanlar saroyining 2-qavati
Binoning tavsifi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Saroyning fasadi ustunlar, sharqona oʻymakor naqshlar va Samarqanddagi Sherdor madrasasidagi osmon jismini takrorlovchi tasvir — Quyosh tasviri bilan bezatilgan. Binoga qora marmardan yasalgan uzun zinapoyalar orqali kiriladi, bino atrofida gulzorlar, daraxtlar va piyodalar uchun yoʻlaklar joylashgan yam-yashil maydon, favvoralar qurilgan[5].
Ushbu bino qurilishida 5000 dan ortiq arxitektorlar, loyiha menejerlari va malakali ishchilar hamkorlik qilgan[9].
Interyerda ajoyib taassurot hosil qilishga nafis materiallardan foydalanish orqali erishilgan. Devorlari marvarid, ganch va 1300 metrdan ortiq Swarovski devor gulqogʻozi bilan qoplangan. Qora daraxtdan yasalgan parketga yanada koʻrk berish uchun 32 tonnadan ortiq Carrara Arabescato va Sivic marmaridan foydalanilgan. Tabiiy shaklga ega gʻayrioddiy shiftda tikka boʻlmagan yorugʻlikdan foydalanilgani tufayli bino ichki qismi yanada mahobatli va balanddek taassurot qoldiradi. Oʻlchamlar mebelda ham aks ettirilgan. Umumiy hisobda oʻn sakkizta dumaloq ziyofat stollari, jigarrang-sargʻish rangdagi Walter-Knoll stullari va oʻn metr uzunlikdagi, biroz egilgan „prezident stoli“ oʻrnatilgan boʻlishiga qaramay, xona kengligicha qolgan.
Oq, qora va krem rangining kompozitsiyasi nozik qora daraxt bilan birgalikda juda yuqori darajadagi hashamat taassurotini uygʻotadi. Shu bilan birga, materiallar nafaqat eksklyuzivligi, balki funktsional jihatlari boʻyicha ham tanlangan. Masalan, mukammal xona akustikasiga erishish uchun ovoz izolyatsiyasiga ega qurilish suvogʻidan foydalanilgan.
Yoritish kontseptsiyasi birnecha diqqatga sazovor qismlardan iborat: har birining diametri 7 sm boʻlgan 1600 ta alohida toshdan iborat ikkita hashamatli Swarovski billur chiroqlari yorugʻlikning har bir nurini sindirib, barcha nihohlarni oʻziga tortadi. Samarali foydalanilgan tikka boʻlmagan yorugʻlik tabiiy shakllarning konturlarini bor boʻyi bilan namoyon qiladi va shu bilan birga bayramona va tantanavor ruh bagʻishlaydi. Osmondagi yulduzlar kabi porlashi uchun shiftga lampalar va chiroqlar oʻrnatilgan[10].
Qoʻshimcha maʼlumot
[tahrir | manbasini tahrirlash]Binoni koʻpincha „Xalqaro forumlar saroyi“, „Forumlar saroyi“ deb ham atashadi[11].
Banknotalarda tasvirlanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]22-avgust 2017-yildan boshlab Markaziy bank chiqara boshlagan, qiymati 50 ming soʻm boʻlgan banknotlarning orqa tarafi markazida „Oʻzbekiston“ anjumanlar saroyi binosi tasvirlangan[12][13].
-
50000 soʻmlik banknota orqa tarafida „Oʻzbekiston anjumanlar saroyi“ tasviri
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ https://shosh.uz/uz/o-zbekiston-anjumanlar-sayroyi/
- ↑ https://shosh.uz/uz/o-zbekiston-anjumanlar-sayroyi/
- ↑ https://uz.yellowpages.uz/korxona/ozbekiston-anjumanlar-saroyi
- ↑ http://mustaqillik.uz/pages/anjumanlar_saroyi
- ↑ 5,0 5,1 5,2 5,3 https://www.gazeta.uz/ru/2009/08/30/palace/
- ↑ Akromov, Akmal; Bobur, Alimov; Aminov, Murodjon. Toshkent Ensiklopediya. «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti, 2009 — 692-bet. ISBN 9789943070967. Qaraldi: 22-may 2022-yil. (Wayback Machine saytida 23-fevral 2020-yil sanasida arxivlangan)
- ↑ http://mustaqillik.uz/pages/anjumanlar_saroyi
- ↑ http://mustaqillik.uz/pages/anjumanlar_saroyi
- ↑ „arxiv nusxasi“. 2022-yil 23-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 23-may.
- ↑ „arxiv nusxasi“. 2022-yil 23-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 23-may.
- ↑ „arxiv nusxasi“. 2022-yil 23-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 23-may.
- ↑ https://www.gazeta.uz/oz/2017/08/14/50-ming-sum/
- ↑ https://www.norma.uz/oz/bizning_sharhlar/uzbekistonda_qiymati_50_ming_sum_bulgan_yangi_banknotlar_paydo_buladi