Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Oʻzbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasi — respublikadagi rassom, haykaltarosh, amaliy bezak sanʼati ustalari va sanʼatshunoslarni uyushtirgan ijodiy jamoat tashkiloti. 1932-yilda Oʻzbekiston rassomlar uyushmasi nomi bilan tashkil etilgan; 1997-yildan hozirgi nomda. Uyushmaning asosiy vazifalari: milliy tasviriy sanʼatning tarixiy qadriyatlarga asoslangan oʻziga xos anʼanalarini, koʻrgazmalar tashkil etishni rivojlantirish, yuksak saviyadagi badiiy asarlar yaratilishi uchun shartsharoitlar yaratish. Uyushmaga oʻz isteʼdodini namoyish etgan rassomlar, haykaltaroshlar, amaliy bezak sanʼati ustalari, tasviriy sanʼatga doir ishlari bilan koʻzga koʻringan sanʼatshunoslar aʼzolikka qabul qilinadi. Aʼzolarining gʻoyaviy-siyosiy va professional saviyasini oshirish, ular ijodini ommalashtirish (yigʻilishlar, ilmiy anjumanlar oʻtkazish, koʻrgazmalar uyushtirish va boshqalar)ga oid ishlar olib boradi, ijodiy faoliyatini uyushtiradi va moddiy taʼminlaydi. Oliy rahbar organi — Sʼyezd, sʼyezdlararo davrda — Boshqaruv. Uyushmada 1256 aʼzo bor, 14 ta shoʻba (rang-tasvir, mahobatli rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik, xalq amaliy sanʼati, amaliy bezak sanʼati, plakat, bezash sanʼati, miniatyura, sanʼatshunoslik, televideniye, kino va teatr rassomligi, dizayn, badiiy foto, yosh rassom va sanʼatshunoslar hamda faxriy ijodkorlar kengashi) ishlab turibdi (2005). Uyushmaga turli yillarda Oʻzbekiston xalq rassomlari I. Ikromov, R. Axmedov, J. Umarbekov, B. Jalolovlar rahbarlik qilganlar. 1997-yildan uyushma boshqaruvi raisi Tursunali Qoʻziyev.