Elektronika instituti
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi U. Orifov nomidagi Ion plazma va lazer texnologiyalari instituti — ilmiy muassasasi. Asosiy yoʻnalishlari emission elektronika va sirt fizikasi; ular elektron texnika, materialshunoslik (shu jumladan termoyadro va kosmik materialshunoslik), ilmiy asbobsozlik, mikrova nanoelektronika tadqiqotlariga qaratilgan. Institut Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutining elektronika boʻlimi asosida tashkil etilgan (1967). Institutga 1977-yilda uning asoschisi"Ubay Orifov" nomi berilgan. Institutda adsorbsiya va emissiya hodisalari, zarralarning oʻzaro taʼsiri nazariyasi, sirtda elektron va ion jarayonlari, oriyentatsiya hodisalari fizikasi, klasterlar fizikasi, yuqori kuchlanishli elektronika, elektroeroziya texnologiyalari, paxta fizikasi laboratoriyalari mavjud. Institutda 1988-yildan fizika va fizika-texnika sohasida yosh mutaxassislarni tayyorlashga moʻljallangan „Elektronika“ ilmiy oʻquv markazi faoliyat koʻrsatadi. Institutda atom va molekulyar zarralar va plazmaning qattiq jism sirti bilan oʻzaro taʼsiri natijasida sodir boʻladigan jarayonlar va hodisalar haqida yangi maʼlumotlar olish, shular qatorida kosmik fazoda qattiq jism sirti va hajmida, termoyadro reaktorining birinchi devori materiallarida yuz beradigan jarayonlarni modellashtirish, bu jarayonlarning qonuniyatlari va mexanizmlarini aniqlash, fundamental tadqiqotlar asosida yarim oʻtkazgich va konstruksion materiallar olish va ularga ishlov berishning ekologik toza ionnur va plazma texnologiyalarini ishlab chiqish, sanoatning turli sohalarida foydalaniladigan yangi turdagi asboblar va boshqalar muammolar ustida ilmiy tekshirish ishlari olib borildi. Xususan, qattiq jism sirtning ion sochilish spektroskopiyasiga asos boʻlgan tez ionlarning sirt bilan juft toʻqnashuvlari modeli (U.O. Orifov, A.X. Ayuxanov); kinetik ionelektron emissiyasi nazariyasi (E.S. Parilis, X. Kishenevskiy); potensial elektron emissiyasining chiqish ishiga bogʻliqligi va ragʻbatlantirilgan potensial ionelektron emissiyasi (U.O.Orifov, R. R. Rahimov, S. Gʻoipov, A. S. Baltenkov); koʻp razryadli ionlar bilan bombardion qilinayotgan dielektriklar va yarim oʻtkazgichlarning anomal toʻzgʻishida „kulon portlashi“ hodisasining oldindan aytib berilishi va tajribada tasdiqlanishi (E. S. Parilis, D. D. Gruich, R. R. Rahimov, S. N. Morozov); qattiq jism sirti bilan koʻp atomli zarralar oʻzaro taʼsirining dastlabki tadqiqotlari natijasida organik va bioorganik birikmalar sirtiy ionlanishi asosiy qonuniyatlarining aniqlanishi hamda sirtionizatsion massspektrometrlarining va gaz analitik asbobsozlikda yangi yoʻnalishning fizikkimyoviy asoslari yaratilishi (Oʻ.X. Rasulov, E. G. Nazarov); ikkilamchi klaster ionlarning monomolekulyar boʻlinish qonuniyatlarini va bu toʻzgʻigan klasterlarning energetik holatlari birinchi bor aniqlanishi (N X. Djemilev, Oʻ. X. Rasulov); metallarni molekulyar ionlar bilan bombardimon qilganda ularni koʻp atomli klaster ionlar koʻrinishida toʻzgʻishining anomal yuqori noadditivlik effekti (Oʻ.X. Rasulov, S. F. Belix); oʻrtacha va past energiyali atomlarning qattiq jism sirtidan sochilish nazariyasi (E. S.Parilis, N.Y.Toʻrayev, F.F.Umarov,V.X. Ferleger, A.A. Joʻraxolov); Oje effektining nazariy (E. S. Parilis) va eksperimental tadqiqotlari (A. A. Aliyev); lazer nurlanishi energiyasi uning 2, 3, 4, 5 garmoniklariga, shuningdek, parametrik toʻlqinlarga oʻzgartirishning chegaraviy samaradorligi nazariy asoslanishi va jahonda birinchi bor tajribada amalga oshirilishi (T.B. Usmonov, hamkorlikda) kabi muhim ilmiy tekshirish ishlari bajarildi. Institutda sanoat, xalq xoʻjaligi va qishloq xoʻjaligining turli tarmoqlari uchun yangi texnologiyalar va asbob-uskunalar yaratish borasida tadqiqot ishlari olib boriladi. Institutning muhim yoʻnalishlaridan biri paxta fizikasi, ekiladigan chigit olish texnologiyasi va mashinalarini yaratish bilan bogʻliq. Oʻzbekistonda tuksizlantirilgan urugʻlik chigitning deyarli hammasi Institutda ishlab chiqilgan texnologiya boʻyicha olinadi. Institutda 2 ta akademik, 6 ta fan doktori, 29 ta fan nomzodi bor. Institut faoliyati akademik U. Orifov, S. V. Starodubsev, M. S. Saidov, T. D. Rajabov, Oʻ. X. Rasulov, N. Toʻrayev va boshqalar olimlar nomi bilan bogʻliq.
Institut Germaniya, Fransiya, Avstriya, Italiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Yaponiya, Rossiya, Ukraina va boshqalar mamlakatlarning ilmiy tekshirish markazlari bilan yaqin ilmiy aloqa oʻrnatgan. Institutda turli xalqaro dasturlar doirasida 11CHTA5, IATO, MAGATE, SHAYU, SBSHGʻ, 8TS11 grantlari boʻyicha xorijiy ilmiy markazlar bilan, shuningdek, Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi ilmiytexnik kooperatsiya boʻyicha hukumatlararo kelishuv doirasida Germaniya imliy markazlari bilan hamkorlikda ilmiy tekshirish ishlari olib boriladi. Institut bazasida emission elektronika, fizik elektronika va boshqalar boʻyicha xalqaro hamda respublika miqyosida ilmiy anjumanlar oʻtkazib turiladi. Institut olimlarining baʼzi muhim ilmiy tekshirish ishlari Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan. (1967, 1996).[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |