Kontent qismiga oʻtish

Fizika-texnika instituti

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Starodubsev nomidagi Fizika texnika instituti — fizika va texnikaning ayrim sohalari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar ishlari olib boradigan ilmiy muassasa. SSSR Fanlar akademiyasi Oʻzbekiston filialining Fizikatexnika laboratoriya. asosida 1943-yil tashkil etilgan. 1967-yildan uning asoschilaridan biri SV. Starodubsev nomi bilan atalgan. Institutdagi yoʻnalishlar va laboratoriya.lar asosida 1956-yilda Yadro fizikasi instituti, 1967-yilda Elektronika instituti va 1993-yilda Materialshunoslik instituti tashkil qilinib, undan ajralib chiqqan. Institutdagi 10 ilmiy laboratoriya.da 4 yoʻnalish — yuqori energiyalar va kosmik nurlar fizikasi, yarimoʻtkazgichlar fizikasi, qattiq jismlar fizikasi va quyosh energiyasidan foydalanish muammolari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar ishlari olib boriladi. Institutda yuqori energiyalar va kosmik nurlar fizikasi sohasida — atmosferadagi elektronyadro jalalari kashf qilindi hamda ularning xususiyatlari oʻrganildi. Protonlarning yadroda kogerent difraksion dissotsiatsiyasi hodisasi jahonda birinchi boʻlib aniqlandi.

Yarim oʻtkazgichlar fizikasi sohasida — kondensirlangan qattiq materiallarda charchashdan shikastlanish boshlangʻich jarayenlarining qanday kechishi jahonda birinchi boʻlib oʻrganildi. Yarimoʻtkazgich xossasiga ega boʻlgan qattiq eritmalarning bir necha turi hosil qilindi va fizikaviy xossalari oʻrganildi. Oʻta yuksak chastota (OʻYUCH)li diodlar, yarimoʻtkazgichlarda tez kechadigan elektron jarayonlarni oʻrganish uchun moʻljallangan asboblar, tasvirni uzatuvchi fotodiod matritsalar, kremniy, litiyli detektor, yogʻdu diodlari, tenzodatchiklar va boshqa asboblar ishlab chiqildi.

Qattiq jismlar nazariyasi boʻyicha — galayonlanish nazariyasining variatsion uslubi rivojlantirildi va birinchi marta muayyan toʻlqinli optik solitonlar taʼsirlashuvlari hamda fluktuatsiyalar taʼsiridagi solitonlar dinamikasini oʻrganishga tatbiq qilindi. Fizika-texnika institutii.da quyosh energiyasida foydalanish sohasida keng ilmiy tadqiqotlar ishlari olib boriladi (qarang Geliotexnika, Gelioqurilma). Stirling dvigateli asosida ishlovchi quyosh energetika qurilmalari modullarining tajribaviy nusxalari yaratildi. Institutda 1965-yildan beri "Geliotexnika" jurnali nashr etiladi.

Institutda har yili 10 dan ortiq Xalqaro grantlar va shartnomalar boʻyicha ilmiy izlanishlar olib boriladi. Institut qoshida hamma 4 yoʻnalish boʻyicha aspirantura va 2 yoʻnalish boʻyicha doktorantura, doktorlik ilmiy darajasi berish huquqiga ega boʻlgan 2 ixtisoslashtirilgan kengash mavjud. Institutda 5 Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademik 17 fan doktori va 35 fan nomzodi faoliyat koʻrsatadi (2004). Institut faoliyati G.M.Avakyans, E.Adirovin, S.K.Azimov, U.O.Oripov, M.S.Saidov, S.V.Starodubsev, SU.Umarov, Gʻ.Yo.Umarov va boshqa olimlar nomi bilan bogʻliq.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil