Kontent qismiga oʻtish

Afrika-Osiyo gʻoʻzasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(O‘t g‘o‘zadan yoʻnaltirildi)


Afrika-Osiyo gʻoʻzasi (oʻt gʻoʻza; Gossypium herbaceum L.) — madaniy gʻoʻza turi. Birinchi marta K. Linney taʼriflab bergan (1753). Qadimdan Oʻrta asrlarda Afrika-Osiyo gʻoʻzasi Gʻarbiy Afrikaning Atlantika okeani sohillaridan Xitoyning Shim viloyatlarigacha tarqalgan. Oʻzbekistonda XIX asr oxirigacha asosan Afrika-Osiyo gʻoʻzasi populyatsiyalari ekilgan. Bu o`simlik oʻrtacha buta, tuklar bilan qoplangan (ba'zan tuksiz boʻladi). O`suv shoxlari uzun; hosil shoxlari esa 4-5 boʻgʻimli. Barglari oʻrtacha kattalikda, och yashildan qizgʻish ranggacha, 3-7 boʻlakli. Gullari oʻrtacha kattalikda, gul-barglari sariq. Koʻsaklari 3-4 chanoqli. Tolasi kalta, dagʻal, oq yoki qoʻngʻir, tolasining uzunligi 15 mm dan 25 mm gacha. Oʻsish sharoiti turlicha boʻlishi tufayli Afrika-Osiyo gʻoʻzasi keng polimorfizmga ega. Afrika-Osiyo gʻoʻzasining barcha formalari F. M. Mauyer sistemasi boʻyicha toʻrtta evolyutsion guruhlarga boʻlinadi: yovvoyi xillar; koʻp yillik ruderal va madaniy xillar; juda madaniylashgan, nisbatan tezpishar tropik xillar; tezpishar, hosil shoxli subtropik xillar. Paxtasining tola uzunligi va texnologik koʻrsatkichlari boʻyicha oʻrta tolali gʻoʻzalar tolasidan past turadi. Ulardan quyi nomerli iplar yigiriladi, ogʻir, shu jumladan issiq gazlamalar ishlab chiqarishda foydalaniladi (qarang Gʻoʻza).

  • Mauyer F. M., Gʻoʻza, 1-t., T., 1957;
  • Ter-Avanesyan D. V., Xlopchatnik, L., 1973.