Kontent qismiga oʻtish

Oksidlanish zonasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Oksidlanish Zonasidan yoʻnaltirildi)

Oksidlanish zonasi (geologiyada) — sulfidli konlarning yer yuziga yaqin qismini oʻz ichiga olgan va yer osti suvlari sathidan yuqorida joylashgan qismi. Oksidlanish zonasida yer yuzasidan chuqurroq qatlamlarga oʻtayetgan suv va unda erigan kislorod, karbonat angidrid va kislotalar taʼsirida turli minerallar yemirilib, muayyan sharoitda past bosim va temperaturaga mos yangi kristalli va kolloid birikmalar hosil boʻladi. Bu birikmalar kimyoviy tarkibi jihatidan yemirilayotgan mineral va jinslarga yakin boʻlib, kislorod va suv molekulasining koʻpligi bilan ajralib turadi.

Oksidlanish zonasi uchun turli gillar, temir va marganetsning kislorodli va suvli birikmalari turgʻun hisoblanadi. Mazkur zonada oltingugurtli metall rudalari hamda oltingugurt, tuz va toshkoʻmir konlari tez oʻzgaradi. Bunda metallarning sulfidli birikmalari oksid, gidroksid, karbonat, sulfatlar bilan oʻrin almashadi. Oltingugurt oʻrnida alunit va gips uyumlari hosil boʻla-di, tosh tuzi qatlamlari boʻlgan joyda gips toʻplanadi. Oksidlanish zonasi yer yuzasidan grunt suvlarigacha, odatda, bir necha m dan yuzlarcha m gacha boʻlgan joyni egallaydi. Oksidlanish zonasi geologiyasi va mineralogiyasini oʻrganish temir va marganets rudalari, boksit, turli gillar va boshqa foydali qazilma boyliklarni topish va razvedka qilishda muhim ahamiyatga ega.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil